Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Noqonuniy nikoh o‘qigan “domla” profilaktika inspektoriga pora taklif qildi

Farg‘ona tumani, O‘rtaqishloq qishlog‘ida yashovchi, 55 yoshli fuqaro S.M. Quvasoy shahrida yashovchi, 66 yoshli fuqaro M.M. hamda 29 yoshli fuqaro Yu.G.larga noqonuniy ravishda shar’iy nikoh o‘qiydi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat Quvasoy shahar IIB profilaktika inspektori tomonidan aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtiriladi. Ayni jarayonda fuqaro S.M. unga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik hamda to‘plangan hujjatlarni sudga taqdim etmaslik evaziga inspektorga 1.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qiladi.

Profilaktika inspektorining viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgisi asosida 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XB Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘limi, viloyat IIB JQB va IJQKD Quvasoy shahar bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro S.M. profilaktika inspektorining xizmat xonasida unga 1.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan IJQKD Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.