Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Turmush chorrahalarida: Uvol 

Oshsiz uy bor, janjalsiz uy yo‘q, deydilar. Ilgari bu maqolni eshitib, mag‘zini chaqmagan ekanmi yo uncha e’tibor qaratmaganmikan, Hafiza o‘zganing bo‘sag‘asidan oppoq libosda hatlab o‘tgan kundan buyon Xudoning bergan kuni arzimas, mayda-chuyda narsalardan mashmasha chiqib, to‘polon bo‘lib ketadi. Mana, qaynotasinikida kun sanab, oy sanab yashab yuribdiyamki, bir bahona topilib, siz-biz degan og‘iz san-manga borib, mashmashalar tuguni ochilib ketadi. Baraka topsin, Hafizaning qaynonasi Gavhar opa tilla ayol. Keliniga ortiqcha yumush buyurib qiynab o‘tirmaydi. Goh-nogoh Hafiza ko‘ngil to‘lmagulik ish bajarsa ham ayrim shallaqi qaynonalarga o‘xshab sannamaydi, janjalga bahona qidirmaydi, o‘g‘liga ayttirib, tuttirib, do‘pposlatmaydi. Hafiza ehtimol shuning uchun ham kiroyi qaynonasi uchun chidab yurgan chiqar. Bo‘lmasa eri Normamat piyon naqd jallod bo‘lmasa ham shunaqalardan qolishmaydi. Ichib kelgan kuni xotinini tarsakilamasa yo tepmasa, ko‘ngli tinchimaydi. Bu noshukr erga gap uqtiraverib, nasihat qilaverib Gavhar opaning tili charchab ketdi. U yoqda otasi Norimjon aka ham do‘q-po‘pisa qildi, bo‘lmadi. O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtanmay qolmas ekan. Nasihatu pichinglardan bir muddat boshini kiftiga tortib yurdi-da, yana ulfatbozlik, choyxonashinlik qilib kelib, boyaqish xotiniga kaft tortib yuboradi. Sho‘rlik Hafiza ham sodda, ham quyonyurak. Bo‘lmasa, devangirday ikki akasi, shahdi sinmagan otasi bor. Ularga chaqib, erining popugini pasaytirsa bo‘ladi. Andisha qiladi. Keyin erta-indin gap chiqib qolganda mish-mishlar tagida qolib ketishdan qo‘rqadi. Oldida ko‘z-qoshi popukday shiringina qizi, o‘g‘li bor. Erta-indin ularning bo‘yi cho‘zilib, es-hushini tanib olishsa, keyin «otangni ayang chaqtirib do‘pposlatgan» degan gapni eshitishsa, necha pullik obro‘si qoladi. Yo‘q, bu egri yumushni o‘la qolsayam qilmaydi. Erining kaltaklari tagida til tortib o‘lsayam zinhor-bazinhor qilmaydi. Mana, bugun ham bechora juvon bir-ikki tepki yeb, biqinini ushlab o‘tiribdi. Piyon er xotin to‘shab bergan yumshoqqina ko‘rpachaga uzala tushib xurillab yotibdi. Oldiga yaqinlashib bo‘lmaydi. Qo‘lansa hid xonani tutib ketgan. Derazaning hamma darchalari ochiq bo‘lsayam, xuddi buzuq havo shishib, uyda qamalib qolgandek. O‘g‘ilchasi otasining oldida o‘rmalashib, uyg‘otishga urinadi. Zilday oyoqni ushlab, kuchanib ko‘targudek bo‘ladiyu, naf topolmagach, bosh tomoniga o‘tib, ketmon yuziday katta, og‘ir panjalarga yopisha ketadi.     

— Immm, ada, tuying...    

— Tek tur, indama, — onasi kela solib, bolani dast ko‘tarib oladi-da, tashqariga oyoqlaydi. To‘g‘ri oshxonaga borib, vaqirlab qaynayotgan choynak tagidagi olovni pasaytiradi, uning yonidagi qozon qopqog‘ini ochib, kapgir bilan ovqatni bir-ikki kovlab qo‘yadi. Bola chuchuk tili bilan onasini gapga soladi:   

— Aya, adam ashsha yemiydimi?  

—Dadang to‘yib kelgan, - zarda bilan javob qiladi onasi.  

