“Ma’rifat ulashib” loyihasi talabalarga ma’naviy ozuqa bo‘ldi
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli shoir, tarjimon, adiblar Nurillo Oston, Xurshid Nurillayev, Botir Muhammadiyevlar talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Davra suhbatida ijodkorlar o‘zlarining Vatanga muhabbat, sevgi-sadoqat, jasurlik, mehnatsevarlik, odamiylik haqida yozgan she’rlaridan o‘qib berdi va yoshlarni bilim olishga, yurt taraqqiyoti uchun munosib kadrlar bo‘lib yetishishga chaqirdi. Talabalar Xurshid Nurillayevning “Hammasi asabdan” nomli hikoyasi asosida tayyorlangan sahna asarini namoyish etdi.
- “Ma’rifat ulashib” loyihasi butun respublikamizda amalga oshirilyapti, - dedi institutning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Rahimjon Norjigitov. – Ushbu loyiha asosida bugungi kungacha ham institutda “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Munozara” debat bellashuvlari, “Mushoira” va adiblarning hayotiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazdik. Bugun talabalarimiz adiblarimiz bilan uchrashdi. O‘ylaymanki, ijodkorlardan olgan ma’naviy ozuqa yoshlar qalbida uzoq yillar saqlanib qoladi. Zero, kitob o‘qishga, adabiyotga qiziqqan, ijodga mehr qo‘ygan talabalardan hech qachon yomonlik chiqmaydi.
Tadbir so‘nggida ijodkorlar “Yashil makon” umumilliy loyihasida qatnashdi va institut hovlisiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.