Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Ochiq muloqot”dan so‘ng muammolar hal etilayaptimi?

Joriy yilning 16 iyun kuni viloyat teleradiokompaniyasi orqali Toyloq tumani hokimi va sektor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida 27 nafar fuqarodan 36 ta murojaat kelib tushgan. Bugun ushbu murojaatlar o‘z yechimini topdimi? Aholining muammolarini bartaraf etish uchun mutasaddilar tomonidan qanday ishlar olib borildi?

Ammo ayrim fuqarolar murojaatlar yechimini topmayotganini aytdi. Tuman hokimligi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlarning ijro muddati 1 iyul qilib belgilangan va barcha murojaatlar hal etilgan.

– Yolg‘iz onaman, sakkiz yoshli qizim bor, – deydi tumandagi Amir Temur mahallasida yashovchi Zulayho Hamidova. – Qizimda tug‘ma yurak yetishmovchiligi (porok) bo‘lganligi bois order olib davolatish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga 3 yil oldin ariza bilan murojaat qilgandim, ammo natija bo‘lmadi. “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi orqali tuman hokimidan shu masalada yordam berishini iltimos qildim. Yaqinda tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari farzandimda kardio xirurgiya operatsiyasini o‘tkazishdi. Ayni paytda qizimning salomatligi yaxshi.

– Bundan uch yil oldin mahallamizda mini-stadion qurish uchun tuman hokimligiga murojaat qilgandim, – deydi Ravot mahallasida yashovchi Dilmurod Ochilov. – Tuman hokimligi xodimlari stadion joyini ko‘rib, qurilishni boshlang, deyishdi. Shundan so‘ng 160 million so‘mga yaqin mablag‘ evaziga qurilish-montaj ishlarini boshladim. Faqatgina stadionning sun’iy maysa qoplamasini olish uchun mablag‘ yetmay qoldi. Shu bois, joriy yilning 27 mart kuni 80 million so‘m kredit so‘rab «Transbank»ga murojaat qildim. Ammo natija bo‘lmadi.

«Ochiq muloqot»da shu masala bo‘yicha tuman mutasaddilariga murojaat qilgandim. Muammo o‘z yechimini topishini aytishgandi.

Biroq murojaatchi bugungacha tuman hokimligi mas’ullaridan “Biz murojaatingiz ustida ishlayapmiz”, qabilidagi javobni eshitib qaytyapti, xolos.

Xo‘jaqishloq qishlog‘ida yashovchi yana bir fuqaroning aytishicha, mahalla hududidan Darg‘om kanali oqib o‘tgan. Chiqindilarning o‘z vaqtida olib ketilmasligi oqibatida odamlar chiqindini ushbu kanalga tashlamoqda. “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida aholi bilan shartnoma qilib, chiqindilarning olib ketilishini yo‘lga qo‘yishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Murojaatdan so‘ng tuman “Toza hudud” DUK tomonidan chiqindilar bir necha marta olib ketilgan, ammo yana eski holat.

– O‘zim birinchi guruh nogironiman, – deydi Vorsin mahallasi fuqarosi Yormamat Sodiqov. – 2016 yilda namunali uyga ko‘chib o‘tdik. Bizga tabiiy gaz faqat qish mavsumida berilardi. 2017 yilda tuman gaz ta’minoti korxonasiga shu masala yuzasidan murojaat qildim. Mutasaddilar kelib, 2018 yilgi davlat dasturiga kiritildi, deya va’da berishdi. Afsuski, joriy yilda bu va’da va’daligicha qolib ketyapti.

Mazkur mahallada yashovchi Uchqun Narziqulov ham xuddi shu masalada murojaat qilgan. Uning aytishicha, murojaatdan so‘ng tegishli tashkilot xodimlari bir marta qo‘ng‘iroq qilishgan. Mahallaga boradigan gaz quvurlarida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli uzilishlar sodir bo‘layotgani, ta’mirlash ishlari yakunlangach, tabiiy gaz bilan ta’minlanishi aytilgan.

Murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish oson emas. Ammo ularni xo‘jako‘rsinga yopish bilan aholi muammosini bartaraf etib bo‘lmaydi-ku.

Bahriddin XONKELDIYeV.