“Stolbani ham qamashgan” davrda sudlangan sobiq “GAI xodimi” oqlandi
Hamid Rahmatov (ism, familiya shartli) 1982 yil 26 oktyabr kuni Jomboy tumanida tug‘ilgan. U 2011 yil 4 martdan 2014 yil 9 yanvarga qadar qamoqda bo‘lgan. Nega? To‘g‘ri, hozirgi kunda “Jomboy don mahsulotlari” AJda tuzukkina ishi bor. Ammo qaysi aybi uchun u shunday jazoga loyiq topildi?
Oxirgi sud majlisigacha H.Rahmatovni ham shu savollar qiynab kelardi. Aytish mumkinki, u o‘sha – “stolbalar ham qamalgan” davrda panjara ortiga tashlangandi.
Sudning hukmiga ko‘ra, H.Rahmatov 2002 yil avgust oyidan ichki ishlar tizimida, 2006 yil iyul oyidan viloyat IIB YHXB inspektori lavozimida ishlagan. O‘zi bilan birgalikda ishlab kelayotgan Rustam Jo‘rayev bilan jinoiy til biriktirib, 2010 yil noyabr oyining o‘rtalarida fuqaro Xolmurod Obidov boshqaruvidagi, fuqaro Larisa Sattorovaning ixtiyorida bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashinani tezlikni oshirib kelayotganida, ularni “to‘xtash” ishorasiga bo‘ysinmasdan ketganliklari sababli, avtomashina shtab YPX maskanida to‘xtab turganida avtomashinani “Shayman dehqon bozori”dagi avtomashinalar jarima maydonchasiga olib borgan.
Hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan, avtomashinani qo‘yib yuborish uchun 500 000 so‘m pul talab qilgan. L.Sattarova va X.Obidovlardan 60 000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida olgan.
Dastlabki instansiya sudining hukmiga ko‘ra, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Apellyasiya instansiyasida sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Mazkur sud hukmi bilan R.Jo‘rayev ham sudlangan bo‘lib, ishning unga oid qismi kassatsiya instansiyasida ko‘rilib muhokama qilinishi belgilanganligi sababli, apellyasiya instansiyasida muhokama qilinmaydi.
Biroq Sudlov hay’ati quyidagi asoslarga ko‘ra, sud hukmining H.Rahmatovga oid qismini bekor qilib, uni oqlab reabilitatsiya etishni lozim deb topdi. Nega?
Jinoyat protsessual kodeksining 22-moddasida tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shartligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozimligi qayd etilgan.
Apellyasiya instansiyasida so‘roq qilingan sudlanuvchi R.Jo‘rayev 2011 yil 5 mart kuni viloyat IIB YHXBga chaqirtirilib, majlislar zaliga kiritishganligi, majlislar zalida DXX xodimlari ham bo‘lganligi, ular uni va yana ikki kishini o‘zlari bilan viloyat prokuraturasiga olib ketishganligini bildirgan. Viloyat prokuraturasida unga tazyiq o‘tkazib, fuqaro L.Sattarovadan 60.000 so‘m pullarni pora tariqasida olgansizlar deb aytgan. Shundan so‘ng u qamoqqa olingan va DXX binosiga olib borilgan va 2 oy davomida u yerda qolgan. O‘sha vaqtda uni tergov organi “...bu ishni bekor qilib bo‘lmaydi, qamalib ketasan”, deb qo‘rqitganligi sababli, dastlabki tergov va birinchi bosqich sudida 60.000 so‘m olganligi haqida ko‘rsatuvlar bergan. Biroq L.Sattarovani bir marta faqat sudda ko‘rganligini, X.Obidovni umuman ko‘rmaganligi, ulardan pul olmaganligi L.Sattarova tuhmat qilayotganligi haqida ko‘rsatma bergan.
“Poraxo‘rlik jinoyatlari haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda qonun talablariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash haqida” 2014 yil 23 iyundagi Qo‘shma ko‘rsatmaning 8.1 bandida, “...Shuni nazarda tutish lozimki, o‘ziga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxsning arizasi har bir holatda O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22,95-moddalariga asosan sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirilishi, arizachining ko‘rsatmalaridan tashqari, boshqa ob’yektiv dalillar aniqlanmaganida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga, shaxs qamoqqa olinishiga, jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘yilmasin;
- 8.2 bandida, “...Shaxsga ayb e’lon qilishga faqat ob’yektiv dalillar majmuigina asos bo‘lishi mumkinligi, bunda dalillar doirasini pora beruvchi va u bilan bog‘liq shaxslarning ko‘rsatmalari hamda aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari bilan chegaralab qo‘ymasdan, shaxsni ayblash uchun pora predmetining olinishi, qonunlar bilan belgilangan tartibda pochta-telegraf va elektron jo‘natmalari, audio yoki videoyozuvlar, telefon va boshqa moslamalar orqali amalga oshirilgan so‘zlashuvlar aniqlanishi kabi aniq mezonlar bilan asoslantirish shart (jinoyat ustida ushlash holatlari bundan mustasno)”ligi to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.
Dastlabki tergov organi mazkur Qo‘shma ko‘rsatmaning talabiga rioya qilmasdan, faqatgina sudlangan R.Jo‘rayev va guvoh L.Sattarova va X.Obidovlarning ko‘rsatmalariga asoslanib, H.Rahmatovni O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan ayblagan.
Shuningdek, L.Sattarova sudlanuvchilar H.Rahmatov va R.Jo‘rayevlar undan pora olgan vaqti tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilmasdan oradan to‘rt oyga yaqin vaqt o‘tganidan so‘ng boshqa YHXB xodimlari undan pora talab qilib olganligi uchun ushlanganidan so‘ng og‘zaki murojaat qilgan. Birinchi bosqich sudi mazkur holatlarga ham tegishli tartibda baho bermagan.
O‘zbekiston Respublikasi JPKning 82-moddasida, ishni ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborish va ayblov hukmi chiqarish uchun sodir etilgan jinoyatning vaqti, joyi, usuli, isbotlangan bo‘lishi kerak, deb qayd etilgan.
Biroq L.Sattarova va X.Obidovlarning dastlabki tergovdagi ko‘rsatuvlari ishda yig‘ilgan boshqa ob’yektiv dalillar bilan tasdiqlanmagan, masalan, H.Rahmatov va L.Sattarovalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatlar yozib olinmagan, ayblovga qo‘yilgan 60.000 so‘m pullar pora tariqasida qachon olinganligi, ya’ni jinoyat sodir etilgan vaqt aniqlanmagan.
Mazkur ayblov faqatgina taxminlarga va ko‘rsatuvlarga asoslangan. Ishni atroflicha ko‘rib chiqqan sud hay’ati ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining 2011 yil 22 iyundagi hukmining H.Rahmatovga oid qismi bekor qilindi.
U aybsiz deb topilib, oqlandi. Reabilitatsiya qilinishi munosabati bilan unga mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyonni qoplash masalasida da’vo talabi bilan sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.
O‘.MAMADALIYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi o‘rinbosari.