Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari yanada kuchaytirildi

Mamlakatimizda jinoyat ishlarini tergov qilish faoliyatini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda yaxshilash, qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini ro‘yobga chiqarish, jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv tamoyili qo‘llanilishini yanada kengaytirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.

Joriy yilning 10 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan sud-tergov faoliyatini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilash maqsadida “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, shaxsning huquq va erkinliklarini yanada takomillashtirish maqsadida:

- shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni to‘plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llaniladigan isbotlash standartlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish;

Shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Eng muhimi, bunday qilmishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

- jinoyat ishlarini tergov qilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, surishtiruv va dastlabki tergov organlarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish;

- o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash;

- shaxsga e’lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko‘rilayotganligidan qat’i nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga o‘zgartirilgan hollarda yarashuv institutini qo‘llash tartibini joriy qilish;

- sudlanuvchining jinoyat sodir etilishiga daxli bo‘lmaganligi asosi bilan oqlov hukmi chiqarilgan hollarda jinoyatni haqiqatda sodir etgan shaxsni aniqlash va ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun jinoyat ishini prokurorga yuborish tartibini o‘rnatish belgilandi.

Muxtasar aytganda, ushbu farmon jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish orqali jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga va eng muhimi, sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qiladi.

O‘tkir MAMADALIYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

viloyat sudi raisining o‘rinbosari.