Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

YPX xodimiga jahl qilgan haydovchi "Matiz"ini yoqib yubordi

Ijtimoiy tarmoqlarda "Matiz" avtomobilining yo‘l chetida yonayotgan holati ifodalangan videolavha tarqaldi. "Matiz"ni o‘z egasi qasddan yoqib yuborgani aytilmoqda. Bu yuzasidan Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Videolavhada yo‘l chetida yonayotgan "Matiz" atrofida tumonat odam to‘plangani, o‘t o‘chiruvchilarning olovni o‘chirish bilan bandliklarini ko‘rish mumkin. Video ostida qoldirilgan izohlarda esa YPX xodimi bilan murosaga kelolmagan haydovchi o‘z boshqaruvidagi avtomobilni qasddan yoqib yuborganligi haqida bildirilgan.

Toshkent IIBB ma’lum qilishicha, hodisa 2020 yilning 1 yanvar kuni Yangiyo‘lda sodir bo‘lgan. "Matiz" avtomobili shahar dehqon bozori oldidagi to‘xtash ta’qiqlangan joyda to‘xtab turgan. Shahar IIB YHXB xodimlari tomonidan avtomashinaga tegishli hujjatlar so‘ralgan-da, haydovchi ular bilan qo‘pol muomalada bo‘lib, hujjatlari yo‘qligini aytgan.

Xodimlar qonunda belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomobil jarima maydonchasiga olib borilishini aytishgan. Haydovchi esa xodimlarga nisbatan o‘zini g‘ayritabiiy tutib, jahl bilan avtomobilning old kapotini ochgan va unga o‘t qo‘yib voqea joyidan qochgan.

Yong‘in zudlik bilan Yangiyo‘l shahar yong‘in xavfsizlik xizmati tomonidan bartaraf etilgan.

Qo‘shimcha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchining hodisa jarayonida oilaviy mojarolar sababli asabiy holatda bo‘lgani aytiladi. Ayni damda FVV YoXB tomonidan qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.