Ichki ishlar vazirligi Kattaqo‘rg‘on tumanida YPX inspektorlari soliq organi xodimining o‘limiga sabab bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumanida YPX inspektorlarining faoliyati jarayonida fuqaro vafot etganligi borasida yolg‘on yoki noxolis axborot tarqalishini hamda noo‘rin talqinlar va turli mish-mishlarni oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi quyidagilarni bayon qiladi.
Joriy yilning 10 iyunida tungi soat 00:50 larda Kattaqo‘rg‘on tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tumanning “Kadan” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-243 avtomobil yo‘lining Alisher Navoiy va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha tungi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, fuqaro A.A. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport svetoforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgan.
Hududdagi 4R-243 avtomobil yo‘lining 7 kilometriga yetganida “Kobalt” yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan.
Huquqbuzar, xodimlar tomonidan ushlanib, o‘ta mast holatda bo‘lganligi gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilganida, fuqaro A.A. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsata boshlagan.
Shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tkazilgan fuqaro A.A.ning sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay fuqaro A.A. vafot etgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joy Ichki ishlar vazirligi O‘z xizmati boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi ishtirokida tuman prokuraturasi tomonidan ko‘zdan kechirilib, hujjatlashtirilgan.
Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq axborot beriladi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan o‘rganilmagan, yolg‘on va mish-mishlardan iborat ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishlari so‘ralgan.