«Yashab bo‘lmay qoldi». «Amina» yaxshi ishlamaydi: Rossiyada mehnat migrantlari qanday yashayapti?

Rossiyada migrantlar ustidan nazorat tobora kuchayib bormoqda.

Bir yil ichida hukumat «nolegallar» reyestrini joriy qildi, bolalarni maktablarga qabul qilish talablarini keskinlashtirdi, politsiyaga sudsiz mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini berdi va Moskva hamda viloyatlarda keluvchilar harakatini kuzatib boradigan maxsus ilovani ishga tushirdi.

Ukrainadagi urush va rubl qiymatining pasayishi tufayli Rossiyada ishlash jozibasi shusiz ham kamaygan edi, yangi cheklovlar esa migrantlarni bezdirib, boshqa — jumladan, Yevropa davlatlariga nazar tashlashga undamoqda.

«Majburan» Moskvada

25 yoshli Bilol ham 89 foiz qirg‘izistonlik yoshlar qatori har doim chet elda ishlashni istagan.

Qirg‘izistonda yoshlar mehnat migratsiyasi ommaviy, iqtisodiy zarur va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadigan holatda oshmoqda, ichki iqtisod esa hali shunga mos imkoniyatlar taklif qilolmayapti.

Mamlakatda o‘rtacha oylik maosh — 42 ming som (480 dollar), masalan, Rossiyada ishlab chiqarish sohasida maosh oyiga 150 ming rublgacha (qariyb 2 ming dollar) yetadi. Lekin Bilol, ko‘pchilik vatandoshlaridan farqli o‘laroq, Rossiyada ishlashni hech qachon rejalashtirmagan. «Chunki vatandoshlarimiz Rossiyada ko‘pincha irqchilikka duch keladi», deydi u.

Uning orzusi Yevropa edi, ammo Yevropa Ittifoqida ish taklifiga tanish-bilishsiz erishish amalga oshmaydigan vazifadek ko‘ringan. Shunda Bilol «vositachilar»ga - Yevropa kompaniyalari bilan aloqador, ishchi zarur korxonalarga odam jo‘natuvchi vatandoshlariga murojaat qildi. Ular Bilolga Sankt-Peterburgga borishni tavsiya qilishdi. Aytishlaricha, u yerda hujjat topshirish va viza arizasini rasmiylashtirish osonroq.

Bu vaqtda COVID-19 pandemiyasi avjiga chiqdi: ko‘plab Shengen davlatlari vizalar bermay qo‘ydi, konsulxonalarini vaqtincha yopdi. Bilol qo‘li qisqa holda uyga qaytishni xohlamadi va «majburan» Rossiyada qoldi.

U Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanishidan ikki oy oldin Rossiyadan chiqib ketdi. «O‘shanda hozirgidek emas edi, — deb eslaydi u. — Ha, ko‘chada to‘xtatishardi, lekin «badal»ini olib, qo‘yib yuborardi.

Hozir esa «Amina» (Rossiyaning migratsiya nazorati uchun mo‘ljallangan mobil ilovasi) haqida, politsiyaning ko‘chalarda ushlashi va urushga yuborish holatlari haqida gap-so‘zlar yuribdi. Xullas, uning orzusi — Yevropa bo‘lib qolaverdi.

Oblavalardan tortib kuzatuvgacha

Rossiyada mehnat migrantlari uchun qonuniy ishga olib boradigan yo‘l «Saxarovo» deb ataladigan markaz orqali o‘tadi. U Moskvadan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan va kelganlarni soatlab turishga majbur etuvchi ulkan navbatlar bilan kutib oladi. Perimetrni qurollangan kuch tuzilmalari qo‘riqlaydi, ichida esa «ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar»ni aniqlash uchun qon va siydik topshirish kabi jarayonlar kutadi. Birinchi urinishda hujjat olganlar qonuniy ishlay oladi, ammo bu ularni keyingi muammolardan himoya qilmaydi.

Rossiyaliklar ularga uy ijaraga berishni ko‘pincha istamaydi. Migrant bolalarini «joy yetishmasligi» bahonasi bilan maktab va bog‘chalarga qabul qilishmaydi, o‘zlari esa ish joyidagi «oblava»larga, ko‘cha yoki transportdagi doimiy «hujjat tekshirish»larga duch keladi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi ham ularga bosim o‘tkazish vositasiga aylandi: ko‘plarga «bonuslar», masalan, fuqarolikni tezlashtirib berish va’dasi bilan urushda ishtirok etish taklif qilinmoqda.

«Krokus Siti Xoll»ga qilingan hujumdan so‘ng, uni amalga oshirganlar sifatida to‘rt nafar tojikistonlik fuqaro qo‘lga olinganidan keyin, kuch tuzilmalari keng ko‘lamli reydlar boshladi. Tojikiston hukumati hatto o‘z fuqarolariga ksenofobiya xavfi tufayli uydan chiqmaslikni tavsiya qildi.

Shundan keyin qonun chiqaruvchilar ham ishga kirishdi. Oxirgi bir yilda ular nikoh orqali yashash guvohnomasini olish imkoniyatini cheklashdi, IIVga migrantlarni sudsiz deportatsiya qilish huquqi berildi, bolalarini maktabga qabul qilish uchun rus tilidan imtihon topshirish majburiyati joriy etildi, shu bilan birga Rossiyada qonuniy yashash asoslari bo‘lmagan xorijliklar ro‘yxati — «Nazoratdagi shaxslar reyestri» yaratildi.

