Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Stalin repressiyasi davrida qurbonlar soni qancha bo‘lgan?

Stalin repressiyasi bilan bog‘liq raqamlar bir-biridan tubdan farq qiladi. Ayrim mutaxassislar 10 millionlab qurbonlar haqida ma’lumotlar keltirsa, ba’zilari 100 minglab qurbonlar bo‘lgani haqida aytmoqda.

Kim aybdor?

Tarixchi olim Nikolay Kopesovning fikriga ko‘ra, 1937-1938 yillardagi qatag‘onlarning ko‘pchiligi faqat Stalin buyrug‘igagina asoslanmasdan, balki Yagoda, Yejov va Beriyalarning imzolari bilan ham amalga oshirilgan. Kopesov tarafdorlarining fikricha, jazoni ijro etish tuzilmalari rahbarlari o‘zlari xohlagandek ish tutishgan. Biroq tarixchilarning ko‘p qismi ushbu fikrga qo‘shilmaydi va ularning fikriga ko‘ra, Yejov va Beriya kabi jallodlar bor yo‘g‘i Stalin qo‘lidagi qurol bo‘lgan va oxir oqibat ularning o‘zlari ham Stalin terrori qurboni bo‘lganliklarini ta’kidlaydi. Tarix fanlari doktori, Rossiya Federatsiyasi Davlat arxivi bosh mutaxassisi Oleg Xlevnyukning ta’kidlashicha, hujjatlarda Stalinning imzosi yo‘qligi hech qanaqa ahamiyatga ega emas. U faqat “tozalash” haqida buyruq bergan.

Qurbonlar soni qancha edi?

Stalin terrori qurbonlari masalasi bo‘yicha tortishuvlar uzoq bahs-muzokaralarga sabab bo‘lmoqda. “Kim va qay tarzda stalinizm qurboni bo‘lgan”, degan savolga yaxlit javob yo‘q. Ko‘plab mutaxassislar “qatag‘on qurbonlari” tushunchasi judayam keng qamrovli tushuncha ekanligini ta’kidlaydi.

Shubhasiz, sud qilinganlar, qamoqxona va lagerlarga yuborilganlar, otishga hukm qilinganlar, mol-mulki musodara qilinganlar birinchi navbatda, qatag‘on qurbonlari ro‘yxatiga kiritiladi. Ammo ularning oila a’zolari, qiynoqqa solinib, keyin qo‘yib yuborilganlar va boshqa holatlar ham inobatga olinishi kerakmi? Siyosiy va jinoiy mahbuslarni ajratish kerakmi? Ko‘chada mayda o‘g‘irlik uchun hibsga olinib, keyin davlat miqyosidagi jinoyatni sodir etganlikda ayblanganlarni qaysi toifaga ajratish mumkin?

Deportatsiya qilingan xalqlar alohida e’tibor talab etadi. Ular ham qatag‘on qurboni bo‘lganmi yoki shunchaki ma’muriy jazolanganlarmi?

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni hisobga olib yoki olmasdan qilingan hisob-kitoblar turlicha raqamlarni ko‘rsatmoqda. Bu masalada eng ta’sirli raqamlarni iqtisodchi Ivan Kurganov taqdim etdi. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, 1917–1959 yillar davomida 110 million nafar sobiq ittifoq fuqarolari repressiya qurboni bo‘lgan. Bu ro‘yxatdan sobiq ittifoq hududidagi barcha millat vakillari o‘rin olgan: o‘zbek, rus, chechen, tojik, arman, ozarbayjon, ukrain va boshqa millatlar.

Shu bilan bir qatorda, Kurganov, ocharchilik, kollektivlashtirish, dehqonlarning quloq qilinishi, otishga hukm qilinganlar kabi omillarni kiritgan. E’tibor qaratish lozim bo‘lgan tomoni shundaki, Kurganov faqatgina vafot etganlarni hisoblagan. Agar mutaxassis keltirilgan davr ichida sobiq sovet hukumati terroridan barcha jabr ko‘rganlar sonini hisoblasa, qanday raqamlar qayd etilishini tasavvur qilsa bo‘ladi.

“Memorial” huquni muhofaza qilish tashkiloti rahbari Arseniy Roginskiy keltirgan raqamlarga ko‘ra, butun sovet ittifoqi ko‘lamida 12,5 million odam siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan. Ammo bu masalaga keng qamrovda qaralsa, 30 million odam qatag‘on qurboni bo‘lganligi ta’kidlangan.

“Yabloko” siyosiy harakati yetakchilari Yelena Kriven va Oleg Naumovlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Stalin terrori oqibatida jami 39 million turli millat va elat vakillari qurbon bo‘lgan.

Shubhasiz, keltirilgan raqamlar qurbonlarning aniq sonini ifoda etolmasa ham taxminiy raqamlarni aks ettira oladi. Bir narsa aniq, Stalin terrori ko‘plab millat va ellat vakillarining yostig‘ini quritdi. Ko‘plab ziyoli va bilimli, mard odamlar yo‘q qilindi.

Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.