Tadbirkorlar huquqini buzgani uchun 20 dan ortiq mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi

Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsmanning hududlarda faoliyat ko‘rsatadigan xodimlari shtatining tashkil qilinganligi yuqoridagi islohotlarning samarasidir.

Biznes-ombudsmanning Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan o‘tgan yil davomida tadbirkorlik sub’yektlarining 100 ga yaqin murojaatlarini ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati ijobiy qanoatlantirildi.

Jumladan, Mirishkor tumanida faoliyat yurituvchi “Obodon ixtisoslashtirilgan qurilish-ta’mirlash” xususiy korxonasining noqonuniy tarzda olib qo‘yilgan, bozor qiymati salkam 1 milliard so‘m bo‘lgan ko‘chmas mulki ko‘rsatilgan amaliy yordam asosida xususiy korxonaga qaytarildi.

Shuningdek, Muborak tumanida yakka tartibdagi tadbirkor A.Ivadullayevga buzilgan savdo do‘koni uchun yetkazilgan zarar undirib berildi.

Tadbirkorlik sub’yektlari bilan bog‘liq munosabatlarda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun 20 dan ortiq mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Yuqoridagilarga muvofiq tadbirkorlik sub’yektlari o‘z huquqlari

va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan Biznes-ombudsmanning viloyatda faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlariga murojaat qilishlari mumkinligi ma’lum qilinadi.

Sheroz ShODIYeV,

Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori.