Yer-joy muammosi: YANGI AKSIYA BO‘LADI Ammo egalik huquqi hammaga ham berilmaydi

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqni e’tirof etish masalasida yangi qonun chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgach, ayrim “uddaburon”lar “harakat”ga tushib qolgani hech kimga sir emas. Qolaversa, yangi hujjat shu vaqtgacha uy-joyi bo‘la turib, hujjati bo‘lmagan fuqarolarda ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fozil Xudoyqulov bilan suhbatimizda shu savollarga javob olishga harakat qildik.

- Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarini rasmiylashtirish masalasi turli sabablarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan 3,8 milliondan ortiq ob’yekt yoki 493 ming gektar yer uchastkasi mavjud. Bu borada viloyatimizdagi ahvol qanday?

- Buni aniqlash uchun mutaxassislarimiz tomonidan viloyatdagi avvaldan fuqarolarning foydalanishida bo‘lgan, ammo yakka tartibdagi uy-joyga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi va kadastr hujjatiga ega bo‘lmagan 583 540 ta (100%) davlat ro‘yxatidan o‘tmagan ob’yektga tegishli ma’lumotlar o‘rganib chiqildi. Shunda viloyatimizda huquqiy hujjati mavjud bo‘lmagan uy-joylar 438 815 ta (75%)ni tashkil etmoqda. Tahlil natijalariga ko‘ra, huquqiy hujjatlari mavjudligi aniqlangan 89 943 ta (15%) ob’yektlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Boshqa ob’yekt (bo‘sh yer, dala hovli yoki barak)lar 44 502 ta (8%)ni tashkil etmoqda. O‘tgan xatlov jarayonlarida ayrim sabablarga ko‘ra kadastr ma’lumotlar bazasida bitta ob’yekt bo‘yicha takroriy kiritilgan 10 280 ta (2%) ob’yektlarning ma’lumotlari “Ko‘chmas mulk-3” dasturidan o‘chirildi.

- Amaldagi qonunchilikda ushbu muammoli yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni e’tirof etishning huquqiy asosi va tartibi mavjud emas edi. Bu muammoni hal etish uchun yana davlat aksiyasi o‘tkaziladimi?

- Xuddi shunday. Kadastri bor, ammo egalik huquqi yo‘q uy-joylar masalasini uzil-kesil hal etish maqsadida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Ammo mazkur Qonun ba’zi insonlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Hatto ayrim fuqarolar “Qurilishi mavjud bo‘lsa, egalik huquqi e’tirof etilar ekan”, degan fikrga kelib, bo‘sh turgan yerlarga imorat qurib qolishga harakat qilishmoqda.

- Unda kimlarga egalik huquqi beriladi? Bu borada aniq tartiblar belgilanyaptimi?

- Qabul qilinishi kutilayotgan Qonunda 8 yo‘nalishdagi holatlar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. Biroq ushbu holatlarning barchasida ham huquq e’tirof etilmaydi.

Bilishimiz kerak bo‘lgan narsa, qonunda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish emas, balki huquqni belgilovchi hujjatlari bo‘lmagan yer va binolarga huquqni e’tirof etish masalasi ko‘tarilgan. Shuningdek, unda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar emas, balki tadbirkorlik sub’yektlariga tuman hokimliklari tomonidan yer ajratilib, viloyat darajasida tasdiqlanmagan hamda tadbirkorlik sub’yektlari kichik sanoat zonalariga joylashtirilib, hokim qarori chiqarilmay qolgan holatlar ko‘rib chiqiladi.

Sanaga kelsak, hujjatda 2018 yil 1 mayga qadar qurilgan ob’yektlar masalasi ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda. Agar qurilma o‘zboshimchalik bilan belgilangan davrdan keyin qurilgan bo‘lsa, bunday imoratlar belgilangan tartibda bartaraf etiladi hamda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yangi qonun hali tasdiqlangani yo‘q. U tasdiqlansa ham yerga egalik huquqini berish ma’lum davrlar asosida, yer yoki imoratning o‘tgan yillardagi holatini kosmik suratlar yordamida solishtirish orqali amalga oshiriladi. Ya’ni, yaqin yillarda yerni noqonuniy egallab, uy solgan fuqarolar tizimni alday olmaydi.

- Barcha ogohlantirishlarga qaramay, biror nima ilinjida yerlarni o‘zlashtirishda davom etayotganlar kam emas. Ularning masalasi nima bo‘ladi?

- O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 2291-moddasi 2-qismiga ko‘ra, sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Birinchi marta shu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ta’minlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 911-moddasi bilan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasiga, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkasida barpo etilgan har qanday bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘z navbatida, o‘zboshimchalik bilan yegallangan yer uchastkalaridagi qurilish ob’yektlarini suv ta’minoti, oqova suv, yelektr, issiqlik energiyasi va gaz tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 2-qismida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, mansabdor shaxslarga 50 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, mansabdor shaxslarga esa

300 baravari miqdorida jarima ham belgilangan.

- Bunday qonunbuzarliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmayaptimi? Xususan, siz rahbarlik qilayotgan idora mazkur vaziyatda qanday tadbirlarni amalga oshiryapti?

- Ayni kunlarda Kadastr agentligi direktorining topshiriq va ko‘rsatmalariga asosan yer qonun buzilishlarini oldini olish va mavjud holatlarni bartaraf etishga qaratilgan dolzarb 40 kunlik tadbirlari olib borilmoqda. Xususan, Agentlikning viloyat boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida o‘tkazilgan o‘rganish ishlarida 654 ta holatda 192,74 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Qonunbuzarlarga berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalardan keyin 228 ta holatda qonunbuzilishi ixtiyoriy bartaraf etilib, 53,53 gektar yer dastlabki holatiga qaytarildi.

Belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilmagan 222 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan sud idoralariga da’vo arizalari kiritilib, 79 ta holatda 9,2 gektar yer maydonidagi qonunbuzilishi to‘g‘risida prokuratura organlariga ma’lumotlar taqdim etilgan. Shu bilan birga, 321 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bu amaliy ishlar, shuningdek, mutaxassislarimiz tomonidan joylarda yer bilan bog‘liq qonunbuzilishlarining oldini olish uchun keng qamrovli tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Asqar BAROTOV suhbatlashdi.