«Avtoyo‘l» bilan «GAI»ni qo‘shib yuborish kerak. Toki, yo‘llardagi abgor holatlarga bitta tashkilot javobgar bo‘lsin
Har birimiz ostona hatlab ko‘chaga chiqarkanmiz, yo‘l harakati ishtirokchisiga aylanamiz. Tabiiyki, xonadonimizga sog‘-salomat qaytib kelishimiz qaysidir ma’noda ko‘chalarimizda harakat xavfsizligi qanchalik ta’minlangan, bu boradagi qoidalarga o‘zimiz nechog‘lik amal qilishimiz bilan bog‘liq.
Albatta, mavjud infratuzilma yoki harakat ishtirokchilarining savodxonligi va madaniyati haqida ham uzoq gapirish mumkin. Ammo ayni damdagi qoralamalarimiz biroz boshqa yo‘nalishda...
Viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yilda viloyat bo‘yicha 1154 ta yo‘l-transport hodisalari (YTH) qayd etilgan (2021 yilda bu raqam 1129 ta bo‘lgan).
Shukrki, o‘lim bilan bog‘liq YTHlari 2 taga (280-278), halok bo‘lganlar soni 5 taga (335-330) hamda bolalar ishtirokidagi YTHlari soni 3 taga (236-233), ularda halok bo‘lgan bolalar soni 2 taga (54-52) kamaygan.
Biroq tan jarohati bilan bog‘liq YTHlari 27 taga (849-876), ularda tan jarohati olganlar 118 taga (1003-1181) oshgani kishini mulohaza yuritishga undaydi.
Kuniga 150 dan kam emas
Yo‘l-transport hodisalarining 523 tasi soat 16:00-24:00 gacha vaqt oralig‘ida sodir bo‘lgan. 507 tasi soat 08:00 dan 16:00 gacha, qolganlari 00:00 dan 08:00 gacha bo‘lgan vaqtda qayd qilingan.
Yo‘l-transport hodisalarining 30,6 foizi yoki 362 tasi xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida yuzaga kelgan. Shuningdek, 275 tasi davlat ahamiyatidagi, 353 tasi mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari va 191 tasi shahar, aholi punktlarida sodir bo‘lgan.
Eng ko‘p avtohalokatlar payshanba (200 ta) va seshanba (182 ta) kunlariga to‘g‘ri kelgan. Haftaning hech bir kunida yo‘l-transport hodisalari soni 150 tadan kam bo‘lmagan.
Eng ko‘p qoidabuzarlik tezlik bilan bog‘liq
O‘tgan yili viloyatda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining 537 tasi yoki 45,5 foizi piyodalarni urib yuborishni tashkil qilgan. Shuningdek, 362 tasi to‘qnashuv, 116 tasi velosipedchini urib yuborish, 67 tasi biror to‘siqqa borib urilish, 56 tasi ag‘darilish, 30 tasi turgan transportga borib urilish, 3 tasi ot aravani urib yuborish, 10 tasi boshqa turdagi yo‘l-transport hodisalaridir.
Kelib chiqish sabablariga ko‘ra, eng ko‘p qoidabuzarlik (34,3 foizi) belgilangan tezlikka rioya qilmaslik (406 ta) oqibatida sodir bo‘lgan. Bundan tashqari, 157 ta hodisa qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish, 136 tasi esa oraliq masofani saqlamaslik sabab yuz bergan.
Bundan tashqari, 86 ta yo‘l-transport hodisasi piyodalarning qoidabuzarliklari, 66 tasi piyodalar o‘tish joyida piyodaga yo‘l bermaslik tufayli kelib chiqqan. Shu va o‘tgan yili 18456 ta piyodalar qoidabuzarliklari aniqlangani yo‘l harakati ishtirokchilarining saviyasi va o‘zaro hurmatini ko‘rsatib turibdi.
Choralar ko‘rilyapti...
O‘tgan yili 2021 yilga nisbatan 9229 ta ko‘p, aniqrog‘i, 347 ming 379 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan vakolat doirasida bo‘lgan 357 ming 305 ta ma’muriy bayonnoma bo‘yicha huquqbuzarlardan 61 milliard 128 million so‘m jarima undirilgan.
Bugungi kunda tezlik bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida «Atlas» kompaniyasining 10 ta «Kobalt» va «Neksiya-3» rusumli avtomashinalar imkoniyatlaridan foydalanilmoqda. Ular yordamida o‘tgan yili 395 ming 377 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 100 milliard 405 ming so‘m miqdorida jarima undirilgan.
Mutasaddilarning qayd etishicha, yaqin kunlarda Samarqand shahridagi 14 ta uchastkada 52 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatiladi. Davlat rahbarining tegishli qarori asosida o‘rnatilayotgan bu qurilmalar yo‘l harakati qoidalarining buzilishini aniqlaydi. Ular xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lishi bildirilmoqda.
Ammo bu yangilik aynan qachon amaliyotga kiritilishining aniq muddati yo‘q.
Eski uslub, yangiliklar muddati noma’lum
Viloyat IIB YHXB mas’ullari yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida 2022 yilda viloyat hududidagi avtomobil yo‘llariga 3944 dona yetishmaydigan yo‘l belgilari, 33550 pogonametr 1-toifali muhofazalovchi to‘siqlar va 423 dona yo‘naltiruvchi ustunchalar o‘rnatilib, 5075 dona eskirgan yo‘l belgilari almashtirilganini qayd etmoqda.
Shuningdek, 41 ta joyda yangi piyodalar o‘tish joyi tashkil etilib, 4 ta yangi yer osti piyodalar o‘tish joyi qurilgan. 47 joyga svetofor o‘rnatilgan va viloyat bo‘yicha 42 ta maktab oldida 78 ta sun’iy notekisliklar o‘rnatilgan.
Ko‘rinib turibdiki, tizimda ish uslubi hamon eskicha yuritilmoqda - yetishmaydigan yo‘l belgilari o‘rnatiladi, eskirganlari almashtiriladi...
Elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar sabab shahar ko‘chalarida svetoforlar ishlamayotgani va oqibatda yo‘llarda sun’iy tirbandliklar hosil bo‘layotgani haydovchilarning saviyasizligi bilan baholanyapti. Ammo svetoforlarga quyosh batareyalari o‘rnatish haqidagi taklifimizga «bu borada dastur ishlab chiqilgan», degan javob qaytarildi.
- Unda barcha svetoforlar elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lganda ham faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanishi belgilangan, - deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozov.
- Xo‘sh, qachon?
- ...
Shuningdek, ko‘hna kentdagi svetoforlar elektr energiyasi bo‘lmagan vaqtda to‘xtab qolmasligi uchun akkumulyator qurilmalari o‘rnatilganini bildirdi. Ammo ular qanchaligiga ham to‘xtalmadi.
Mutasaddilar kechirilmaydi, ammo ...
Qayd etilishicha, 82 nafar mas’ul shaxsga yo‘llarni saqlash qoidalarini buzgani hamda yo‘llarning qatnov qismida ta’mirlash ishlari olib borish jarayonida vaqtinchalik yo‘l belgilari va to‘siqlar o‘rnatib, harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rmaganligi uchun ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari (1154 ta) tahliliga asosan viloyat hududidagi avtomobil yo‘llarida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 2022 yilda yo‘l xo‘jaligi tashkilotlariga 53 ta, hududiy hokimliklarga 30 ta taqdimnomalar kiritilgan.
Viloyat IIB YHXBning mazkur ma’lumotidan birgina taqdimnoma ijro qilinganini anglash mumkin. Qolgan mutasaddilar ma’muriy jarima qo‘llash bilan «vaziyatdan chiqish»gan, degan xulosa qilish mumkin. Ammo yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, tegishli infratuzilmani yo‘lga qo‘yish ishlari bajarilmay qolgan.
Taklifimiz bor
Mavjud vaziyatdan – yo‘llarda infratuzilma yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani, harakat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy vositalarni o‘rnatish jadal amalga oshirilmayotgani va buning ortidan halokatlar soni kamaymayotgani bu borada qonunchilikka, balki mavjud tartiblarga o‘zgartish kiritishni taqozo qiladi. Bizningcha, yo‘llarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni ham YHXB tuzilmasiga o‘tkazish zarur. Toki, qaysidir yo‘ldagi amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarida xavfsizlik ta’minlanmay qolmasin yoki keyinchalik yumushlar chala bo‘lmasin.
Shuningdek, yo‘llarda tezlikni o‘lchash va boshqa qoidabuzarliklarni qayd qilish vositalarini o‘rnatish uchun tuman (shahar) hokimliklari bilan emas, hududiy YHXB bilan shartnoma tuzilishi kerak. Chunki yo‘llarda harakat xavfsiz va tartibli bo‘lishidan eng manfaatdor organ ayni shu tuzilma sanaladi. Zamonaviy vositalar o‘rnatilishida ham ularga manfaatdorlik berilsa, bu boradagi ishlar yanada jadallashishi turgan gap.
Umuman, YHXB, sobiq avtoyo‘l va obodonlashtirish boshqarmalarining hududiy yo‘llarga biriktirilgan qismini yagona tashkilotga aylantirish zarur. Bizningcha, yo‘lni qurish, uni jihozlash va harakatni tartibga solish bitta idoraning zimmasida bo‘lishi kerak.
Yoqubjon Marqayev.