Payariqdagi ichimlik suvi muammosiga yechim bormi?
Bu haqda viloyat Kengashi sessiyasida aytilgandi
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, xususan, chekka mahalla va qishloqlarda markazlashgan ichimlik suvi tarmoqlarini qurish keyingi yillardagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Payariq tumanida ham aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida ancha ishlar amalga oshirildi. Biroq ayrim mahallalarda yashovchi aholi tomonidan yangi artezian quduqlardan chiqayotgan suvning ichishga yaroqsiz ekanligi haqidagi murojaatlar ko‘payib qoldi. Hatto bu muammo xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida ham ko‘tarildi.
O‘tgan yili viloyat hokimi E.Turdimovning tumanda aholi muammolarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan qabulida Boshcho‘rosh va Guliston mahallalari fuqarolari yangi suv nasoslari o‘rnatilganidan biroz vaqt o‘tib, yana ichishga yaroqsiz suv chiqarayotgani haqida murojaat qilgan edi. Mazkur shikoyatlar «Samarqand suv ta’minoti» MChJ mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda Boshcho‘rosh mahallasidagi suv inshooti qurilgandan so‘ng oradan biroz vaqt o‘tib, suvning qattiqligi darajasi o‘zgarib ketgani aniqlangan.
Boshcho‘rosh mahallasida bo‘lganimizda yangi suv inshooti ishlamayotganini ko‘rdik. 2,5 kilometrga tortilgan tarmoqda suv yo‘q. Hududda 15 ta umumiy foydalanishdagi suv (kolonka) kranlari o‘rnatilgan bo‘lib, aksariyati singan yoki jo‘mraklari olib tashlangan ekan.
- Yangi suv inshooti o‘rnatilganida ko‘p yillik suv muammosi hal bo‘lganidan juda xursand bo‘lgan edik, - deydi Boshcho‘rosh mahallasi raisi Sharofiddin Shaymanov. - Oradan 6 oylarcha vaqt o‘tganidan so‘ng suvning tarkibi o‘zgarib, sho‘rlanish boshlandi. Shundan so‘ng aholi «Samarqand suv ta’minoti» tuman filiali bilan shartnoma qilishni xohlamadi. Suvchilar esa ortiqcha xarajat qilishdan qochib, nasosni o‘chirib qo‘yishdi. Hozirda aholi o‘z xonadonidagi quduq suvidan ichyapti.
Mahallaning 178 xonadoniga suv yetkazib berishga mo‘ljallangan mazkur suv inshootida 110 metr chuqurlikda artezian qazilgan, ammo ayni vaqtda ishlamasdan turibdi. Aholi esa ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalmoqda.
- Qo‘shni Sohibkor qishlog‘ida sobiq ittifoq davridan qolgan eski suv inshooti bor edi, - deydi Boshcho‘rosh mahallasida yashovchi Farhod O‘sarov. - Ko‘p yillar davomida shundan suv ichib kelganmiz. Biroq 25 yildan buyon motori ishdan chiqib, suv bermay qo‘ydi. Ana shu inshootni qayta ishlatish masalasini ko‘rish kerak. Chunki uning suvi toza va sifatli edi. Eski inshoot bilan oramizdagi 800 metr masofaga quvur tashlab, yangi qurilgan tarmoqqa ulab berilsa, yaxshi bo‘lardi.
Mutaxassislar fikricha, vaqt o‘tishi bilan yer ostidan olinayotgan suvning ham tarkibi o‘zgarib turadi. Shuning uchun suv tarkibini har oyda bir marta tekshirib, bakteriyalarning holati, yerning sho‘rlanish darajasini o‘rganish lozim. Agar xulosalar yaxshi chiqmasa, suvni maxsus moddalar yordamida zararsizlantirib, so‘ngra mahallalarga yetkazib berish zarur.
- Maxsus laboratoriyaning dastlabki xulosalariga ko‘ra, mazkur suv nasosidan chiqqan suvning qattiqligi 8 daraja bo‘lgan edi, - deydi «Samarqand suv ta’minoti» tuman filiali direktori Husniddin Sayfiyev. - Aholi 6 oy davomida shu suvdan ichib turdi. Ular bilan shartnoma tuzamiz deganimizda aholi bu suvning qattiqligini aytib, bitim tuzmadi. Hozirda bu mahallaning korxonamizdan 6 million so‘mdan ziyod qarzi bor. Aholi suv qattiq ekan, deb o‘z hovlisidagi qo‘lbola kran va quduqlardan foydalanib kelmoqda. Shunday bo‘lsa-da, maxsus mashinalarda haftada bir marta ichimlik suvi yetkazib beryapmiz.
- Yangi qurilgan inshootdan chiqayotgan suvning sifati yomonlashib ketgan, - deydi «Samarqand suv ta’minoti» AJ bosh muhandisi Tolib Siddiqov. – Qo‘lbola kranlardan olinayotgan suvning qattiqligi darajasi ham 15-16 darajaga yetgan. Bu ichishga mutlaqo yaroqsiz hisoblanadi. Bunga asosiy sabab yer ostida turli minerallar va tuzning haddan tashqari ko‘pligi, suvning sho‘rlanishidir. 110 metr chuqurlikdan chiqayotgan suvning sifati ham 11 darajani ko‘rsatmoqda. Bu ham texnik suv hisoblanadi. Ayni vaqtda ichimlik suvi va filtrlar bo‘yicha ishlaydigan mutaxassislar bilan kelib o‘rgandik va inshootga maxsus tozalovchi uskunalar o‘rnatishga qaror qildik. Tez kunlarda Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy filtrlar olib kelib o‘rnatamiz.
Tumanning Guliston mahallasidagi Tepalik qishlog‘ida 2014 yilda qurilgan suv inshootidan chiqayotgan ichimlik suvi qattiq va sho‘rligi tufayli aholi turli kasalliklarga chalinayotganligi to‘g‘risida murojaatlar bo‘lgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilda viloyat hokimining tashabbusi bilan mazkur qishloqda yangi suv inshooti qurilib foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda mazkur suv inshooti qishloqdagi 140 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan ta’minlamoqda.
- Bir necha yildan buyon quduqlarimizdan sho‘r suv chiqqanligi sababli ichimlik suvi masalasi biz uchun asosiy muammo edi, - deydi Tepalik qishlog‘ida yashovchi Asatullo Nasrullayev. – Viloyat hokimiga murojaatimizdan so‘ng investitsiya mablag‘lari asosida yangi suv inshooti qurib berildi. Barcha xonadonlarga toza ichimlik suvi yetib bordi.
Biroq qishloqdagi xonadonlarda quduq yoki qo‘lbola kranlar bor. Suvi ichishga yaroqsiz bo‘lgani uchun aholi faqat chorva mollari va tomorqasini sug‘orishga ishlatadi. Hozirgacha 78 ta xonadon va «Samarqand suv ta’minoti» o‘rtasida ichimlik suvi bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
Toza ichimlik suvi masalasi asosiy muammomizga aylanmoqda. Suv resurslarining kamayishi va tanqisligidan tegishli xulosalar qilib, suvni tejash va ratsional ishlatishni o‘rganishimiz zarur. Kundalik hayotimizda suvni behuda, maqsadsiz isrof qilishga chek qo‘yishimiz kerak.
Dilmurod To‘xtayev.