“Avtoyo‘l”ning monopoliyasi bekor qilinadi: — Shavkat Mirziyoyev
Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda respublika bo‘yicha mavjud 3 mingga yaqin chorrahada svetoforlarning “yagona egasi” yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi viloyat va tuman markazlaridagi yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari, svetoforlar, yoritgichlar o‘rnatish, yo‘l chiziqlar chizish, piyoda o‘tish joylarini belgilash, umuman yo‘l harakati vositalarini tartibga solishga Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi mas’ul bo‘ladi.
Sohadagi korxonalar hokimliklardan hududiy YXHBlarga o‘tkaziladi. O‘tkazishdan oldin viloyat hokimlariga korxonalarni texnika bilan ta’minlash topshirildi.
Shuningdek, 2023 yil yakuniga qadar ushbu xizmatlar uchun autsorsingga ham yo‘l ochiladi, ya’ni raqobat bo‘ladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga ichki ishlar boshliqlari bilan birga muammoli joylar, “avariya o‘choqlari”dan kelib chiqib, ularni bartaraf etish bo‘yicha oylik va choraklik manzilli dasturlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, yo‘l belgilarini ishlab chiqishda “Avtoyo‘l”ning monopoliyasi bekor qilinadi va ushbu sohaga tadbirkorlar jalb qilinadi.