Zelenskiyning Tramp vakillari bilan uchrashuvi davom etmoqda, u kelishuv taklif qildi
Kecha Berlin shahrida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh vakillari — AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi AQSh tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasi bo‘ldi. G‘arb ommaviy axborot vositalarining yozishicha, tomonlar Kiyevning Vashington takliflariga javobini muhokama qilgan. Xususan, The New York Times nashriga ko‘ra, Ukraina o‘z javobida mamlakat sharqida, ayni paytda Ukraina Qurolli kuchlari nazoratida bo‘lgan hududlar ustidan nazorat saqlab qolishni talab qilgan.
Ukraina tomonidan muzokaralarda Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov ham ishtirok etgan.
Shuningdek, Germaniya kansleri Fridrix Mers ham hozir bo‘lgan. Nemis nashrlarining ma’lum qilishicha, u qutlov so‘zlaridan so‘ng muzokaralarni tark etgan. Vazirlar mahkamasi yig‘ilishlar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda moderator sifatida kanslerning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gyunter Zauter qolgan.
Berlinda AQSh va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar besh soatdan ortiq davom etgani xabar qilindi. Uchrashuv chog‘ida Ukraina prezidenti G‘arb tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilishi evaziga NATOga a’zo bo‘lish kursidan voz kechishni taklif qildi. Gap taslim bo‘lish yoki «keskin burilish» haqida emas, balki agar Alyans Ukrainaga real himoya berishga tayyor bo‘lmasa, NATOga muqobil variantni topishga urinish haqida ketmoqda.
Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari bugun Berlinda davom ettiriladi. Boshqa takliflar mazmuni hozircha oshkor etilmayapti.