Paxtachi tumani hokimi Muzaffar Hamdamov: “Biz ishlaylik, bahoni xalq bersin”

Paxtachi tumani viloyat markazidan birmuncha uzoq bo‘lgani uchun ommaviy axborot vositalarida u yerdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot, amalga oshirilayotgan ishlar, kuzatilayotgan o‘zgarishlar haqida ko‘pam materiallar berilavermaydi.

Bundan tashqari, bir necha yil oldin rahbarlarda mass-media uchun ochilish bo‘lgan davrda kuzatilgan jo‘shqinlik bugun susaygandek.

Shu omillarni hisobga olib tuman hokimi Muzaffar Hamdamovga bir nechta savol bilan murojaat qildik.

 - Muzaffar Yazdonovich, suhbat avvalida bir qur ortga nazar solsak. Chunki 2020 yillardagi intervyularingizda Qizbuvi, Qarnabota tog‘ tizmalarida qazilma boyliklar ko‘pligini, ularga investorlarning qiziqishi katta ekanligini aytgansiz. Oradan qariyb 4 yil o‘tdi, qanday natijalarga erishildi?

- Haqiqatan ham Qizbuvi, Qarnabota tog‘ tizmalari qazilma boyliklariga boy va bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanayotgan mahalliy tadbirkorlarimiz ham yetarli. Misol uchun, «Alisher poliz ekinlari» fermer xo‘jaligi rahbari Ulug‘bek Begimov tomonidan Kichik Qarnab hududida 6,4 gektar yer maydonida 200 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan gips kukuni ishlab chiqarish loyihasi deyarli yakuniga yetdi. Loyihaning qiymati 3 million dollardan ziyod.

Tadbirkor hozirgi kunda temir-beton, gipsokarton, kafel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini boshlagan. Bu loyihalarni amalga oshirishda Xitoy davlati bilan hamkorlik qilinmoqda.

Bundan tashqari, «Madina savdo belgisi» korxonasi rahbari Habib Sadinovning gips mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ham deyarli yakuniga yetmoqda. Xitoydan keltirilgan uskunalar o‘rnatilgan loyiha qiymati 2,5 million dollarga teng. Loyiha doirasida 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir tadbirkorimiz Bekzod Ibatov eronlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda «Ario Granit» qo‘shma korxonasi tashkil qilib, Qarnabota hududida 20 gektar yer maydonida temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish, granitni qayta ishlash va asfalt zavodi loyihalarini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda 2 million dollar qiymatidagi texnika va uskunalar olib kelinib, qurilish ishlari olib borilmoqda.

Qarnabota hududida yana bir tadbirkor Artyom Sarkisyan «Grk Alyans» nomli xususiy korxona tashkil qilgan. Bu sub’yekt viloyatda kaolinni qazib olish va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanadigan yagona korxona hisoblanadi. Hozirgi kunda bu yerda 100 kishi ish bilan ta’minlangan.

Ma’lumot uchun, kaolin - qog‘oz, chinni, fayans, kimyo, rezina sanoatida, o‘tga chidamli buyumlar va izolyatorlar tayyorlashda ishlatiladi. Birgina shu faktning o‘zi korxonaning ahamiyati, uning istiqboli haqida aniq tasavvur beradi.

- 2019-2020 yillarda Yevropa davlatlari bilan katta loyihalar rejalashtirilgandi. Keyinchalik ular yo unutildi, yo kutilgan natijaga erishilmadi. Shu ma’noda keyingi yillarda tumanga investitsiya kiritish shiddati pasaygandek. Siz nima deysiz?

- Men qilingan ishlar haqida ma’lumotlarga to‘xtalsam, baholashni esa zukko o‘quvchilarning o‘ziga qoldirsak.

Tumanimizda Angliya bilan hamkorlikda «Granit mining» korxonasi tashkil qilingan. Bu yerda 90 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Turli xil toshlarni qazib olish va maydalash bilan shug‘ullanadigan korxona quvvati oyiga 90 ming kub. Hozirgi kunda korxona nafaqat viloyatimiz, balki qo‘shni Navoiy, Buxoro viloyatlariga ham magistral yo‘llarni ta’mirlash va yangi asfalt yo‘llarni barpo etish uchun mahsulot yetkazib bermoqda.

Joriy yilning 1-choragida korxona faoliyatini kengaytirish uchun korxona ta’sischisi, chet ellik hamkor Y.Gavritsiak tomonidan qo‘shimcha 1 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritildi.

Bundan tashqari, 2022 yilda Niderlandiyaning «Ario international» korxonasi bilan hamkorlikda qalay rudasini qazib olish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish uchun «Staunum Taurus» qo‘shma korxonasi ochilgandi. Korxona tomonidan 5 yillik shartnomaga asosan qidiruv ishlari olib borilmoqda. Yaqinda qo‘shma korxona rahbari loyiha uchun dastlabki 3,5 million dollar o‘zlashtirilganligi va texnika, uskunalar olib kirilayotganligini ma’lum qildi. Ma’lumot uchun, qalay rudasini qazib olish Qarnabota mahallasi hududida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasi bilan aloqalarni yanada mustahkamlash hamda tadbirkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida imzolagan qarorlariga asosan Paxtachi tumanida 2 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, 100 million dollar qiymatidagi shisha hamda 50 million dollarlik kaolinni qayta ishlab, kafel va keramik mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari hayotga tatbiq etiladi. Hozirgi kunda bu loyihalarga Xitoy tomoni vakillarining qiziqishi juda baland. Kaolin loyihasini amalga oshirish uchun mahalliy hamkor Mizrob Ochilov tomonidan «Shaxboz Kaolin Manufaktore» korxonasi tashkil etilib, karer va korxona qurilishi uchun yer maydonlari rejalashtirilgan.

- Ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish, tabiiyki, infratuzilma, kommunal xizmatlar bilan bevosita bog‘liq. Aytingchi, mazkur yo‘nalishda keyingi 4-5 yilda nimalar o‘zgardi? Ularning samarasi nimalarda ko‘zga tashlanyapti?

- Bu davrda, aniqrog‘i, o‘tgan 4 yilda tumanda 162,1 kilometr yo‘l asfalt qilindi. 88 kilometr elektr tarmoqlari yangilandi, 67 ta yangi transformator punkti o‘rnatilib, 25 ta transformator punkti va 2200 ta simyog‘och almashtirildi.

Albatta, bu ishlar birinchi navbatda tumanda tadbirkorlik rivojida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Buning isbotini iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham kuzatish mumkin. Zotan, savdo 5 barobarga ko‘paydi. Shuningdek, sanoat 4,5 va xizmat ko‘rsatish 3,5 barobarga o‘sdi.

Maqtanishga yo‘ymangu, lekin o‘tgan yili sentyabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda «joylarda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois 25 ta tuman va shaharda sanoat hajmi 10 foizdan ko‘paygani»ni davlatimiz rahbari e’tirof etgandi. Sanoat yuqori sur’atda o‘sgan hududlar orasida Paxtachi ham borligi bir tomondan g‘ururlantirsa, ikkinchi tomondan mas’uliyatini oshirdi.

Darvoqe, shu o‘rinda yana bir raqamni aytib o‘tish lozim: qayd qilingan davrda 325 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi. Bu nafaqat iqtisodiy salohiyatimiz o‘sishi, shu bilan birga, aholi turmush sharoiti yaxshilanishida muhim bo‘lmoqda.

Albatta, hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p, rejalar katta.

- Umuman, faoliyatingizning o‘tgan davrida aholi daromadlarini oshirish borasidagi qaysi ishlarni sanab o‘ta olasiz?

- Buni iqtisodiy raqamlarda ko‘rib chiqsak: sanoat mahsulotlari hajmi 2019 yilda 206,7 milliard so‘m bo‘lgani holda 2023 yil yakunida bu ko‘rsatkich 749,7 milliard so‘mni tashkil qilgan. Ya’ni, sanoat mahsulotlari hajmi 3,6 barobar oshgan. Bundan tashqari, 2019 yilda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 million so‘m, 2023 yil yakuni bilan esa 5 million so‘mga yetgan.

2019 yil jami ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni (fermer xo‘jaliklarisiz) 596 ta, 2023 yil yakuni bilan 1416 tani tashkil etgan.

Tumanda 2023 yilda 21954 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Amalda esa bu ko‘rsatkich 31052 tani tashkil qilib, ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, tumanda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 3214 nafar ishsiz fuqaroga 70159 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.

Hokim yordamchilari tomonidan band bo‘lmagan va norasmiy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni rasmiylashtirish evaziga yil davomida 955 ta yakka tartibdagi tadbirkor, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish rejasi belgilangan. Bu boradagi ishlar to‘g‘ri va tizimli tashkil etilgach, 155 ta YTT ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ishsiz, band bo‘lmagan 190 nafar fuqaroga 1 milliard 615 million so‘mlik subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berildi.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bugungi kunda tumandagi 7579 ta xonadonda 834 gektar issiqxona mavjud. Bu o‘rtacha 15 ming odam 1 yilda 3 marta hosil olish bilan mashg‘ul degani. Chunki fevral-iyun oylarida pomidor va bodring parvarishlanadi, iyul-oktyabr oylarida bodring, oktyabr oyi oxiri yanvar oylarida ko‘kat yetishtiriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir xonadon yil davomida o‘rtacha 51,5 million so‘m sof foyda qiladi. Bundan tashqari, baliqchilik bo‘yicha Paxtachi maktabi yaratilgan. Qilinayotgan ishlar, olinayotgan daromad va boshqa jihatlarini ko‘pchilik yaxshi bilgani uchun sohada amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalmayman.

- Hokimlikni boshlagan davringizda Ziyovuddin shaharchasi tuman markazi degan nomga munosib emasdi. Shu sababli obod markaz loyihasi doirasida katta ishlar olib borildi. Biroq hali shaharchani zamonaviy tuman markazi deyish imkonsiz, bizningcha. Siz nima deysiz?

- Tuman markazida 2018 yilda 1971-1980 yillarda qurilgan 26 ta 2 qavatli turarjoy mavjud edi. So‘nggi 5 yil mobaynida 820 ta xonadonga mo‘ljallangan 23 ta ko‘p qavatli turarjoy binosi qurib foydalanishga topshirildi. Joriy yil sentyabr oyida 189 ta xonadonli 2 ta 5 qavatli uy qurib bitkaziladi.

Ushbu turarjoy majmualarini oqova suv ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida 2020 yilda oqova suvlarini tozalash inshooti hamda 6,9 kilometr tarmoq qurildi.

Bundan tashqari, shaharchamizda Davlat xizmatlari markazi, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, matbuot uyi, oilaviy poliklinika, yoshlar markazi qayta rekonstruksiya qilindi. «Ziyovuddin dehqon bozori» zamonaviy qiyofaga keltirildi.

Umuman, jami 50 dan ortiq ijtimoiy soha ob’yektlarida yangi qurilish, joriy ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Katta ishlardan biri «Yoshlar bog‘i»ni obodonlashtirish bilan bog‘liq. Bu yerda musiqali favvora o‘rnatildi. Istirohat bog‘ida 38 ta quyosh panelli tungi yoritish chiroqlari, 1,1 kilometr piyodalar yo‘li, 48 ta o‘rindiq tashkil etildi. Turli xil attraksionlar yashil maysazor kishilarga zavq bag‘ishlaydi.

Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.