Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mutolaa: Ajrim (hikoya)

Islom IBODULLA

Sayis egniga to‘rvasini ilib darbozadan kirganida, chetroqda qorajanjalning bir shingilini cho‘qilab o‘tirgan kenja Sulton jahd bilan o‘rnidan turdi.

- Muqash keldi, ota, - dedi. - Yaznam yana urgan ko‘rinadi, yig‘layapti…

Sayisning ko‘ngli xufton bo‘ldi: boshidan kulohini olib, kaftiga urib qoqdi. Ichkaridan urra sholro‘moliga burkanib Muqaddas chiqdi. Sayis qizining angorini fahm etdi: yig‘idan ko‘zlari g‘o‘radek shishgan. Muqaddas haliyam bir tarafda yumronqoziqday tik turgan kenja Sultonni borib quchdi. Yuz-ko‘zlaridan cho‘lpillatib o‘pdi. So‘g‘in otasiga yaqin kelarkan, o‘ksik salom berdi-yu darbozadan ko‘cha sari chiqdi.

Muqaddas ketdi. Ketdi-yu ortidan sayisning yuragiga bir qadar qutqu qoldirib ketdi. Ta’bi tirriq bo‘lib, xotiniga imo qildi. Xotin hali qizi chiqqan eshik kesakisida girdig‘um sumbatini ko‘rsatib: “Nima deysiz?” degandek qaqqayib turaberdi.

- Bahay?

- Tinchlik, o‘sha gap: kuyovning injiqligi!

Er to‘rvasini supa ustiga itqitdi. Xotin qaytib “g‘ing” demadi. Gapni kenja Sulton dona-dona qilib tugatib qo‘ydi.

- Kecha yaznamning gashtagi bo‘lganmish, ota. Jo‘ralari kulib: “Sayisning kuyovi qachon qo‘zilaydi?” deganmish. Yaznamning achchig‘i qo‘zib, janjal ko‘taribdi. Uyga qaytib, kechasi Muqashni ko‘chaga haydabdi: “Senlardan or qilaman!” deganmish. Keyin uni sayoq qoldirib, o‘zi Farog‘at satangga ketivoribdi.

- O‘chir, vaqillama, juvonmarg!

- O‘zing o‘chir, bola so‘z qo‘shmasa, indamaysan, it emgan xotin! Ha seni tuqqanning…

Sayis xotiniga o‘shqirdi.

Supaga cho‘kdi. Charm boshmog‘ini yechib, poyidan paytavasini shilib otdi. Biroz tek qoldi. Ichi yorimadi. So‘g‘in tomorqaning bir chetida ko‘kka o‘rlab turgan qari tutning ostiga belkurak urdi. (Yerning joni chiqqandek: atrofga nam tuproqning bo‘yi oraladi). Qazilgan lahaddek o‘radan oq shisha chiqarib, supaga borib cho‘kdi. Alang-jalang qilib turgan kenja Sultonga jom buyurdi. Bola qo‘lidagi uzum chuvarasini uloqtirgancha, pildirab jo‘nadi.

- Ich! Ich-a! Yaraganing shu! - deb bobilladi xotin uy ichida turib.

- Senga jag‘ berganga arzim bor, - o‘shqirdi er.

Xotin jimidi. Kenja Sulton ichkaridan jom ola chiqib, supaga eltdi. O‘zi eski o‘rniga borib turib oldi. Ramaqi otasining har piyola simirganda ko‘tarilib-tushadigan o‘ynoqi kekirdagiga qarab, zerikmadi. Sayis ko‘zlari qamashib-tirishib ichki sipqorar, har yuzi bujmayganda go‘ng hidi burqsigan qo‘ltig‘iga burun solib, chuqur nafas yutardi. Takrorlardi. O‘tkir ter hidi achchiqni kesadi-da…

Harna uning boshi qizidi. Yuzi qizil tortdi. O‘tgan gap miyasini chaqdi.

- Qo‘yindixonadan boltani ola chiq!

Kenja Sulton bu safar joyidan jilmadi. Toshday qotib turaberdi.

- Eshitmayapsanmi, tirmizak?! Bor dedim!..

Bola turgan joyida uchib tushdi. Og‘zi ochilib, hovliga urra chiqqan ayasiga qaradi.

