Payariqda drayver loyihalar nega kechikmoqda?

2024 yil 20 dekabrda Prezidentimizning “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi.
Unga ko‘ra, 2025 yilda “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida drayver loyihalar shakllantirilgan.
Xalq deputatlari Payariq tumani Kengashining 2025 yil 28 fevraldagi qarori hamda tuman hokimligining taklifiga asosan, 1-bosqichda 3 ta loyiha uchun respublika byudjetidan 5,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ammo drayver loyihalar infratuzilmasi uchun respublika byudjetidan pul ajratib berilishiga qaramay, loyihalarni ishga tushirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Jumladan, Navbahor mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Bulung‘ur arig‘ining 1 kilometr qismida suv o‘zani o‘zgarishi natijasida hosil bo‘lgan 1,2 gektar yer maydonidagi orolchani zarur infratuzilma bilan ta’minlash (1 kilometr elektr tarmog‘i tortish, 1 ta TP, 40 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish, 1 ta ichimlik suvi inshooti, 1 kilometr suv tarmog‘i tortish, 1 kilometr yo‘lni asfaltlash, 700 metr lotok o‘rnatish va kanalning 2 kilometr qismini betonlashtirish) orqali savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish belgilangan.
Bugungi kunda sohil bo‘yi uchun 1 kilometr yo‘l asfalt qilingan bo‘lsa-da, yengil konstruksiyali 6 ta mehmon uyi, 15 ta shiypon, 10 ta o‘tov hamda 8 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanmagan. Do‘stlik mahallasi hududidagi hokimlik zaxirasida turgan 2,5 gektar yer maydonini (4 ta lot) zarur infratuzilma bilan ta’minlash (4 kilometr elektr tarmog‘i tortish, 1 ta TP, 1 ta ichimlik suv inshooti o‘rnatish, 400 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortish, 3 kilometr tuproq yo‘lni shag‘allashtirish) natijasida qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Biroq bugungi kunda 2,5 gektar yer maydoni hokimiyat zaxirasiga olinmagan hamda toifasini o‘zgartirish bo‘yicha biror bir ish bajarilmaganligi sababli bu loyihani amalga oshirishning imkoni yo‘q. Loyiha boshlangan deb vaj qilib ko‘rsatilayotgan sanoat loyihasi tanlangan hududdan 2,5 kilometr masofa uzoqlikda joylashgan. Shuningdek, 3 kilometr masofadagi tuproq yo‘lning shag‘allashtirish uchun tanlangan yo‘l sanoat loyihalariga umuman aloqasi yo‘q. Bunday holatda infratuzilma uchun ajratilgan 1,5 milliard so‘m pul mablag‘lari maqsadsiz ishlatilishi mumkin.
Boshcho‘rosh mahallasi hududidagi “Samarqandbaliqsanoat” MChJga qarashli 440,6 gektar baliqchilik maydonini zarur infratuzilma bilan ta’minlash orqali tadbirkorlik sub’yektlariga uzoq muddatli ijara shartnoma asosida baliq yetishtirish, ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish maskanlari tashkil etish belgilangan. Hozirda zarur infratuzilma bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish maskanlari tashkil etish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Hududda obodonlashtirish ishlari olib borilmagan.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratilib, byudjetga qo‘shimcha 3,5 milliard so‘m mablag‘ tushishi rejalashtirilgan. Xo‘sh, tumanda ushbu loyihalarning ishga tushirilishi nega kechikyapti?
- Tumanning rivojlanish nuqtasini topish maqsadida malakali mutaxassislar, tajribali insonlar bilan birgalikda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish aholi bandligini ta’minlash yo‘llarini o‘rganib, muhim qarorga keldik, - deydi tuman hokimi Isroil Jabborov. – Shu maqsadda drayver loyihalarning birinchi bosqichida 3 ta mahallani tanlab olganmiz.
Do‘stlik mahallasi 20 ming gektardan ortiq hududni qamrab oladi va asosan chorvachilik, uzumchilikka ixtisoslashgan. Bundan 4-5 yil oldin mahalla hududidagi Ingichka qishlog‘ida tomchilatib sug‘orishga mo‘ljallangan 2 ming gektarli yangi uzum bog‘i yaratilgandi. Mahalliy aholi uzumchilik bilan shug‘ullangani sababli davlat tomonidan juda katta resurs ajratilgan. Shu bois biz quruq mevani qadoqlash loyihasini amalga oshirish uchun dastlab Ingichka bog‘ining yuqori qismini tanlagandik. Mutaxassislar kelib o‘rganib, bu yerda yerosti suvi yo‘qligi to‘g‘risida xulosa berdi va shundan so‘ng shu mahalladan chiqmagan holda loyihani uzumzorning yuqori qismidan pastki qismiga ko‘chirishga majbur bo‘ldik. Buning uchun joriy yil 27 aprelda tashabbuskor tadbirkorlarni topdik. Hozirda o‘sha tadbirkor o‘ziga tegishli yerda binolarni qurib foydalanishga tayyor holga keltirdi. Reja bo‘yicha loyihani noyabr oyida topshirish belgilangan, lekin biz bu loyihani sentyabr oyida ishga tushirishni maqsad qilganmiz.
Boshcho‘rosh mahallasidagi ikkinchi loyihamiz 25 million kub metr suv sig‘imiga ega Qorasuv suv omborining pastki qismidagi 500 gektarlik maydon va uning 240 gektari hovuzlardan iborat. Suv havzalari “Baliqsanoat” MChJga qarashli bo‘lsa-da, yillar davomida samarasiz, ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgan, lekin katta imkoniyatli nuqta.
Prezidentimiz Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi. Biz ushbu mahallani shu yo‘nalishda rivojlantirish bo‘yicha taklif bergandik. Shundan so‘ng loyiha rahbariyat tomonidan nazoratga olindi. Ikkinchi qadamimiz esa drayver loyihaga kiritdik. Xo‘sh, nima o‘zgardi? Avval, yo‘l infrastrukturasi yo‘qligidan borish imkoni bo‘lmagan, qatnovi past bo‘lgan mahalla yo‘lining 2 kilometr qismi respublika byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan asfaltlandi, natijada qatnov oshdi. Yo‘lning qolgan qismida o‘zimizning ichki imkoniyatlarimizdan kelib chiqib kichik ta’mirlash ishlarini olib boryapmiz. Tadbirkorimiz ham Xitoydan baliqlarni avtomatik oziqlantirish uskunalarini olib keldi va buning natijasida baliq ko‘paytirish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, tadbirkor o‘ziga tegishli yo‘llarni tekislab, kichik shiyponchalar qurdi, aholining dam olishi uchun sharoit yaratmoqda.
Uchinchi loyihaga kiritilgan Navbahor mahallasini tanlashimizga sabab hududda Ko‘ktepa tepaligi bor. O‘rganishlarga ko‘ra, bu tepalik tarixi 3 ming yilga borib taqalyapti. Bu esa hududga sayyohlarni jalb qilish imkonini beradi. Shu jihatlar va mahalladan Bulung‘ur arig‘i o‘tganligi, tabiiy manzarani inobatga olib, ariqning o‘ng va chap tomoniga aholi dam olish maskanlari tashkil qilish taklifi qabul qilindi. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbarlari bilan joyni o‘rganib, shartnoma tuzildi va tadbirkor ishni boshladi.
Ko‘rsatilgan barcha loyihalarni ishga tushirish uchun noyabr oyigacha muddat belgilangan. Lekin biz loyihalarni o‘z vaqtida, sifatli topshirishga kafolat beramiz.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.