Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutaxassis taklif qiladi: Amir Temur arki va Samarqandning mudofaa devorini qayta qurish lozim

Bugun nafaqat Samarqand shahri, balki butun respublikamizdagi  shahar va qishloqlar ulkan qurilish maydoniga aylangan. Qurilishlar tufayli yurtimiz kundan-kunga chiroy ochib, yangi mazmun kasb etib bormoqda.

Me’morchiligimizning qaysi sohasini olmang, ulardagi o‘ziga xos me’moriy yechimlar, binolar turkumini ko‘ramiz. Ya’ni, binolar alohida-alohida tarzda emas, balki me’moriy ansambllar va majmualar tarzida qurilishi, imoratlardan tuzilgan zanjirni ko‘rib, ko‘zimiz, dilimiz yayraydi.

Samarqandda qurilayotgan har bir bino (bu albatta, boshqa shaharlarga ham xos) o‘z ostonasiga, o‘z vujudi va badiiy tugallik qismlariga ega. Ularning o‘zaro mutanosibligi binolarning vizual arxitekturaviy yaxlitligini tashkil etmoqda.Shaharining har bir go‘shasi, ko‘cha hamda maydonlari, bino va inshootlar ko‘lami inson qomatiga, masshtabi, fikri-zikriga mos va uyg‘un. Piyoda yurgan inson atrof-muhit mujassamligi, ekologiyasi, tozaligi, shahar landshafti va orastaligi bilan huzur qiladi, halovat oladi.

Sobiq ittifoq davrida hamma binolarni bir xil tipovoy loyihalar asosida qurish davlat siyosatiga aylangandi. Har yili yangi yil oqshomida ko‘rsatiladigan “Taqdir hazili yoki qushday yengil bo‘ling” kinofilmini eslang. Unda o‘sha davr arxitekturasidagi bir xillik yaqqol aks ettirilgan. Uyning arxitekturasi ham, qulf-kaliti hatto mebellari ham bir xil.

Ammo bugun Prezidentimiz qurilayotgan har bir bino boshqasiga o‘xshamasligini, boshqasining arxitekturasini o‘zida takrorlamasligini, ayni paytda ularning foydalanishga qulay bo‘lishi, mahalliy qurilish va iqlim sharoitlari, milliy me’moriy an’analar va qadriyatlarimizning e’tiborga olinishini talab qilmoqda.

 Tan olish kerak, Samarqandning tarixiy qismi hududida sobiq ittifoq davrida qurilgan ayrim binolar, jumladan, Dahbed ko‘chasining “Afrosiyob” mehmonxonasi yonidagi chorrahadan boshlanadigan qismida, o‘ng tomonidan ko‘prikkacha ketma-ket joylashgan 2 va 3 qavatli eski yotoqxonalar hozirgi davr arxitekturasining badiiy talablariga yarashmay qolgan. Bular tarixiy shaharning zamonaviy shahar bilan bog‘lanish chegarasida joylashgan bo‘lib, ularni “Afrosiyob” mehmonxonasida dam olayotgan har qanday sayyohning diqqatini tortmasdan iloji yo‘q. Mazkur ko‘chaning quyi qismi, ya’ni ko‘prikdan sobiq bank kollejigacha qismi ozmi-ko‘pmi tartibga tushirildiyu, sayyohlar ko‘ziga tashlanadigan qismi nochor ahvolda, ya’ni, Samarqand shahri arxitekturasi uchun qusurdir. Biz bu imoratlarni buzib yuborish tarafdori emasmiz. Biroq ularning hech bo‘lmaganda fasad qismini zamonaviy ko‘rinishga, an’anaviylik va zamonaviylik arxitekturasining sintezi usulida ishlasa bo‘ladi.

Yana bir fikr. Aynan Dahbed ko‘chasining chap tomonida Sohibqiron Amir Temur davrida uning ark-qal’asi bo‘lgan. Hozirda undan faqat o‘rni qolgan xolos. O‘tgan asrning 70-80 yillarida arxeologlar ushbu joydan o‘sha ark-qal’aning mudofaa devorlari, burjlari va hammom binosining qoldiqlarini topishgan. Hozirda ushbu joylarda hech narsa qurilmagan. Shundan foydalanib, o‘sha devorlar qoldiqlari o‘rniga Amir Temur arkining bosh darvozasini, ya’ni (uni Registon bilan bog‘lovchi asosiy darvozasi) unga tutash bo‘lgan o‘sha mudofaa devorlari bilan qayta tiklasak, tarixiy shaharlardagi jahon me’morchilik madaniyatining eng yaxshi an’analariga mos tarzda ish qilgan bo‘lardi.

Ikkinchidan, Samarqand shahrining qadimiyligini, uning shohona arki bo‘lganligini jahon sayyohlariga namoyish qilgan bo‘lardik. Jahonning eng ilg‘or arxitektorlarining ham fikri xuddi ana shunday bo‘lganligini biz Samarqandda 1980 yilda Ulug‘bek madaniy markazini yaratish bo‘yicha  o‘tkazilgan xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlov takliflarida ham ko‘rgan edik.

Dahbet ko‘chasi boshlanadigan chorraha doim tirbandligidan nafaqat avtotransportlar, balki piyodalar uchun ham xavfli. Shunday ekan, ushbu chorrahada ko‘prik qurish orqali Universitet xiyobonini Registon maydoni bilan bog‘lansa piyodalar xavfsiz harakati ta’minlanardi. Bunday loyiha Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ishlab chiqilgan. Xuddi shunga o‘xshash ko‘prikni Amir Temur ko‘chasining Gagarin ko‘chasi bilan kesishgan chorrahasi uchun ham taklif etgan bo‘lardim. Taklif etilayotgan har ikkala ko‘prikning joyi ham ularni qurish uchun qulay relef sharoitiga ega, ya’ni shahar aholisi va sayyohlar uchun ancha qulay bo‘lardi.

Shaharning eski aroq zavodi hududidagi ochiq maydon, yashil xiyobonda ko‘p yillardan beri shahrimizga yetishmay kelayotgan “Samarqand hunarmandlar markazi” binosini qurishni taklif etaman. Biroq bu binoning arxitekturaviy va landshaft yechimi, kompozitsiyasi shunday bo‘lishi kerakki, u eski shahar muhiti bilan yangi shaharni bog‘lovchi, masshtabi va tashqi tarzi bilan atrof-muhit arxitekturasi va landshaftiga, ayniqsa, Amir Temur maqbarasi va Ruhobod obidalari hamda “Afrosiyob” mehmonxonasi me’moriy va landshaft yechimlariga hamohang va uyg‘un masshtablarda bo‘lmog‘i zarur. Ana shunday loyiha-taklif ishlab chiqilgan.

Albatta, ko‘pchilikda bunday bino ushbu hududga to‘g‘ri kelmaydi, degan fikrlar ham tug‘ilishi mumkin. Biroq biz yangi binoning shunday yechimini topganmizki, uni ko‘rib, bu fikrdan qaytishi aniq. Negaki, binoning balandligi Amir Temur maqbarasi va Ruhobod obidalariga soya solmaydigan, arxitekturasi esa ularga mos tarzda ishlangan. Bu albatta, bir taklif, biroq bosh qotirsa bo‘ladi.

Ahtam O‘ROLOV,

SamDAQI professori,

me’morchilik fanlari doktori.