Rossiya hukumati bu choralarni noqonuniy migrantlarga qarshi kurashish va jinoyatlarning oldini olish zarurati bilan izohladi. Joriy yil iyul oyida IIV migrantlar tomonidan qilingan jinoyatlar soni oshganini ma’lum qildi, ammo umumiy jinoyatchilik statistikasida xorijliklar ulushi pastligicha qolmoqda. Aniqroq aytganda, loyiha tadqiqotiga ko‘ra, jinoyatlar ko‘proq katta yoshli rossiyalik erkaklar tomonidan sodir etiladi.

1 sentyabrdan boshlab yangi pilot loyiha ishga tushirildi: Moskva va viloyatida yashovchi O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukraina fuqarolari telefoniga «Amina» ilovasini o‘rnatishi shart. Hukumat ilovaning asosiy maqsadifoydalanuvchilar joylashuvini doimiy tarzda kuzatish ekanini yashirmadi.

«Teskari ishlaydi»

Agar telefon uch ish kunidan ortiq «Amina»ga geolokatsiyani yubormasa, foydalanuvchi avtomatik ravishda ro‘yxatdan chiqariladi. Migrant masalani darhol hal qila olmasa, «nazorat qilinadigan shaxslar» reyestriga tushib qolishi, bu esa bank hisoblarining bloklanishi, ishdan ayrilish yoki universitetdan chetlatilishiga olib kelishi mumkin.

Ishlash juda qiyinlashib ketdi

Migrantlar ko‘pincha «silovik»larning chegaradan chiqishi, urishi, xuddi terrorchilarga qilgandek muomalada bo‘lishi, nazorat organlarining qo‘pol harakatlaridan nolishadi. Rossiya rasmiylari odatda bunday tekshiruvlar qonun doirasida o‘tkazilishini, migrantlarga nisbatan hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlaydi. Albatta, axir migrantlar har qanday muomalada ham politsiyaga murojaat qilishmasligi kundek ayon.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada qonuniy mehnat migrantlari soni ikki barobar kamaygan. Ayniqsa, Tojikistondan keluvchi migrantlar soni birinchi yarim yillikda 150 ming kishiga qisqargan. Shu bilan birga, 2023 yilda Rossiyaga kelgan barcha migrantlar soni 560,4 ming kishini tashkil qilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga kamaygan.

Shunga qaramay, Rossiya Markaziy Osiyoning deyarli barcha mamlakatlari uchun eng ommabop mehnat yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari uchun ikkinchi o‘rindaQozog‘iston. Bu yerda asosan qurilish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlaydilar.

Uchinchi o‘rinTurkiya. Bu yerda Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar asosan to‘qimachilik, kiyim-kechak ishlab chiqarish, qurilish, mehmonxona-restoran sohalari va mavsumiy qishloq xo‘jaligida band.

Janubiy Koreya esa zavod, qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda baliqchilik va uni qayta ishlash sohalari uchun ishchilar kutmoqda.

Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi (IRU) ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropada yuk mashinasi haydovchilari yetishmasligi tufayli kompaniyalarning yarmidan ko‘pi biznesini kengaytira olmayapti. YeI, Norvegiya va Britaniyada 233 mingdan ortiq haydovchi yetishmayapti. Kasb «qariyotgani» va yoshlarni jalb qila olmaslik inqirozni kuchaytirmoqda.

Masalan, Slovakiyada o‘tgan yili 12 ming haydovchi yetishmagan. Shu bois u Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Ukraina kabi mamlakatlar uchun yuk tashish sohasiga viza berish tartibini yengillashtirgan.

Polsha O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolariga ish ruxsatnomalarini faol berishda davom etmoqda. Chexiya — O‘zbekiston va Qirg‘izistondan keluvchilar uchun ish vizalarini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirmoqda. Litva ham haydovchi bo‘lib ishlashni istaganlarga viza berishni kuchaytirmoqda.

2023 yilda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga berilgan birinchi ish ruxsatnomalari mos ravishda oshgan. Shunga qaramay, Markaziy Osiyodan Yevropaga kirish hali ham oson emas: «Tanish-bilishsiz, seni kompaniyaga tavsiya qilib bermasalar, oddiy ishchilar uchun jarayon juda qiyin», deydi qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, orzusiga yetishgan va ayni paytda Slovakiyada ishlayotgan qahramonimiz Bilol.

Xullas, Yevropaning o‘zida ham migratsiyadan norozilik ortib borayotgani ayrim hukumatlarni qoidalarni yanada qattiqlashtirishga undamoqda, hatto ishchi kuchi yetishmayotgan sohalarda ham. Rossiyada mehnat migrantlari soni qator yangi cheklovlar va qiyinchiliklar tufayli kamaygan bo‘lsa-da, Yevropaga millionlab migrantlarning oqimi to‘xtamayapti. Iqtisodiy imkoniyatlar va mehnat sharoitlarining yaxshiroq bo‘lishi ularni ushbu qit’aga e’tiborlarini qaratib turibdi.

Shu tariqa, migratsiya jarayoni mintaqaviy darajada davom etmoqda va Yevropa mamlakatlari uchun ham muhim ijtimoiy-iqtisodiy masala bo‘lib qolmoqda.

Internet ma’lumotlari asosida G.Xoldorova tayyorladi.