Samarqandda "GAI" xodimiga pora berishga uringan shaxs qo‘lga olindi
U mashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish uchun 200 AQSh dollari taklif qilgan
2021 yil 30 iyun kuni soat 20:10 da Samarqand shahrining Dahbed ko‘chasidan harakatlanib kelgan “Nexia-2” rusumli avtomashina YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, harakatini davom ettirib, qochib ketgan.
Haydovchi boshqa chorrahada to‘xtatilib, hujjatlari tekshirilganda, haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi, tegishli ruxsatnomasiz avtomashinaning old va yon oynalari tusini o‘zgartirganligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
1 iyul kuni haydovchi YPX inspektorining oldiga kelib, jarima maydonida turgan avtomashinasini chiqarib berish evaziga 200 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qilgan.
Inspektor fuqaroga ushbu harakati noqonuniyligi, pora berish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramasdan, haydovchi ushbu “niyatidan qaytmagan”. YPX inspektori holat yuzasidan viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, bildirgiga asosan, o‘z xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda shahar prokuraturasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, haydovchi YPX inspektoriga 100 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.