Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Muammoni tan olsakkina, uni bartaraf eta olamiz

Jamiyat savodsiz mutaxassisdan qanchalik aziyat chekishi mumkinligini isbotlashning hojati yo‘q. Qo‘lida “diplom”i bor, oliy ta’limda 4 yoki 6 yil umri bekor o‘tgan kishi qaysi sohada, qaysi tizimda bo‘lmasin, baribir unga bir naf keltirmaydi. Aksincha, yaxshi mutaxassis chiqishi mumkin bo‘lganning o‘rnini band qiladi, xolos.

Jamiyatda korrupsion vaziyatni keltirib chiqaruvchi illatlar bo‘ladi. Bular muammoning asosi, negizi, ya’ni oqibatni keltirib chiqaruvchi sabablardir. Biz avvalo, o‘sha sabablarni tan olib, uni yo‘qotishga harakat qilishimiz lozim.

Oliy ta’limga qabulni bu illatdan tozalashga erishdik. Qabul jarayonlari shaffof, ochiq va adolatli tarzda olib borilyapti. Endi o‘quv jarayonlarida yillar mobaynida shakllanib bo‘lgan “korrupsion sxema”ni ildizi bilan quritishga harakat qilishimiz kerak. Davlat xizmatchisi bo‘ladimi, oliy ta’lim mutasaddisimi yoki oddiy fuqaro, bu jarayonlarga hamma daxldor.

Misol uchun, talaba darsga kelmaydi. Darsga kelmagach, uni o‘zlashtirolmaydi. Ammo bahosini olishi kerak vaziyatda u qulay, odat tusiga kirgan “ish”ni qiladi. Oliy ta’limdagi ayrim “ustozlar” shunga qo‘nikkan. Demak, “qars ikki qo‘ldan chiqadi”. Jamiyatda har kim o‘z vazifasini bajarishi lozim - talaba o‘qisin, ustoz dars bersin.

Prezidentimiz oliy ta’limga alohida e’tibor qaratib, professor-o‘qituvchilarning ish sharoitlarini, oylik maoshlarini yaxshilashga harakat qilmoqda. Bugun  professor, fan doktorlari 7 million so‘m, fan nomzodlari, dotsentlar 5-6 million so‘m, assistentlar 4,5 million so‘m oylik maosh oladi. Davlatimiz rahbari va’dasiga ko‘ra, hukumat qarori bilan maoshlar bir yil mobaynida 3 marta oshirildi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ikki yillik qisqa muddatda qishloq xo‘jaligi va veterinariya sohasi bo‘yicha sifatli mutaxassis kadrlar tayyorlashga harakat qilyapmiz. Ammo yillar mobaynida himoya qilingan ayrim magistrlik dissertatsiyalari, bakalavrlik diplom himoyalarida ko‘chirmakashliklarga yo‘l qo‘yilgan holatlar aniqlandi. Malaka amaliyotlari shunchaki, xo‘jako‘rsinga o‘tkazilganligi holatlari qayd etildi. Bu juda achinarli. Rahbariyat,  boshqaruv tizimi va strukturasi, yana ko‘p narsalar o‘zgarganligi uchun jamoada noroziliklar, turli yuqori turuvchi mutasaddi tashkilotlarga “yozuv-chizuv”lar, murojaatlar ko‘payganini ham tan olamiz. Buni to‘g‘ri qabul qilishni ham o‘rgandik. Xalq, Prezident bizga ishonyaptimi, bu ishonchni oqlashimiz zarur.

Nafaqat oliy ta’lim, balki jamiyat hayotining mavjud jabhalarini korrupsiya illatidan tozalashga barchamiz mas’ulmiz.

Xudaynazar YuNUSOV,

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, biologiya fanlari doktori, professor.