Shom qo‘nib, ayvondagi chiroqlar yongach, to‘rroqdagi supada butun oila yig‘iladi. Normamatdan bo‘lak hamma ovqatga yuzlanadi. Birov uni eslamaydi ham. Na Gavhar opa, na Norim aka «Normamatni aytib ke ovqatga», demaydi. Issiqqina tortilgan quyuqmi, suyuqmi taom pok-pokiza tushiriladi. Qaynoqqina choy tomoqni ho‘llab, kuydirib oshqozonga tushadi. Ammo hech kim Normamatni loaqal irimigayam eslamaydi. Negaki, zolim bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib bo‘lmaydi. Unga yuzlar mehr bilan boqmaydi. Shirinroq so‘z atalmaydi. Ammo-lekin bu nisbatlarning aksi hayotning mashaqqatlariga yelka tutayotgan, turmush zarbalariga tovush chiqarmay, jimgina bardosh berayotgan sevimli kelinga qaytariladi. 

— Andak dam oling, qizim, kuni bilan tinmadingiz o‘ziyam,— qaynona mehribonlik qiladi. 

— Xudo sizday kelinni berganiga shukr, bu ahmoqqa o‘zi insof bersin, qizim, — shirin so‘zini ayamaydi qaynota. Mana shuning o‘zi malham-da Hafizaga. Achiyotgan joniga em bo‘ladi. Musht nima? Bir zumlik og‘riqda! Bir ko‘z oldingda o‘t chaqnab, taningda turajak og‘riq zum o‘tmay pasayadi, keyin-keyin taqqa to‘xtaydi. Nima qipti... O‘zini aldaydi sho‘rlik juvon. Hafiza ajrashgan er-xotinlar haqida eshitgan. Onasiga yaqin bir qo‘shnisi tuppa-tuzuk yashab yurgan er-xotin orasini ayirib, kelinini quvib solgan ekan. Sal o‘tmay ajrashib, ikkita bola bo‘zlab qoldi. Bir gal onasinikiga borganida ko‘zi tushgandi Hafizaning. Sho‘rlik bolalar ko‘chada isqirt, kir -chir ko‘ylak-shimda yurishgan ekan. Biram achinib ketgandi ularga. Ana shularni ko‘z oldiga keltirib, o‘z farzandlarini o‘ylab ketdi. Bordiyu, eri bilan ajrashsa, bolalar ahvoli nima bo‘ladi? Shu isqirt, kir-chir bolalar ko‘yiga tushmaydimi? Hafiza eridan musht yesayam, joni og‘risayam, undan negadir ko‘ngli sovimaydi. Yomon ko‘rmaydi. Bugun kaltak yeb, ertaga hech narsa bo‘lmagandek apoq-chapoq bo‘ladi. U faqat bir narsaga hayron qoladi. Normamat uylanguniga qadar aroqning aqalli bir tomchisiniyam  og‘ziga olmagan ekan. Yelkasiga ola xurjun tushgandan sal o‘tib, boshqa Normamatga aylanibdi-qolibdi. Ammo-lekin ichib yursayam, o‘zini eplab yuradi. Hech mahal to‘rt oyoqlab kirib kelgani yo‘q uyga. Yo ikki odam ikki qo‘ltig‘idan olib sudrab kelgani yo‘q. Yo toza mast bo‘lib, ko‘cha-ko‘yda yotib, shaltog‘i chiqqani yo‘q. Bir aybi ichib keladi... ichib keladiyu xotinini savalaydi. Bunga hammavaqt bahona topila qoladi. Oshning ozgina tagi olsa yo ko‘ylak dazmollanmay qolgan bo‘lsa? Bola paqirlar vaqt-bevaqt yig‘lagudek bo‘lsayam... jazo. Gap boshqa yoqda. Normamat sevgidan kuygan. Uylanmay turib sal oldin ko‘z ostiga olgan qizi erga tekkach, xonumoni go‘yo olov ostida qolguday bo‘lgan. Keyin alam ustiga uylangan. Sevgisiz, mehr-muhabbatsiz Hafizani nikohiga olgan. Qachonki unga qarasa, sobiq mahbubasi yodiga tushaverib, alamini xotinidan olaveradi. Sababi shu. Buning tagiga Hafiza yaqinda yetdi. Yerto‘lani saranjomlab-sarishtalab yurib, burchakdan kichikroq jomadoncha topib oldi. Obdon changini qoqib, ichini ochsa, varaqlari to‘zigan daftar, rasmlar ekan. U qo‘lidagini yoruqqa tutsa, noz-niholday qizning suvrati. Jilmayib turibdi. Orqasini o‘girgandi, bir jumla yozuvga ko‘zi tushdi: «Meni kuydirib ketding...» Shunda fahmladi Hafiza. 

