Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Paxtachilik mohir dehqon, mehnat faxriysi Bobosher Shovxiyev vafot etdi

Ko‘p yil qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab, fidoyilik ko‘rsatgan zahmatkash inson, mehnat faxriysi Bobosher Shovxiyev 8 fevral kuni 82 yoshida vafot etdi.

B.Shovxiyev 1939 yilda Paxtachi tumani Tumor qishlog‘ida tug‘ildi. Tumandagi 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qigach, xo‘jalikda ishchi bo‘lib mehnat qildi.

1967 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumining mexanizatsiya bo‘limini, 1975 yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutining agronomiya fakultetini tamomladi.

1984 yilda R.Mahmanov nomli shirkat xo‘jaligida agronom, brigadir bo‘lib ishladi, halol mehnati bilan elda obro‘ orttirdi. O‘z davrining dala qahramoni sifatida tanilib, qator orden va medallar hamda Sotsialistik mehnat qahramoni unvoni bilan mukofotlandi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tumanda birinchilardan bo‘lib fermerlikka qo‘l urdi va “Shovqi bobo” fermer xo‘jaligini tashkil qildi.

B.Shovxiyev bir necha bor viloyat va tuman kengashlariga deputat bo‘lib saylandi. Bu davrda aholini qiynab kelayotgan muammolarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq tadbirlar amalga oshirdi, saylovchilar ishonchini oqladi.

Bobosher Shovxiyev qayerda ishlamasin va qanday vazifani bajarmasin mehnatkashligi, jonkuyarligi bilan odamlar ko‘nglidan joy oldi.

Ajoyib inson, mohir dehqon Bobosher Shovxiyevning yorqin xotirasi tuman jamoatchiligi, farzandlari va do‘stlari qalbida abadiy yashaydi.

Paxtachi tumani hokimligi.