Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Sehrli diyor” ostonasida...

Rustam Jabborovning Amerika taassurotlari

«Biz Amerikaga boramiz!” Esingizdami, mashhur “Titanik” filmining bosh qahramoni ana shunday quvonchli hayqiriq bilan olis safarga otlangandi. Umuman olganda, Amerika dunyoning har bir nuqtasida yashovchi insonlarni o‘ziga torta oladigan jozibali diyor. Uning sir-sinoati, kuch-qudrati, tarovati haqida so‘zlagan bilan so‘z  tugamaydi. Xullas, ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, Bunga biz ham o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganlarimiz misolida ishonch hosil qildik.

Salom, Vashington!

Картинки по запросу вашингтон

Toshkent bilan Vashington orasidagi masofa 10 ming chaqirimdan ko‘proq. Ammo, tranzit  reyslar bilan uchilganida undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Xususan, Toshkent-Almati-Frankfurt-Vashington yo‘nalishida bu masofa kamida bir yarim baravar ortadi.

Xullas, uchta aeroportdagi kutish vaqtlarini ham qo‘shib  hisoblaganda, 38 soat deganda Amerika poytaxtiga yetib borish mumkin. (Albatta, parvozlar oralig‘idagi vaqt har gal turlicha bo‘lishini unutmaslik kerak).

Vashington-Dalles aeroporti mamlakat poytaxtining tashqi olam bilan bog‘lovchi asosiy darvozalardan biri. AQShning Prezident Duayt Eyzenxauer hukumati davridagi davlat kotibi Jon Foster Dalles nomi bilan ataladigan ushbu aeroporti 80 ta mahalliy, qirqqa yaqin xorijiy yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatadi. Yo‘lovchilar oqimi nihoyatda katta bo‘lgani uchun pasport nazoratidan o‘tish ancha vaqtni oladi. Tasmalar oralab turnaqator saf tortgan yo‘lovchilar orasida turli irq va millatga mansub minglab  qiyofalarni uchratasiz.

Virjiniya shtatida joylashgan ushbu aeroportdan to Vashington markaziga qadar 48 chaqirim yo‘l bosishga to‘g‘ri keladi. Yo‘llar ravon, mashinalar tirband bo‘lsa-da, tartibsizlik yo‘q, asabiy signallar eshitilmaydi. Yo‘l belgilarininig shakl shamoyili bir muncha farq qilsa-da, bir qarashda tushunsa bo‘ladi. Masalan, “Speed limit 45 miles” belgisi soatiga 45 mil (72 kilometr)gacha yo‘l bosish mumkinligini bildiradi.

Shaharga kirib borarkansiz, yo‘l chetidagi yam-yashil manzaralar, qalin daraxtzorlar ko‘zga tashlanadi. Nihoyat uzoqdan shaharning osmono‘par binolari bo‘y ko‘rsatadi. Mana, asov Potomak daryosi ustida  qurilgan Long-Bridj ko‘prigi ham ortda qoldi.

Vashington! Qudratli davlatning muhtasham poytaxti! Shaharning rasmiy nomi District of Columbia, ya’ni Kolumbiya okrugi. Ko‘pchilik Vashington shahrini AQShning shimoliy g‘arbiy qismida joylashgan Vashington shtati bilan adashtirib qo‘ymaslik uchun qisqacha Washington D.C. (“Vashington di-si”) deb ham atashadi. Shahar 1791 yilda tashkil etilgan va AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington sharafiga shunday nom olgan.

Ko‘pchilikni shahar nomining o‘ziyoq vahimaga soladi va uning nufuzi  juda ko‘p bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi. Unday emas. Shaharning doimiy aholisi 600 ming kishi atrofida (2010 yil). Ammo aglomeloratsiya (yaqin atrofdagi aholi punktlari)ni qo‘shib hisoblaganda. 5 million  kishidan oshadi. Holbuki, Nyu-York, Chikago, Los Anjeles, Sakramento, Feniks singari shaharlarda aholi soni Vashingtondagidan ancha ko‘p. Shu bois shaharda turar-joylarga qaraganda ma’muriy binolar, bog‘lar, yodgorliklar, savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlar, mehmonxonalar ko‘proq.

 Oq Uy oldida...

