Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tug‘ruq ta’tilidan qaytgan xodimga bo‘sh ish o‘rni yo‘qligini vaj qilish mumkinmi?

Odatda, murojaatlar yuridik bilim yetishmasligi yoki qonun talabini to‘g‘ri anglamaganlik oqibatida yuzaga kelgan holatlar xususida bo‘ladi. Ammo bu murojaatdan kulishni hama kuyishni ham bilmay qoldik.

Murojaatga ko‘ra, Samarqand tumani tibbiyot birlashmasining hamshirasi tug‘ruq va bola parvarishlash ta’tilidan keyin o‘z ishiga tiklanmayotganligidan norozi bo‘lgan.

O‘rganish jarayonida tuman tibbiyot birlashmasining hamshirasi 2010 yildan buyon birlashmada ishlab, 2018 yil yanvar oyida tug‘ruq ta’tiliga hamda 2018 yil may oyida bola parvarishlash ta’tiliga chiqqan. 2020 yil fevral oyida ishga chiqish yuzasidan tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limiga murojaat qilganida, bugungi kunda bo‘sh ish o‘rni mavjud emasligini vaj qilib, xodimning ishga chiqishiga to‘sqinlik qilganligi aniqlandi.

Mehnat Kodeksining 234-moddasida bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanishi belgilangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani adliya bo‘limi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i nomiga qonun hujjatlarining buzilish sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

To‘g‘ri, xodim o‘z ishiga tiklandi. Ammo kishini bir savol qiynaydi, nega ayrim mas’ullar qonunda belgilangan normalarni o‘z bilganlaricha talqin qilishga harakat qiladi? Ular bu bilan boshqa bir shaxsning huquq va manfaatlariga ziyon keltirayotganliklarini bilisharmikan.

Albatta, masala taqdimnoma bilan ijobiy yechim topmaganida sud tartibida ko‘rib chiqilishi, o‘rni kelganda tibbiyot birlashmasi mus’ullariga tegishli chora ham ko‘rilishi mumkin edi. Biroq ular birgina noo‘rin harakati bilan odamlarda davlat siyosatiga, eng yomoni ertangi kunga ishonchni so‘ndirayotganligini bilisharmikan?

Ramish O‘LMASOV,

Samarqand tumani adliya bo‘limi katta maslahatchisi.