Gavhar opa yagona keliniga ish buyurdi. 

— Kelin, bozordan ismaloq, jag‘-jag‘ opkeldim. Yuvib, piyoz aralashtirib, to‘g‘rab tashlang. Bir ko‘ksomsa qilaylik.  

Hafizaning ichiga iliqlik kirdi. Sezdi. Qaynonasi atayin bozor tushib, erinmay shuni ko‘tarib kelgan. Chunki ko‘k somsa, bichak Hafizaning jonu dili. Yana bu gal shu ne’matga boshqorong‘u bo‘lgani ham ayon. O‘tgan gal qaynonasi bozordan sotib olib kelgandi. Ular ham mazali ediyu, baribir, o‘z qo‘ling bilan pishirganing boshqacha-da, mehring iyib, bajarasan, shirin chiqadi. Hafiza hayallatmay yumushga sho‘ng‘idi. Bir uyum ko‘katni obdon chayqab, ishqalab yuvib, so‘ng to‘g‘ray ketdi. Piyozlardan sarasini ajratib olib, archdi. Murch, zirani ham hozirladi. Xamirini har galgidek qaynonasi qordi.  

— Ozroq dumbadan qolgan, shuniyam maydalab to‘g‘rab, aralashtirivoring, kelinjon, - buyurdi Gavhar opa ko‘k somsaning «ko‘k»i tayyor bo‘lgach.  

Kechga borib, odatdagidek oila tamaddi uchun yana to‘plandi. Ochil dasturxon ustida har bir xo‘randa oldida alohida taqsimchada hovuri ko‘tarilayotgan  ko‘ksomsa paydo bo‘ldi. Norim aka «Bismillohir rahmoni rahim», deya qo‘lini taomga cho‘zdi. Keyin oilaning boshqa a’zolari takrorlashdi. Shu payt darvoza eshigi daranglab ochilib, Normamatning so‘kingani eshitildi. Hamma tovush kelgan tomonga yuzlandi. Hafiza dik etib o‘rnidan turdi. Azza-bazza qo‘llarini sochiqchaga artib, eriga peshvoz chiqish uchun oldiga shoshildi. U darvozaxonaga yetib ulgurmay,  ro‘parasida Normamat paydo bo‘ldi.   

— Voy, dadasi keldingizmi... 

— Qaysi go‘rda yuribsan, he... — Normamatning zil-zambil kafti Hafizaning bo‘yniga chars etib urildi. Biroq juvon zarbdan o‘zini o‘nglayolmay yoni bilan og‘ib ketdi, boshi devorga urildi. Supadagilar og‘zi og‘zida qolib bu tomonga yugurib kelishganda Hafiza hushidan ketgan edi. 

*** 

Normamat shifokor erkak qabulida xiyol boshini egib o‘tirdi. Uning so‘nggi so‘zini hazm qilolmadi shekilli, ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. 

— Hammasiga o‘zim aybdorman, o‘zim. — to‘ng‘illadi. — Bechoraga zulm qildim, zulm.  

Shifokor indamadi. Unga nafratomuz nigohini sanchib o‘tiraverdi.

Normamat shifokor qabulidan chiqib, navbatchi hamshiraning hay-haylashiga ham qaramay to‘g‘ri xotini yotgan palataga kirib bordi. Ikki bemor uchun mo‘ljallangan xonada Hafiza krovatda shiftga termulib yotgan ekan. U eshik ochilgach, hech kutmagani erining nochor, zabun holda qarshisida paydo bo‘lganidan andak talmovsirab qoldi. O‘rnidan jilib, oyoqlariga shippagini ildi. Normamat kela solib xotinining choyshab tortilgan oyoqlarini quchib olib, yig‘lab yubordi. 

— Men ahmoqni kechir xotin, kechir. Bolani men uvol qildim, men...  

Hafiza lom-mim demadi. Erining yig‘iyu achchiq zardob yutayotgani, poy-patak bo‘layotganini ko‘rib ham bir so‘z deyolmadi. 

Umid ALI.