- Ammangnikiga yugur, bo‘zarmasdan. Otamning mazasi qochdi, deb ayt. Yugur…

Sultonboy entak-tentak qadam otib darvozaga yo‘rg‘aladi.

- O‘lgur, imoningni yer qilding: shu zahri qotilni tilimga olmayman, deb eding. O‘zingcha daraxtning tagini o‘pirib ko‘mding. O‘shanda aytgandim-a, buni o‘rniga o‘zingni yerga bersang ham bu zahri qotilga bas kelmaysan, deb.

Xotin o‘ziga o‘zi aljidi. Aljidiki, boisi eriga kudurat.

- Zang‘ar…

Sayis o‘rnidan qo‘zg‘aldi. O‘ltoq-cho‘ltoq qadam bosib, tim qorong‘i qo‘yindixonaga jildi. Ichkariga kirib, tig‘iga zang ko‘pchigan kalta sopli boltani ola chiqdi. Xotini yozg‘irdi:

- Nima karomat ko‘rsatmoqchisiz? Jin chalgan - dalli. Bechora qizni badbaxt qilasizmi?

Er so‘z qo‘shmadi. Soxt-sumbati dildirab, bog‘ eshigiga yo‘naldi. Yo‘naldiyu singlisi Qizlargulga pesh bo‘ldi.

- Enam singlim!

- Yanami, aka?! Nomusdan o‘lib bo‘ldik-ku! Shu boltani menginaga ura qoling!

Qizlargul ostonaning zarang sirtida qaqqayib turib yozg‘irdi. Ortdan hovliga kirgan kenja Sulton otasining vajohatidan cho‘chib, ammasining bariga pusdi.

- Or qilarmish, Qizlargul! Pastkashning bolasi qaysi urug‘dan ekan o‘zi? Mo‘ltonining to‘rvasidan qolmagandi-ku! Shundayam ortiqcha ekan, bu badfurushni urug‘idan uzib tashlayman - jonini olaman…

- Muqashni, qizingizni o‘ylang, aka. Badnom qilasizmi? Qiz bola chidaydi. Bitta tug‘ib bersa, izzatning tagida qoladi. Chidang-da sizam bunday, aka!

- Yana qancha chiday, ena singlim? Qiz bechora, haliyam bir arz-dod qilmadi. Ko‘nayapti. Andishaning oti qo‘rqoq. Bu mushtumzo‘rlarga es bitmabdi, esini kiritib qo‘ymasam… Heh, bizni tuqqan qoringa… Ayb singlingdami? Yo‘q, ayb bangi kuyovda: urug‘i kuygan uning. Yo‘qsa, Farog‘at satang quyon bo‘lardi. Heh, yuviqsiz, urug‘ni harom qilgan buning o‘zi! Endi bizdan hazar qilib qolganmish!

Sayis nari yurdi. Xotini to‘ng‘illadi. Qizlargul uning poyiga yiqilib, pochasidan siqimladi.

- Avval meni chopqilaysiz, keyin yo‘rig‘ingiz o‘zingizda bo‘ladi!

- Qoch, Qizlargul, yo‘limni to‘sma, ena singlim. Shu bugunoq Muqashning ajrimini olmasam…

- Men aytarimni aytdim, aka. Mana, ko‘ksimga uring - qora ko‘ksimga. Senlarning ig‘volaringdan kuyib bitdim!

- Men shuni istab edimmi, Qizlargul? Senam yurakni achitasan-a?!

Aka nolindi. Ichi yondi. O‘zini nari olib, boltani dast ko‘tardi. Shiddat bilan sirmadi. Bir burchdagi eski to‘nka “g‘art” etdiyu ikkiga ayrildi.

- Nima qilay, Qizlargul?

Qizlargul ostonada yalpayib o‘tirib qoldi. Sayis uni gir aylanib o‘tib, ko‘chaga chiqdi. Singlisi uning ortidan qichqirdi:

- Bir nima qilsang, sendan rozi emasman, aka!

