Kattaqo‘rg‘onda "GAI xodimi" va ayol o‘rtasida tortishuv yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda "GAI xodimi va ayol o‘rtasida tortishuv" sarlavhasi ostidagi videolavha tarqalgandi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot xizmati videolavha yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 21 mart kuni soat 12:10 larda Kattaqo‘rg‘on tumani, Alisher Navoiy ko‘chasi, bozor ro‘parasida YPX xodimlari M.Nurmatov va F.Davronov tomonidan "Vaz-2102" rusumli avtomobil to‘xtatilgan.

Haydovchi me’yoriy hujjatlari ayolida ekanligini ma’lum qilgan. Xodimlar o‘rnatilgan tartib asosida haydovchiga tushuntirish berib, avtomobil jarima maydonchasiga joylanishini aytgan.

Muloqot vaqtida bir ayol kishi bozordan chiqib, ularning oldiga kelgan. Xodimlarga haydovchining hujjatlari unda ekanligini aytib, faqat ko‘rsatishini, lekin taqdim qilmasligini ma’lum qilgan. O‘zaro muloqot nizoli vaziyatga aylanishining oldini olish maqsadida xodimlar ayol kishiga hujjatlarni taqdim qilishini bir necha marotaba so‘ragan. Atrofga fuqarolar to‘planib, nizoli holat yuzaga kelishni boshlagani bois xodimlar haydovchi va yonidagi ayol kishi ketishiga ruxsat bergan.

Videolavhadagi holat yuzasidan hozirda Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.