Samarqandda Turkiya kapitalida 104 ta korxona tashkil etilgan

O‘zbekiston-Turkiya. Qadim ildizlari bir bo‘lgan bu ikki davlat qardoshlik, birodarlik tuyg‘ulari bilan ham charbarchas bog‘langan. Bu jihatlar savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda ham o‘z aksini topgan.

Turkiya kompaniyalari va mahsulotlari dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, O‘zbekiston bozori o‘z investitsiyaviy jozibadorligi bilan jahonga tanilmoqda. Buni yurtimizda tashkil etilgan qo‘shma va xorijiy korxonalarning aksariyatida Turkiya sarmoyasi ishtirok etganida ham ko‘rishimiz mumkin.   

  

Viloyat investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmati ma’lumot berishicha, bugungi kunda viloyatda Turkiya kompaniyalarining kapitali ishtirokida jami 104 ta, shundan 48 ta qo‘shma korxona hamda 56 ta xorijiy korxona faoliyat yuritib kelmoqda.

Jumladan, Turkiya kapitali ishtirokida Past Darg‘om tumanida “Panelsav” MChJ (sendvich panel ishlab chiqarish), Samarqand shahrida “KAPLANSER SAM”  (gilam ishlab chiqarish), “SAM ANTEP TEXTILE GROUP” (tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish), “SAM-ANTEP-GILAM” (gilam mahsulotlari ishlab chiqarish), “ZARTEK DIALIZ MEDSERVIS” (tibbiy xizmat ko‘rsatish), Urgut tumanidagi “IDEAL ELEKTRO LYUKS” (maishiy texnika ishlab chiqarish) qo‘shma korxonasi misolida ham ko‘rish mumkin.

2023 yilda 13 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida Turkiya davlatidan jami 15,7 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Joriy yil davlat investitsiya Dasturiga muvofiq, viloyatda Turkiya davlati bilan hamkorlikda 2 ta yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar ushbu loyihalar doirasida jami 2 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi.

Xususan, Qo‘shrabot tumanida “ALIHAN ORGANIC AGRO LLC” MChJ xususiy korxonasi negizida “Lavanda gulini qayta ishlash” loyihasi amalga oshiriladi va 500 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya o‘zlashtiriladi.

Viloyatimiz hamda Turkiya Respublikasi o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar yo‘nalishida o‘tgan 2023 yilda tovar aylanmasi 268,1 million dollarni tashkil etdi. Shundan 226,6 million dollar import hamda 41,5 million dollar eksport amalga oshirildi. Turkiya davlatiga qilingan eksport mahsulotlari asosan kalava-ip, to‘qimachilik, meva-sabzavotlar va boshqa turdagi mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, Samarqand shahri va Turkiyaning Sakarya (2019 yil), Afyonkarahisar (2022 yil), Konya (2023 yil) hamda Gaziantep (2023 yil) shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.