* * *

Borsa Azimboyning darbozasi lang ochiq. Xuddiki, kutgandek, chorpoyada hurpayib o‘tiribdi. Sayisnikiga o‘xshash yirik-yirik ko‘zlari ayricha quvlik bilan bir nuqtani poylaydi. Miyig‘i uchib, andak kibrga sari og‘ishgan.

- Heh, otam-a! - dedi ayvonda o‘tirgan Muqaddas hirqirab, tiyra ko‘ngli yoridi - tog‘ bo‘ldi, ham to‘liqib, so‘g‘in ichkari panaladi.

Sayis past tushishdan o‘zini oldi. G‘o‘ddayib, Azimboyning ustiga bostirdi. Azimboy hurkdi. Tovushqonday pusib o‘zini chetroqqa urdi.

- Nomard o‘g‘ling qani, amak? Chaqir, chiqsin!

- Qo‘y, uka, bularning hayotiga aralashmaylik.

- Sen gapirma: ishu korning bunchalik bo‘lganiga seniyam hissang o‘tgan!

- Hovuringdan tush, uka. Qonimiz bir-a!

- Qo‘y, o‘g‘ling qonni haromga chiqardi, amak. Endi bir-birimizga yotmiz. Qizimning ajrimini olaman!

- Aqlingni yig‘…

Sayis baqirib qizini chorladi. Chorpoyaning tepasidagi ayvonda Muqaddas paydo bo‘ldi. O‘ksik, nimjonu qiltiriq qizni ko‘rib, otaning ko‘ksi achishdi. Tizzasiga mushtladi. Muqaddas “piq” yig‘ladiyu qaytib ichkari kirdi.

- Chiq, Muqaddas, uyga ketamiz!

Shu payt qay eshikdandir Azimboyning xotini otilib chiqdi. Pishillab Sayisga so‘z qotdi.

- Hey, qayinjon, qo‘ying-a, yoshlarning sho‘xligi… Qondoshmiz-a, shu bilan bechoralarni baxtini yarim qilmang!

- Heh, checha, qondoshning bo‘lari shu bo‘ldi. Haliyam chidab keldim. Bechora qizga burundan kun bermaysizlar. Yana qondoshmiz, deb tama qilasiz, checha…

Bir burchda kirpidek g‘ujanak bo‘lib turgan Azimboyning hamiyati qo‘zidi. Lunji titrab, Sayisga qarab o‘shqirdi.

- Qisir sigirning narxi arzon bo‘ladi, uka. Zo‘rlab oldikmi? Qizingni bergan o‘zing-ku.

- Hah…

Azimboyning gapi Sayisni o‘rtadi. O‘rtada turgan piyolaga chang soldiyu bir siqimda qarsillatib chil sindirdi. Qo‘lidan qirmizi qon sizdi. Biron odim narida turgan qudasining baridan tortqilab, o‘ziga sari surdi. Surdi-yu shu baravari yuzu ko‘zi qorishiq musht tushirdi. Azimboy qovoqdek yumaladi. Chinqirgancha kela solib, qudaning yag‘riniga so‘yil bilan tushirgan xotinining biqiniga pisdi. Sayis ayol qudaning qo‘lidagi so‘yilni yulqib, tomorqaning narigi boshiga uloqtirdi.

- Sen nokasning bangi o‘g‘lingga kim qiz berardi? Jigarim deb qizimning bahridan o‘tdim. O‘g‘lingning urug‘i kuyik ekanligini el biladi. Heh, tanamdagi qondan hazar qildim…

Azimboy olga bo‘kkan yuzini changallab yotaberdi. Jontalash erining tepasida tipirchilab turgan ayol quda Sayisga o‘shqirdi.

- Ha, hayvonga jir bitsa, egasini tepadi. Qorning to‘ydimi, ko‘rnamak? Qizingni narxini baland qilding - ko‘ndik. Mol talabidan uzatding - badnafs. Shusiz kuning o‘tarmidi? Shuning molboqarisan… ochdan o‘lmayapsan!

Sayis kaftini qayta musht qildi. Lekin ko‘torolmadi. Qarasa, tepasida qizi Muqaddas izillab turibdi. Chidamadi. So‘kindiyu shaxt o‘rnidan turdi. Dedi, degani barobar etagini silkib jo‘nadi.

- Sen tamagirlarning mulkingga o‘t qo‘yganim bo‘lsin!

