«Shyolkovo Agroxim – O‘zbekiston» Rossiya–O‘zbekiston qo‘shma korxonasi o‘z faoliyatini boshladi
Mazkur korxona «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining «Sazag‘on» massivi hududida joylashgan.
Korxonaning loyiha qiymati 31 mln AQSh dollari miqdorida bo‘lib, qurilish-montaj ishlari 2018 yilda boshlangan. Zavod qurilishi uchun Nurobod tumani «Sazag‘on» massividan 5,3 gektar yer maydoni ajratilib, zavodning barcha ma’muriy va ishlab chiqarish sexi va boshqa yordamchi binolar qurilib, foydalanishga topshirildi.
Korxonada Zavodda tamoman yangi komponentlarga ega bo‘lgan, o‘zgacha shakl va ko‘rinishdagi Davlat kimyo komissiyasi tomonidan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ekinlariga qo‘llash uchun ruxsat etilgan «Shyolkovo Agroxim» AJ olim va mutaxassislari tomonidan yaratilgan 50 ga yaqin zamonaviy o‘simliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqariladi. Bu yerda 100 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Korxona o‘z faoliyatining birinchi yilida 20 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradi va uning 20 foizi eksport qilinadi. Mahsulotlar Turkiya, Misr, Eron, Jazoir, Marokash, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Bugunga qadar bunday innovatsion mahsulotning muqobili O‘zbekiston va yaqin xorijiy mamlakatlarda mavjud emas edi. Nafaqat qishloq xo‘jaligi ekinlari, balki atrofimizni yashillikka burkab turgan o‘t-o‘landan tortib dov-daraxtlargacha himoyalash bugun bevosita o‘simliklar karantini va himoyasi sohasining ulkan vazifasi bo‘lib kelmoqda. Bugunda mana shunday yirik inshootning ish boshlagani esa ayni muddao bo‘ldi. Kelgusida ushbu korxona tomonidan o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoyalash vositalarining ishlab chiqarilishi fermer va dehqonlarimiz yumushlarini yengillashtiradi.
Shuningdek, zavod qoshida eng zamonaviy nanotexnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriya ham barpo etilib, bu yerda viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlarining o‘simliklar himoyasi, agrotexnologiyalari va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar, aspirantlar, tadqiqotchilar va doktorantlarning turli xil tajriba-sinovlar, ilmiy izlanishlar olib borishi uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilgan. Onlayn tartibda Rossiya Federatsiyasining o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi yetakchi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari bilan amaliy mashg‘ulotlar uyushtiriladi.
Samarqand viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati.