Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nobel mukofotiga nomzod, 16 yoshli Greta Tunberg haqmi?

Greta Tunberg bugun dunyoda eng ko‘p muhokama qilinayotgan shaxs. 16 yoshli maktab o‘quvchisi g‘azab bilan dunyo siyosatchilarini atrof-muhit muammolari haqida o‘ylab ko‘rishga chorlamoqda. Dunyo jamoatchiligi uning faolligiga hayratlanmoqda.

Shvetsiyalik Greta Tunberg har doim o‘ychan va boshqalarga o‘xshamaydigan edi. Shifokorlar Gretaga “asperg sindromi” xastaligi tashxisini quyishgan.

U 2018 yil avgust oyida keng jamoatchilikning nazariga tushdi. O‘shanda qizcha har juma kuni Parlament binosi yoniga kelardi va u yerda kechgacha qolib ketardi. Greta siyosatchilar ekologiya muammolari bilan shug‘ullanishni boshlamagunlaricha, juma kunlari maktabga bormasligini ma’lum qildi.

Грета Тунберг

Tez orada Greta boshlagan norozilik namoyishi Shvetsiyada o‘tkazilgan eng ko‘p namoyishlardan biriga sabab bo‘ldi. Qizning maktab tashkil etgan namoyishini nafaqat sinfdoshlari, balki butun mamlakat bo‘ylab kattalar ham qo‘llab-quvvatlashdi. Biroq ayrimlar ekologiya muammolarini hal qilish uchun maktabga bormaslik noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlashdi. Bunga qaramasdan, Gretani to‘xtatishning iloji bo‘lmadi.

2019 yilning mart oyida Gretaning nomzodi Nobel mukofotiga tavsiya etildi. “Greta muhim faoliyat bilan shug‘ullanmoqda va sayyora muammosiga o‘zining o‘lkan hissasini qushmoqda”, deb ta’kidlashdi uning nomzodini tavsiya qilgan shvetsiyalik siyosatchilar.

Greta joriy yilning 23 sentyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan BMT sammitida ishtirok etdi. U dunyo yetakchilariga g‘azab bilan “tanbeh” berdi.

U ushbu yig‘ilishning iqlim muammolari va harorat o‘zgarishlariga bag‘ishlangan konferensiyasida spikerlardan biri sifatida ishtirok etdi.   O‘sha vaqtda uni Boris Jonson (Buyuk Britaniya bosh vaziri), Angela Merkel (Germaniya kansleri) va boshqa yuqori darajali siyosatchilar eshitdi. Greta o‘zining otashin nutqida titrab chiqqan ovozi va ko‘zda yosh bilan katta yoshdagilarga va dunyo yetakchilariga nisbatan ayblov hukmini e’lon qildi.

Грета Тунберг

“Buning hammasi noto‘g‘ri. Men ayni vaqtda bu yerda bo‘lmasligim kerak. Men okeanning narigi tarafida maktabda bo‘lishim lozim edi. Sizlar kelajak avloddan umid qilyapsizlar (ekologik muammolarni hal qilishda). Qanday haddingiz sig‘di? Sizlar quruq gaplaringiz bilan mening orzularimni va bolaligimni o‘g‘irladingiz. Odamlar jabr ko‘rishmoqda, halok bo‘lmoqda. Butun boshli ekotizim yo‘q bo‘lib ketmoqda, ommaviy qirg‘in boshlanyapti. Ammo siz faqat pul haqida gapirishni va doimiy o‘sayotgan iqtisodiyot haqida ertaklar aytishni bilasiz, xolos. Qanday haddingiz sig‘di?!” dedi Greta o‘z ma’ruzasida.

Shuningdek, Greta agar siyosatchilar hoziroq sayyora manfaati uchun harakat qilishni boshlamasa, kelajak avlod ularni kechirmasligini va ulardan nafratlanishini ta’kidladi.

Gretaning chiqishi tugashi bilan Germaniya kansleri Angela Merkel u bilan yuzma-yuz gaplashishga oshiqdi. Aniqlanishicha, Germaniya kansleri Greta bilan ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan ilk qadamlarni muhokama qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham chetda qolmadi. U bo‘lib o‘tgan konferensiyada ishtirok eta olmadi. Chunki u qo‘shni zalda chiqish qilayotgan edi. Biroq Gretaning nutqi to‘g‘risida u o‘zining tvitter sahifasida fikr bildirdi: “U yorqin va mo‘’jizali kelajak kutayotgan judayam baxtli qizga o‘xshaydi. Buni guvohi bo‘lish judayam yoqimli!”.

Ko‘pchilik bu fikrni masharali deb topdi.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Greta faoliyatining ortida turganlarni tanqid qildi: “Gretani odobli va samimiy qiz ekanligiga ishonchim komil. Ammo kattalar o‘smir va bolalarni haddan tashqari his-hayajonli holatlarga boshlamaslik uchun barcha choralarni ko‘rishlari kerak. Yoshlarning shaxsini buzadigan keraksiz his-tuyg‘ulardan ularni himoya qilishlari shart. Hatto samimiy maqsadlarni ko‘zlagan taqdirda ham yosh bolalar va o‘smirlardan, qolaversa, yetarlicha qattiq va hissiyotli yo‘l orqali foydalanishni noto‘g‘ri deb hisoblayman”.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.