Muqaddas muk tushib baqirdi. Ayol quda qarg‘andi. Qarg‘andiki, u hech narsani anglamadi. Ko‘ngli aynadi. Boshida og‘riq turdi.

Baland tepalikka ko‘tarilganda es-hushsiz ortidan qizi Muqaddasning zorlanib qolganini esladi: “Qo‘ying, ota, shashtingizdan qayting. Mening hayotimga aralashmang!”. To‘liqib g‘o‘drandi.

- O‘zingcha demaysan, jon qizim. Majburligingdan deyapsan. O‘zingdan o‘tgani o‘zingga ayon-ku. Tun bo‘yi darbozamga necha bor kelib ketganingni bilmadimmi? Bildim, qarshingga chiqmadim: nokaslik qildim, vijdonsizlik qildim, jon qizim! Heh, seni sazoyi qilgan o‘sha yuviqsizning padariga la’nat…

Ko‘klam nafasi urib turgan dala bo‘ylab salqin epkin turgan, quyosh cho‘kayotgandi. Dalaning bir chetida Azimboyning molxonasi ko‘rindi. O‘sha tomonga eltadigan chim yo‘ldan og‘ishmay ketib borayotgan Sayisni daf’a oriyati o‘rtadi. Yurarkan kallasini changalladi. Ko‘kyuziga qaradi.

- Heh, makkor falak…

Unga molxonada to‘ng‘ich o‘g‘li Tolmas pesh chiqdi.

- To‘riq qashqani uyurdan ayir!

Murti nish urmagan Tolmas otasining angoridan cho‘chindi. G‘o‘dranib javob berdi.

- Haliroq yaznam kelib edi, ota. To‘riqqa qo‘shib yana uchta atangan biyani olib ketdi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, deb edim.

Sayis so‘z qo‘shmadi. Ot-aravaning shotisiga ilingan qamchinni yulqib oldi, shundoq etovda turgan ikki salt otni bo‘shatdi. Bo‘shatdiyu ikkisining-da quymuchiga qars-qars tushirdi. Hapriqib qolgan salt otlar hurkkanidan o‘zlarini ochiq yaylovga olishdi. Quyunday uchib nari ketdi. Bir joyga borib, o‘ksingandek ortiga qaradi. So‘g‘in ikkisi-da baqamti maysa qirtishlab boshladi.

- Menga qara, angraymasdan, otlarning hammasini bo‘shat. Yaylovga quv…

Tolmas joyidan jilmadi.

Kaftdek dalada besh-o‘n chog‘li otliq bo‘y ko‘rsatdi. Sayis o‘girilib ko‘rdi. Ko‘rdiki, yuzi gezarik Azimboy egarda dikkayib kelayapti. Yana bir gala shotir, oq yo‘rg‘ada tusi uniqqan jomali nozir - Suyun mallaning bolasi, uning qabatida tiyiqsiz kuyovi. Ular Sayisga yuzma-yuz keldilar.

- Hah, moling joningdan aziz bo‘ldimi, nomard?

- Seni qamoqda chiritaman!

Sayis saltlardan yana birini tang‘ilgan tabladan bo‘shatib, qamchinlab quvib soldi.

- Qo‘lingdan kelganini qil, amak. Qarg‘aning titgani go‘ng bo‘ladi…

Azimboy qarshisidagi otliq shotirlarga imo qildi. Ular egardan tusha solib, Sayisning chor tomonini o‘radilar. O‘radilaru yuzu-ko‘z demay turtib qulatdilar, tepkiladilar… tepkiladilar. Uning kurashadigan siyog‘i yo‘q edi. Shotirlardan biri ochiq, keng kuragiga qamchin tushirdi. Dami ichida bo‘lganidan, achchiq izni sezmadi. Sezmadiyu so‘l qo‘lini ko‘tarmoqqa tirishdi, ko‘tarolmadi. O‘g‘li Tolmas o‘kirib, otasiga qamchin tushirgan shotirga tashlandi. Bo‘z bolani bir zarbda yerparchin qildilar. So‘g‘in Sayisning qo‘lini qayirib, Azimboyning qarshisiga qopday itqitishdi.

