Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sud soliq inspeksiyasining da’vosini rad etdi va qo‘shma korxona 439 million so‘m moliyaviy jarima to‘lamaydigan bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan Jomboy tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyat sifatida faoliyat yurituvchi “Bmax Paints” qo‘shma korxonasi rahbari U.Rajabovning  korxonaga nisbatan tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 439 024 080 so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilganligidan norozi bo‘lib yozgan murojaati o‘rganib chiqildi.

O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, Jomboy tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2018 yil 19 dekabr kuni kameral nazorat asosida “Bmax Paints” qo‘shma korxonasiga Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 sentyabrdagi 416-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risida nizom”ning 17-bandiga muvofiq 439 024 000 so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 oktyabrdagi “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 1-bandiga 2019 yil 1 yanvardan boshlab davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar kontragentlari bilan o‘zaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun sanksiyalarlarni qo‘llash tartibi bekor qilingan, – deydi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi bosh inspektori v.b. Jasur Tursunov. - Biroq shunga qaramay, 2019 yil 1 may kuni Jomboy tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 sentyabrdagi 416-son qarori bilan tasdiqlangan “Tashqi savdo operatsiyalari ustidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risida nizom” talablariga muvofiq “Bmax Paints” qo‘shma korxonasidan 439 024 000 so‘m moliyaviy jarima undirishni so‘rab Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasiga asosan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tavofut bo‘lgan taqdirda yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi. Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarining davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek banklar bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati sub’yekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilib, unga muvofiq qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati sub’yektining foydasiga talqin etiladi.

Shunga ko‘ra, vakil devoni xodimlari korxona manfaatini ko‘zlab sud jarayonida ishtirok etdi va Jomboy tuman DSIning MChJ shaklidagi “Bmax Paints” qo‘shma korxonasiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi arizasi asossiz ekanligi xususida fikrnoma berildi va ushbu fikrnoma sud tomonidan inobatga olinib, Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 10 iyundagi qarori bilan Jomboy tuman DSIning da’vosi rad qilindi.