Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Paxtakor-79” aviahalokati guvohi: “Bu – bir o‘smir hazm qilishi juda qiyin bo‘lgan og‘riq edi”

Bu yil “Paxtakor-79” jamoasi aviahalokatga uchraganiga roppa-rosa 40 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan joylarda turli tadbirlar o‘tkazilib, marhum “paxtakor”chilarning xotirasi yodga olinmoqda.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan o‘smirlar o‘rtasida “Xotira qanotlari-2019” xalqaro turniriga bu safar olis Ukrainadan, yanada aniqrog‘i mash’um fojia sodir bo‘lgan Kurilovka qishlog‘idan ham jamoa tashrif buyurdi.

Ta’kidlash joiz, ularning xalqaro turnirdagi ishtiroki muxlisu-mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi. Musobaqa yakunida biz ushbu jamoa vakili Karmen Mersev bilan suhbatlashdik. Bu insonni suhbatga tortishimizning boisi, u o‘sha 1979 yilning 11 avgust fojiasiga guvoh bo‘lgan kam sonli kishilardan biri ekan.

– Bu mash’um fojiani haligacha yaxshi eslayman. Avgust oyining bulutli kuni, tushlik mahali edi. Men hovlimizning yozgi oshxonasida tushlik qilib o‘tirgandim. Birdan dahshatli gumburlagan ovoz eshitildi. Yugurib tashqariga chiqdim va uyimizdan uncha uzoq bo‘lmagan joyga ulkan samolyot qulab tushayotganligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bu – bir o‘smir hazm qilishi juda qiyin bo‘lgan og‘riq edi. Darhol velosipedga o‘tirib o‘sha joyga yetib bordim. Hammayoqni olov qoplagan, 10-15 tacha odam ham yig‘ilgan ekan. Hamma sarosimaga tushib qolgan, xavotirda. Samolyot bo‘laklari esa har tomonda sochilib yotibdi, qisqasi dahshatli manzara. Keyin esa o‘t o‘chirish mashinalari yetib keldi va yong‘in bartaraf etildi. Dastlab bu bitta samolyot bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganmiz, keyin esa bu fojiada bir emas, balki ikkita samolyot portlaganini bildik. Oradan bir-ikki kun o‘tib esa bu “Paxtakor” jamoasi ekanini eshitdik. U paytlarda futbol o‘ynab tursamda, “Paxtakor”ning o‘yinlarini kuzatib bormasdim, chunki atigi 13 yoshli bola edim. Keyinroq bu sobiq Ittifoqning o‘sha davrlardagi eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lganini, uning tarkibida ko‘plab mohir futbolchilar to‘p tepganini eshitdim, bildim. Kurilovkada marham “paxtakor”chilar uchun yodgorlik o‘rnatilgan bo‘lib, haligacha hamqishloqlarim uni ziyorat qilib turadi. Yodgorlik Alla Tazetdinovaning sa’y-harakati bilan o‘rnatilgan. U kishi bizning qishlog‘imizga ko‘p borgan, marhumlar xotirasi yodga olingan, osh pishirilgan. Bu yerga ko‘plab jamoalar, jumladan o‘sha “Dnepr” klubi ham ko‘p kelgan va marhumlarni yodga olgan. Biz har yili avgust oyida qishlog‘imizda “Paxtakor-79” jamoasi xotirasiga bag‘ishlab uncha katta bo‘lmagan turnir o‘tkazib turamiz. Unda mahalliy jamoalarimiz ishtirok etadi. Qisqasi, biz hayot ekanmiz, “Paxtakor” jamoasini aslo unutmaymiz, ularni hamisha yodga olib turamiz. Chunki ular shunga munosibdir, – dedi bizga bergan intervyusida Karmen Nikolayevich Mersev.

O.Eshmamatov, O‘zA