Samarqandda sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar ko‘paymoqda

Bog‘dorchilik hozirgi agrar tarmoqda daromadliligi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi. Chunki bu yo‘nalishda mahsulotni saqlash, qayta ishlash va eksport to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, yil davomida daromad olish imkoni bor.

Hozir viloyatimizda aholi va dehqon xo‘jaliklarida 13,2 ming gektar hamda fermer xo‘jaliklarida 29,8 ming gektar mevali bog‘ mavjud. Fermer xo‘jaliklari bog‘laridan 59 foizi (17,7 ming gektar)ni intensiv mevali bog‘lar tashkil etadi hamda (15 ming gektar)ida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan. Shu bilan birga, viloyatda 55,5 ming gektar (shundan, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 45 ming gektar, aholi tomorqalarida 10,5 ming gektar) uzumzor mavjud. Fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining 45 ming gektar uzumzorlaridan 29,4 ming gektar hosilli uzumzorlar hisoblanadi.

Viloyatda 2024-2025 yillarda 6,5 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etish belgilangandi. Jumladan, 2025 yilda (bahorda 2,3 ming gektar, kuzda 2 ming gektar) sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar yaratildi.
Masalan, Bulung‘urda 710, Jomboyda 151, Ishtixonda 139, Kattaqo‘rg‘onda 354, Nurobodda 231, Payariqda 283, Urgutda 148, Qo‘shrabotda 184 gektar sanoatlashgan intensiv bog‘-tokzorlar barpo etildi.

2026 yilda 1,4 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va 1,3 ming gektar sanoatlashgan uzumzorlar barpo etish rejalashtirilgan. 2025-2026 yillarda iqtisodiy jihatdan samarasiz, yaroqsiz bo‘lgan 1,6 ming gektar bog‘ va 2,6 ming gektar tokzorlar rekonstruksiya qilinib, ular o‘rnida yangi sanoatlashgan intensiv mevali bog‘-tokzorlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Issiqxonalar qishki ermak emas

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda 292 ta sub’yektda 466 gektar maydonda issiqxona xo‘jaliklari faoliyat yuritadi. Ulardan 28 tasi gidroponika usulida 106 gektarda, 264 tasi odatiy usulda 361 gektar maydonda joylashgan. Ularning 234 gektardagi 108 tasi tabiiy gazda, 198 gektardagi 150 tasi ko‘mirda isitiladi, 34 gektardagi 34 ta issiqxona isitilmaydi. Shundan bugungi kunda 383,4 gektar maydondagi 218 ta issiqxonada ekin ekilib, faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ushbu issiqxonalardan 24,1 ming tonna mahsulot olish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 26,1 ming tonna mahsulot yetishtirildi.

Shuningdek, hozirda tijorat banklari balansida turgan jami qiymati 16,6 milliard so‘mlik 4 ta 3,4 gektar issiqxona bor. Shu bilan birga, 38,6 gektar maydondagi 32 ta issiqxonada ekish ishlari boshlanmagan bo‘lsa, 44 gektardagi 42 ta issiqxona xo‘jaliklari faoliyati to‘xtab qolgan. Mas’ullar bilan birgalikda issiqxona xo‘jaliklaridagi muammolar o‘rganilib, ekish ishlariga ko‘maklashish, soliq, bank, elektr energiyasi, gaz ta’minoti va boshqa masalalarda ularga amaliy yordam berish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, joriy yilda 349 milliard so‘mlik 5 ta loyihada 85 gektar issiqxona ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bugungi kungacha 2 ta issiqxonada qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.