Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi kutubxonada qariyb 5 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda

Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida “UZ PRO BULDING” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu ishlarning loyiha qiymati 4 milliard 962,2 million so‘mni tashkil qiladi.

Bugungi kunda quruvchilar binoning fasad qismiga zamonaviy pishiq g‘isht termoqda. Ma’nan eskirgan deraza va romlar to‘liq yangilanmoqda. Muassasa xizmatidan foydalanganlar yaxshi biladi – binoning poli qariyb yaroqsiz ahvolda edi. Ayni paytda nafaqat pol, shu bilan birga xonalarning shifti ham yangicha qiyofaga keltirilyapti.

Axborot-kutubxona markazining havo aylanish tizimi (ventilyasiya) to‘liq yangilanib, zamonaviy jihozlar o‘rnatilmoqda. Bu bilan ziyo maskanidagi 633 mingdan ziyod o‘quv va badiiy adabiyotlarni sifatli saqlash imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, elektr simlari yangilanib, bugungi kun talablariga javob beradigan santexnika vositalari o‘rnatilmoqda.

Rekonstruksiya ishlari natijasida barcha qulayliklarga ega ma’muriyat xonalari, 5 ta o‘quv zallari tashkil qilinadi. Yil yakunigacha bu yerda 1 ta xorijiy tillar, 1 ta bolalar zali foydalanishga topshiriladi. Elektron adabiyotlardan foydalanish uchun 1 kompyuter zali hamda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun 1 ta faollar zali ham tayyorlanmoqda.

Sahobiddin ARZIQULOV,viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi direktori.