Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ustoz – qadri buyuk muallim

Bu yil mamlakatimizda O‘qituvchi va murabbiylar kuni har yilgidan o‘zgacha tarzda keng nishonlanmoqda. Barcha hududlarda bayram munosabati bilan ommaviy xalq sayillari uyushtirilmoqda.

Bugun Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida erta tongdan “Ustoz – qadri buyuk muallim” shiori ostida bayram sayli boshlandi.

Viloyatimizdagi ta’lim muassasalari tomonidan kun davomida kasb va mutaxassisliklar ko‘rgazmalari, musiqa va san’at, sport maktablari o‘quvchilari tomonidan madaniy va sport dasturlari namoyish etildi. 

Viloyatning barcha hududlaridan kelgan o‘qituvchilar uchun bayram dasturxoni yozildi.

– Sakson yoshni qarshilayotgan bo‘lsam-da shu paytgacha o‘qituvchilar bayramining bunchalik katta shodiyona bilan nishonlanishini ko‘rmagandim, – deydi faxriy o‘qituvchi, fizika-matematika fanlari nomzodi Keldiyor Gadoyev. – Prezidentimizning bizga yo‘llagan tabrigi ham samimiy dil izhorlariga to‘la ekan. Bugunga sayilda qatnashib o‘zimning 42 yillik o‘qituvchilik faoliyatim, ustozlarim yodimga tushyapti. Qani endi yosh bo‘lib qolsamu yana maktabga qaytib, bolalarga saboq bersam. O‘qituvchi qadr topgan davrda butun mehringni berib ishlaging keladi-da.

“Mo‘’jiza” amfiteatrida o‘tkazilgan tantanali bayram tadbiriga ta’lim sohasi vakillari, fidoyi ustoz va murabbiylar, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini viloyat hokimi E.Turdimov o‘qib eshittirdi.

Tadbir qatnashchilari davlatimiz rahbarining “Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz “O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak” degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz” degan fikrlarini olqishlab qabul qildilar.  

Shundan so‘ng Prezidentimizning bayram munosabati bilan qabul qilingan farmoniga ko‘ra, yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan 9 nafar samarqandlik o‘qituvchi va murabbiylarga orden va medallar tantanali topshirildi.

– 30 yildan buyon Bulung‘ur tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga rus tili va adabiyoti fanidan saboq beraman, – deydi Bulung‘ur tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, “Shuhrat” medali sohibasi Zebiniso Suyarova. – Faoliyatim davomida bir nechta metodik qo‘llanmalar yaratdim. Muhimi, jamiyatda o‘z munosib o‘rnini topgan shogirdlarim juda ko‘p. Kasb bayramimiz arafasida yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lganimdan baxtiyorman. Ozgina mehnatim davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilganidan qalbimda cheksiz faxr va g‘ururni tuydim. Shu bilan birga zimmamga juda katta mas’uliyat yuklanganini his qilyapman.  

Shuningdek, bir guruh ustoz va murabbiylar viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tantanali marosimda samarqandlik va poytaxtdan kelgan elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, badiiy jamoalarning konsert dasturi namoyish etildi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.