Картинки по запросу oq uy aqsh

Bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlarning “sehrli diyor”ga tashrifi tabiiyki, poytaxtning diqqatga sazovor joylari bilan tanishishdan boshlandi. Oq Uy nainki Vashington yoki AQSh, balki dunyo siyosatining eng yirik markazlaridan biri. Ushbu betakror bino qurilgan 1800 yildan beri unda Jon Adamsdan to Trampga qadar o‘nlab davlat rahbarlari yashab, faoliyat ko‘rsatgan. Har kuni minglab sayyohlar kelib, bu siyosiy binoni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, ko‘zdan kechirib, uning fonida suratga tushib qaytadi.

Oq Uyning bevosita ichiga kirib tomosha qilishni kim istamaydi? Ammo ta’mir ishlari ketayotgani uchunmi, bu tarixiy binoni Oq Uyning orqasidan o‘tuvchi Pensilvaniya avenyusi tomonidan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.

Ushbu ko‘chaning narigi tarafidagi xiyobon ertayu kech odamlar bilan gavjum. Kimdir o‘zini rasmga tushishirsh bilan ovora. Qaysidir tinchlikparvar tashkilot a’zolari o‘z tarafdorlarini ko‘paytirish maqsadida o‘tgan-ketganlardan imzo to‘plashga oshiqadi. Ko‘chaning narigi tarafida, Oq Uyning shundoq orqasidagi maydonda yana qandaydir guruh a’zolari miting o‘tkazmoqda. Guruh rahbari ovoz kuchaytirgichda nimalarnidir uqtirib baqiradi.  Boshqalar unga jo‘r bo‘lishadi. Bir ikki nafar politsiyachi chetdan manzarani xotirjam va loqayd kuzatyapti...

Xiyobondagi ozodalik, tarovat, yashillik ko‘zni quvontiradi. Kattalar bilan birga kelgan kichkintoylar o‘tloq bo‘ylab chopib yurgan olmaxonlarni quvlash bilan ovora. Xiyobon nomi Amerika inqilobi(1783 yil)ning faol ishtirokchisi, fransuz armiyasi general-mayori Jilber de Lafayett (1752-1834) nomi bilan ataladi. Shu bois bu yerda 1890 yilda fransuz haykaltaroshi Aleksandr Flager tomonidan mazkur yodgorlik tiklangan.

Xiyobonda, Lafayett haykalidan 20 metrcha narida yana bir fransuz harbiysi, Amerika inqilobi ishtirokchisi general Roshambo (1725-1807) haykali qad rostlagan. Bu o‘rinda ushbu harbiylar tarjimai holini yozib, vaqtingizni olmoqchi emasman. Har qalay bu ikki fransuz harbiysining Fransiya va Amerika uchun bu qadar katta xizmat qilmaganida,  Vashington markazida, Oq Uy qarshisida  ularning haykaliga o‘rin berilmas edi.

Ko‘chalarni yayov kezganda...

Oq Uy yonidagi ko‘chalarni piyoda aylanishning boshqacha  gashti bor. Havo harorati ancha yuqori bo‘lishiga qaramasdan, ko‘chada odam juda ko‘p. Har qadamda maxsus sovutkichlarda suv sotib yurganlarni uchratasiz. Atigi bir yoki ikki dollar evaziga (1) yelim idishdagi yarim litrli suv chanqog‘ingizni bosadi (bizdan kamida o‘n baravar qimmat).

Картинки по запросу белый дом сша улиса

Piyodalar yo‘lagining chekkasida ko‘chma savdo shaxobchalari o‘rnatilgan. Asosian xitoylik sotuvchilar savdo qiladigan bu do‘konlardan  fast-fud, o‘yinchoqlar, esdalik sovg‘alari, turli aksessuarlarni  xarid qilish mumkin. Mahsulotlari ham asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan. Yo‘laklarda elektron samokatlarda sayr qilayotganlarni har qadamda uchratasiz. Ushbu samokatlar telefondagi maxsus ilovalar orqali ishlatiladi. Ilovada o‘z hisobingizdan ma’lum miqdordagi to‘lovni amalga oshirib, samokatdan ma’lum vaqt davomida foydalanasiz. To‘lov muddati o‘tgach samokatlar bloklanadi va harakatdan to‘xtaydi.

“Oq uy”ning yon tarafidagi gavjum trotuardan odimlab borarkansiz, olisdan ko‘kka qadalga xanjar shaklini eslatadigan Vashington monumenti ko‘rinib turadi. Obida  Jorj Vashingtonning 100 yilligi munosabati bilan 1830 yilda, Oq uy va Kapitoy tepaligi oralig‘ida  qurila boshlagan. 170 metr balandikka ega bo‘lgan bu obida to Eyfel minorasi qurilgunga qadar dunyodagi eng baland inshoot bo‘lib hisoblangan. Uning tepasiga 896 ta pog‘onali zinapoya yoki lift yordamida ko‘tarilish mumkin.

