Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Paxtachilik ayol aroqxo‘r erini urib o‘ldirdi

Paxtachilik Ulmanoy O‘roqova turmush o‘rtog‘i Elmurod O‘roqov (marhum) bilan taqdirini bog‘laganda uning xonadonida bir ayol kishi orzu qilgan baxtni ko‘raman, bir ayoldan kutgan mehrni beraman, deya orzu qilgandi. Ming afsus, erining subutsizligi, aroqning kasofati barchasini chilparchin qildi.

Ular turmush qurganidan bir yil o‘tgach, Elmurod ko‘p ichadigan odat chiqardi. Bu ham yetmaganday ichib kelganida turli bahonalar bilan uyida janjal chiqarib, xotinini do‘pposlardi.

Oradan uch yil o‘tib E.O‘roqov yoz oylarining birida Namangan viloyatiga ishlashga ketdi. Ko‘p o‘tmay ro‘zg‘orini tebratish uchun oila boshlig‘idan pul kutib turgan xotin erining kim bilandir urishib uni o‘ldirib qo‘yganligi uchun qamalganligi haqida xat oldi.

E.O‘roqov jazo muddatini o‘tab, uyga qaytgach xotini erining yomon odatlarini tashlab yaxshilik tomon o‘zgarganiga umid qildi. Ammo u tuzalish yo‘liga o‘tmagandi. Elmurod uyga kelganidan so‘ng yana ichkilikbozlikni davom ettirdi. Mast holatda birovning mashinasini olib qochib qamaldi.

Bu gal ozodlikka chiqqanida ham u xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Har kuni ichib kelib xotin bola-chaqasini urish odatini tashlamadi.

Bunday azob-uqubatlarga chiday olmagan Ulmanoy bir kuni IIB xodimlariga murojaat qildi. Ular kelganida Elmurod o‘zini uxlaganga solib yotardi. IIB xodimlari ketganidan so‘ng eri “Sen hali melisa chaqiradigan bo‘ldingmi?”, deb Ulmanoyni battar do‘pposladi. Shundan so‘ng ayol IIB xodimlariga qayta murojaat qilmadi. Ayol erini tashlab otasinikiga ketmoqchi ham bo‘ldi, ammo erining bir kun tuzalishiga umid qilib, qolaversa, farzandlari tirik yetim bo‘lib qolmasligi, oilasini saqlab qolish uchun barcha azob-uqubatlarga chidab keldi.

Ammo Elmurodning so‘nggi harakati Ulmanoyni erining qotiliga aylanishiga sabab bo‘ldi. Qish kunlarining biri Ulmanoy shifoxonaga borib, oylik maoshini olib uyiga qaytdi. Bu paytda eri bir-ikkita ulfatlari bilan ichib o‘tirardi. Ulfatlari ketgach Elmurod xotiniga do‘kondan aroq olib kelishni buyurdi. Ulmanoy aroq olib kelsa, eri yana battarroq janjal qilishi mumkinligini o‘ylab, aroq sotib olmasdan ko‘chada biroz aylanib yurdi. Ammo tezroq bormasa farzandlarining azoblashini o‘ylagan ayol bir shisha aroq olib uyiga bordi. Uyiga kelsa eri ichib o‘tirgan edi. Elmurod eshikdan kirgan xotinini ko‘rib, uni haqoratlay boshladi. Erining razil qiliqlari halqumiga kelgan Ulmanoy jahl ustida aroq shishasi bilan erining boshiga urdi. Elmurod shisha zarbidan hushini yo‘qotadi. Ulmanoy erining hozir mastligi, hushiga kelsa urishidan qo‘rqib, sovuqda tashqariga chiqarib qo‘yadi.

Oqibatni qarang, bir oila parchalanib,  uch bola uyda otasiz qoldi.

I.Hamidov,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.