Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sport xabarlari: Sportda yoshlarga ibrat bo‘layotgan faxriylar

Samarqand shahridagi “Afrosiyob” sport majmuasida viloyat mehnat faxriylari o‘rtasida “Nuroniylar uch kurashi” bo‘yicha sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Qahramoni, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov, O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi K.Xudayberganov so‘zga chiqib, sport bilan doimiy shug‘ullanish erta qarishning oldini olishi, insonda tetiklik va bardamlikni oshirishi xususida so‘z yuritdi.

Musobaqada viloyatimizning shahar va tumanlaridan kelgan 100 nafarga yaqin otaxon va onaxonlar sportning qisqa masofaga yugurish, basketbol to‘pini savatga tashlash, yengil atletika turlari bo‘yicha bahsga kirishdi. Bahslarda ularning nabiralari ham qatnashdi.

Sport tadbirida faol ishtirok etgan faxriylar viloyat hokimligi, “Mahalla”, “Nuroniy” va “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armalari, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***

Dzyudo

Samarqand shahridagi sport yakka kurashlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida 12-13 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.

200 nafar dzyudochilar orasida S.Mamirov, M.Sayfiddinov, J.Quldoshev, S.Ziyodullayev, B.Tugalov, O.Majidov, M.Toirov, A.Nurmanov, A.Quvondiqovlar o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egalladi.

Bekzod AHMEDOV.

*** 

Muay-tay

Narpay tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida muay-tay bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Havaskor va professional muay-tay assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan sport musobaqasida yurtimizning barcha viloyatlaridan 500 nafardan ortiq o‘smirlar 84 kilogramm vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida viloyatimiz yosh muay-taychilari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent shahri va Buxoro viloyati sportchilariga nasib etdi.

Jasur KARIMOV.

***

Taekvondo

Samarqand shahrida taekvondoning ITF yo‘nalishi bo‘yicha bolalar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida viloyat ochiq kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

Unda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan hamda Qashqadaryo, Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan 200 nafar taekvondochilar bellashdi. Musobaqa yakunida umumjamoa hisobida samarqandliklar birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi, uchinchi o‘rinlar Toshkent va Surxondaryo viloyatlari sportchilariga berildi.

***

Samarqand shahrida taekvondoning VTF yo‘nalishi bo‘yicha viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.

165 nafar o‘smirlar, yoshlar va kattalar qatnashgan bellashuv yakunida umumjamoa hisobida Samarqand shahrining “Dinamo” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Samarqand shahridagi 2-BO‘SM va “Nafosat” klubi hamda Toyloq ixtisoslashtirilgan olimpia zaxiralari tayyorlash maktab-internati jamoasi qo‘lga kiritdi.

*** 

Futbol

Samarqand shahridagi ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida futbol bo‘yicha 2003 yilda tug‘ilgan BO‘SM va IBO‘SM tarbiyalanuvchilari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

Musobaqaning final bahsi “Dinamo” o‘yingohida tashkil etildi.

Final bellashuvida Toshkent shahri jamoasini mag‘lub etgan namanganliklar g‘oliblikni egalladi.

Sohib ABDURAHMONOV.

***

Shaxmat

Nurobod tumanida shaxmat bo‘yicha murabbiy Normurod Xushvaqtov xotirasiga bag‘ishlab tumanlararo xotira turniri o‘tkazildi.

Turnirda Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Past Darg‘om tumanlaridan kelgan 50 nafardan ortiq turli yoshdagi havaskor va professional shaxmatchilar dona surdi.

Musobaqa yakunida Nurobod tumanining Sazag‘on qishlog‘idan kelgan Ravshan Salimov birinchi o‘rinni egalladi. Pastdarg‘omlik Mahmud Bobomurodov ikkinchi, nurobodlik Sevinch Aliyeva uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Nurali EShNAZAROV.