Zelenskiy 16 fevralni birlik kuni deb e’lon qildi. Bu sana Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkin bo‘lgan kun deb aytildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqqa murojaatida 16 fevralni davlat bayrami – Ukraina birligi kuni bo‘lishini ma’lum qildi: «Bizga 16 fevralni hujum kuni bo‘ladi deyishmoqda. Biz bu kunni birlik kuni sifatida nishonlaymiz. Tegishli farmon allaqachon imzolangan. Shu kuni davlat bayroqlarimizni osib, ko‘k va sariq lentalarni taqib, birdamligimizni butun dunyoga namoyish etamiz».

Zelenskiyning ta’kidlashicha, hozir Ukraina davlati “har qachongidan ham kuchli” va har qanday tahdidlarga dosh berishga tayyor.

Prezident shuningdek, hukumatga 24 soat ichida “Ukraina jamiyatini birlashtirish” rejasini tayyorlashni topshirganini aytdi. Jumladan, bunga harbiy xizmatchilar maoshlarini oshirish va odamlarni "xavfsizlikning haqiqiy holati to‘g‘risida" xabardor qilish uchun axborot platformasini yaratish kiradi.

Bir qator G‘arb OAVlar manbalarga tayanib, 16 fevral kuni Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlashi mumkinligini yozgan. Politico nashrining yozishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden NATO davlatlari vakillari bilan suhbatda 16 fevralni bosqin boshlanishining ehtimoliy sanasi deb atagan. Rasmiy ravishda Oq uy bu ma’lumotni tasdiqlash yoki inkor etishdan bosh tortdi.