Uning tepasidan butun Vashington, hatto Merilend va Virjiniya shtatining katta hududida yaqqol ko‘rinib turadi. Lekin, o‘zimiz uning tepasiga chiqib ko‘rolmadik.

Linkolnga ehtirom ifodasi

Vashington Markazidagi Milliy xiyobondan o‘rin olgan tarixiy obidalarlardan biri AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln yodgorligidir. Yangi yunon  uslubida barpo etilgan imorat 1914-1922 yillarda qurilgan. Oppoq marmardan, arxitektor Genri Bekon loyihasi asosida ishlangan bu inshoot Amerikaning eng ko‘p ziyorat qilinadigan yodgorliklari qatoridan o‘shrin olgan. Bu yerga har yili 6 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy turistlar kelib ketadi.

Binoga kirish uchun o‘nlab marmar zinalardan yuqoriga ko‘tarilishga to‘g‘ri keladi. Ichkariga kirishingiz bilan Sizni kursi ustida savlat to‘kib o‘tirgan buyuk siyosatchining salkam olti metrlik bahaybat haykali qarshi oladi.

Haykal tepasida quyidagi so‘zlarni o‘qish mumkin: “Avraam Linkoln xotirasi uning mamlakat birligini asrab qolganiga ishonch bildirgan odamlar qalbida va ushbu me’moriy obida bag‘rida abadiy saqlanadi”. Ochig‘i, o‘zim ham shu paytga qadar bu inshootni Linkoln maqbarasi bo‘lsa kerak, deb yurardim. Unday emas ekan.

Tarixdan ma’lumki, Avraam Linkoln AQShni 1861-1865 yillar davomida boshqargan, u boshqaruvi davomida o‘z vatanini fuqarolar urushi girdobidan olib chiqishni uddalagan, qullikni rasman bekor qilgan, Yevropa mamlakatlari bilan aloqalarni yaxshlishga qarakat qilgan edi. U Amerikada shimol va janub nizolarida shimolliklarning manfaatlarini himoya qilgan, bu esa janubda unga nisbatan norozilik to‘lqinini keltirib chiqargan.

Shu bois, 1865 yil 14 aprel kuni Ford teatrida  “Mening amerikalik qarindoshim” spektakli taqdimotida janubliklar tarafdori bo‘lgan aktyor Jon Uilks But Prezident o‘tirgan lojaga yugurib kiradi va uni otib tashlaydi. Linkolnning jasadi Springfilddagi Ouk-Ridj qabristonida dafn qilinadi...

“Urush... noming o‘chsin jahonda!”

Oq Uydan uncha uzoq bo‘lmagan hududda Vetnam urushi ishtirokchilari uchun maxsus me’moriy yodgorlik o‘rnatilgan. Mazkur yodgorlikda bir necha metr uzunlikdagi Vetnam urushi qurbonlari va unda bedarak yo‘qolgan amerikalik askarlar nomi bitilgan  qora marmar devor ikki tomondan pastga qarab    kengayib boradi.

Ma’lumki, Vetnam urushi XX asrdagi eng yirik va qonli  fojialaridan biri sanaladi. Ma’lumki, AQSh 1965-1973 yillarda Vetnamda davom etayotgan partizanlar urushida ishtirok etadi. Ushbu mash’um urush natijasida Qo‘shma Shtatlardan 58 mingdan ortiq inson  qurbon bo‘lgan. 1700 dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan. Vetnam esa, bu urushda 250 ming nafar askaridan ayrilgan, tinch aholi vakillari orasidan qurbon bo‘lganlar  soni hanuz aniqlanmagan.

1979 yilda Amerikada Vetnam urushi qurbonlarini xotirlash fondi tashkil etiladi. Ularga atab yodgorlik tiklash maqsadida aholi va turli nodavlat tashkilotlaridan 8 milliondan dollarga ortiq mablag‘ to‘planadi. 1700 loyiha orasidan 21 yoshli xitoylik talaba qiz Mayi Linning loyihasi g‘olib deb topiladi. Yodgorlik 1982 yil noyabrda rasman ochilgan. Mazkur “qora devor”dan Vetnam urushidan qurbon bo‘lgan 58 256 nafar amerikalikning ismi bitilgan.