- Mana, ko‘rib qo‘y, nozir uka. Bu ko‘rnamak zotdor otlarimni o‘g‘irladi. Mulkimni taladi. Qamaysan, esi kiradi. To‘riq qashqamni bilarding-a? Otmisan ot edi. Yo‘qotibdi!

Sayis xezlandi. Ot ustida irjayib turgan miqti kuyoviga o‘qraydi. Shotirlar uning yag‘rinidan tog‘day bosdilar.

- Voh, ayol ekansan, amak! Ayol ekansan…

Azimboy egardan bosh burib, qora tuproqqa tupurdi. Ostidagi baytal ijirg‘angandek kishnab, ortga tislandi. Boy jilovni qayirdiyu shotirlarga dedi:

- Nozir bilan billa buni qo‘rib boringlar. Cho‘-o‘, jonivor, ishning bu yog‘i senga omonat, nozir uka. Bizga xizmat bo‘lsa aytaberasan.

Baytal ortga burildi. Sayis Azimboyning nari ketishini kuzatib qoldi. So‘g‘in, ko‘zqabog‘i cho‘kkan, yuzi zaxil, xez turgan kuyoviga g‘o‘drandi.

- Heh, hayvondan farqing yo‘q edi, shunday qolarkansan-da. Enasi g‘ar…

Kuyovning yuzi tirishdi. Dedi:

- Haddingizni biling! Qani, ko‘taringlar…

Shotirlar Sayisning qo‘lini ortiga chirmadilaru ochiq dala yo‘liga soldilar. Uning hushi o‘ziga kelgan, kuragining qamchin tekkan o‘rni achishayotganini his qildi. Beburd kuyovi ot yo‘rtib, ilgarilab ketdi. Qarasa, qabatida to‘ng‘ich o‘g‘li Tolmas g‘ingshib kelayapti.

- Uyga jo‘na. Men ortingdan boraman. Qani, ket…

Tolmas istab-istamay susdi. Otasi harna uzoqlashgach, yo‘rig‘ini o‘zgartirdi. Molxona huvlab qoldi.

Keng dala o‘rtasida ketib borarkan, nozir Sayisni gapga soldi:

- O‘chakishmang edi, aka! Haliyam kech emas…

- Ishingni bajar, nozir uka.

Sayis oshig‘ich so‘z qo‘shmadi. Sumbatlari qoyadek keladigan otliq shotirlar to‘xtadi. Nozir ularni ketishga buyurdi. Bo‘ysundilar. Birisi Sayisning qo‘lini bo‘shatdi. Hammalari keng dalada ot solib, ilgariladilar. Nozir egardan quyi indi. Sirti sabzalagan dalada ikkovlon tek qoldi.

- Qo‘ying, Azimboyning tixirligini bilasiz-ku. Ustiga qoningiz bir. Xo‘p deng, Azimboyning yo‘lini kesib chiqmang. U oriyatli odam!

- Hov, menga qara, senga nima deb gap o‘rgatdi o‘sha oriyatli odam?

Nozir og‘ir yutundi. Yer ostidan qo‘rqa-pisa Sayisga qaradi.

- Otang mard odam edi-ku. Mardligidan zig‘ircha yuqtirmabsan-da, xotinchalish? Esiz…

- Bizga Azimboyning xizmati singan, aka. Tushuning… Qizingizning ajrimini so‘ramang. Esa sizga tuhmat qilib bo‘lsayam turmaga tiqadi. Bilasiz-ku, uning qo‘li uzun! Xo‘p deng, ko‘ning!

Sayisning ori keldi. G‘ippa nozir yigitni bo‘ynidan oldi. Chitir o‘t ustiga yiqitdi. “Piq-piq”… Chayir panjalarning zabtidan nafasi qaytdi. Yuziga qon yugurib, qirmizi tusga kirdi. Sayis ko‘rdi. Bechoraning holi tang, panjasini bo‘shatdi. Nozir bo‘g‘riqib, chuqur-chuqur nafas yutdi.

- Og‘zingdan sutning ta’mi ketmagan bolaga bunaqa ishlarga aralashishni kim qo‘yib edi?