75 metr uzunlikdagi devor tepadan qaraganda qanotini ikki tomonga kerib turgan baliqchi qush shaklini eslatadi. Yodgorlik poyida sokin harakatlanarkanmiz, devordagi bitiklarga termilamiz: Nikolas Frits, Richard Garlik, Maykl Xolssman, Paul Xayns.... ismlarning adog‘i ko‘rinmaydi. Bu sovuq harflar ortida erta xazon bo‘lgan umrlar qissasi yashirin.

Albatta, bu faqat bir tomondan berilgan qurbonlarning ro‘yxati. Ikkinchi tomon qurbonlarining soni bundan bir necha marotaba ko‘p. Albatta, oradan salkam yarim asr o‘tdi, qorlar yog‘ib, izlar bosildi. Ammo, har ikki tomondan qattol urushda halok  bo‘lganlarni ayblashga haqqimiz yo‘q. Ular kimlarningdir siyosiy xatolari, jinoyatlari sabab yuzaga kelgan qirg‘inbarotning aybsiz qurboni xolos.

Yodgorlik markazi – ikki devor tutashgan joyda nogironlik aravachasida o‘tirgan qariyaga ko‘zim tushdi. U ko‘zoynagini qo‘lidagi ro‘molchasi bilan artgancha, yoshlangan ko‘zlari bilan adoqsiz bitiklarga termiladi. “Siz ham shu urushda bo‘lganmisiz?” so‘rayman uning yoniga ohista yaqinlashib. Qariya menga qaramasdan bosh irg‘ab tasdiqlaydi va yelkalari silkingancha unsiz yig‘laydi. Ayni chog‘da u kim uchun yig‘layapti – qatliom ichida kechgan yoshlik davrlarini qo‘msabmi, behuda to‘kilgan qonlar uchunmi yo urushdan yo‘qotgan qadronlarini eslabmi – bunisi men uchun sirligicha qoldi. Boshqa savol berish o‘rinsiz ekanini anglab, undan olislayman.

Yodgorlikni ziyorat qilayotganlar orasida oq tanliyu qora tanli ham,  musulmonu nasroniy ham, ingliz ham, arab ham bor. Barchaning yuzida mahzunlik. Shu manzaraning o‘ziyoq har qanday dinu millatda, qit’ayu davlatda odamlar urushga qarshi ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Kongress kutubxonasi

Ushbu yodgorlikdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda dunyodagi eng yirik kutubxona – Kongress kutubxonasining asosiy binosi  joylashgan. Kutubxona 1800 yilda AQSh poytaxti Filadelfiyadan Vashingtonga ko‘chirilgan chog‘da prezident Jon Adams farmoniga ko‘ra, kongressni zarur adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda dunyoning 500 dan ortiq tilidagi 170 million nusxaga yaqin kitoblar, davriy nashrlar, hujjatlar, xaritalar, nodir qo‘lyozmalar saqlanadi.

Kutubxonaga kirish, tomosha qilish mutlaqo bepul. Ichkarida tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlar mavjud. Dunyodagi eng birinchi bosma kitob – Iogan Guttenberg dastgohida bosilgan “Injil” nusxalaridan biri  ham aynan shu yerdan o‘rin olgan. 1775 yilda qabul Mustaqillik deklaratsiyasining qorama nusxasi ham xuddi shu kutubxonadan o‘rin olgan.

Binoning ikkinchi qavatida turli mavzulardagi muzeylar tashkil etilgan. Jumladan tarix, arxeologiya, beysbol, ayollarning teng huquqliligiga bag‘ishlangan muzeylarda turli qiziqarli eksponatlarni ko‘rish mumkin. Binoning bitta zaliga AQShning  uchinchi prezidenti Tomas Jeffersonning  shaxsiy kutubxonasi to‘liq ko‘chirib keltirilgan.

Kutubxona 1460 o‘rinli 18 o‘quv zalini o‘z ichiga oladi. Bu yerda 3000 dan ortiq xodim ishlaydi, kutubxona 1,6 million kitobxonga xizmat ko‘rsatadi. 

Albatta, birgina maqola doirasida dunyoning eng mashhur va ma’mur shaharlaridan biri bo‘lgan Vashington taassurotlarini sig‘dirish qiyin. Amerika safarining boshqa tafsilotlari esa, keyingi maqolalarimiz mavzusi bo‘ladi.