- Hey, o‘zim xohlab keldimmi, aka? Bularning aytganini qilib turmasangiz, peshonangizga sho‘r bitadi-ku…

- Mayli, qani, ko‘zimdan yo‘qol. Yo‘qsa, urib suyagingni orqalatib yuboraman, bola. Borib ayt, yuviqsizga qolgan qizim yo‘q - ajrim olinadi. Mayli, meni har balo qilsin. Qani, bor, uka!

Nozir yigit ko‘h-ko‘h yo‘talib o‘rnidan turdi. Qaddini rostlab, yuz-ko‘zini artkiladi.

- Ammo bekor qilyapsiz-ov. Azimboyning jahli chiqadigan bo‘lyapti!

- Xo‘jangning kuni bizning qizga qoldi. Ha-ha, esa anov yuviqsiz bangiga shig‘iriyam esh bo‘lmaydi?!

Sayis dediyu nozirga o‘qraydi. Yigit cho‘chinqirab nari jildi. Soxt-sumbatini kergan bo‘lib, ulovga tirmashdi. Bir dam qarshisidagi aftodahol kasga tikilib turdiyu shotirlarning ortidan yo‘rtib ketdi.

- Borib ayt o‘shanga. Ajrim…

* * * 

Ostona hatlab kirsa, xotini boshiga ko‘kish durra tang‘ib, supada big‘illab o‘tiribdi. Tepasida shumshuk bolalari - to‘ng‘ich Tolmas bilan kenja Sulton. Daf’a boshi gangidi. Holiga achinib, so‘kindi. Xotini uni ko‘rdiyu zippa o‘rnidan turdi. To‘ng‘ichi yugurgilab, qo‘ltig‘idan oldi. Sayis oriq, uzun jasadini arang ko‘tarib, supa ustidagi namatga yuztuban yiqildi. Xotin uning ostiga o‘rin-ko‘rpa tashlarkan so‘z qotdi:

- Muqash keldi. Ayol quda uydan quvib solibdi. Darbozadan kiritmadim. Ostonada bo‘zlab turaberdi, bechora qiz. Singlingiz Muqashga qo‘shilib, ko‘cha eshikda dardkash bo‘ldi, yig‘i qildi. Keyin qabatiga olib, ayol qudani oldiga elitdi!

Er bot holsizlandi. Yotgan joyida g‘o‘ldiradi:

- Qizlargulga ayt, Muqashni qaytarsin. Uning ajrimini olamiz.

Oraga jimlik cho‘kdi. Jujuqlar bir otasiga, bir onasiga boqib, angraydi. Sayis xir-xir nafas yutib, ko‘pchidi. Xotini durrasining bir burchini burniga taqab ko‘zyoshi boshladi.

- Muqaddas bardoshli qiz. Ko‘rasiz, chidaydi. Bitta tug‘ib bersa…

Erining tomoq qirishidan xotinning shashti o‘ldi.

- Bor, ammangni qaytar. Opangni olib kelsin!

Tolmas ketariyu qolarini bilmadi.

- Bunday qaror chiqarish yaramaydi. Qarzdormiz…

- Heh, shu shaytonning qarzi qiyomatga qoladigan ko‘rinadi. Bor dedim, ammangga ayt, Muqashni olib kelsin!

Tolmas supadan uzoqlashdi. Ostonaga borib to‘xtadi. Otasi mayishib yotganicha unga ola qaradi. Bola titrab yer tepindi, keyin eshikka tomon otildi.

- Nima qilamiz endi?

- Xudoning kuni-da!

- Muqash bardoshli qiz!

- Uning ajrimini olamiz. Tamom…

Xotinning miyasini selday notinchlik bosdi. Erini esa lahzada yoqimli bir uyqu eltdi bu palla. Tani pardek yengil bo‘ldi. Hech narsani o‘ylashni istamadi. Ko‘zini yumsayu shirin uyquga ketsa. Ertaga Xudoning kuni-da. Tepasida kulankirdek xezlanib turgan xotin kuyinib dedi:

- Ayting, endi nima qilamiz?!.

Sayisning chang unagan kipriklari og‘ir-og‘ir yopildi. Shirin oromdan oldin so‘nggi kuchini yig‘ib, xotiniga uzik javob qildi:

- Qamalamiz!..

2019 yil.