YPX inspektoriga qo‘l ko‘targan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Samarqand shahrining Turkiston ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori “Matiz” rusumli avtomashinani to‘xtatib, haydovchi D.S. dan tegishli hujjatlarini taqdim qilishni so‘raganida, haydovchi hujjatlarni taqdim qilmasligini aytib, unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
Haydovchining og‘zidan spirtli ichimlikning hidi kelib turganligi sababli uni narkolog ko‘rigidan o‘tkazish taklif qilinganida, haydovchi avtomashinadan tushib, to‘satdan YPX inspektorining yuziga urib tan jarohati yetkazgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joy IIV O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari ishtirokida, Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan ko‘zdan kechirilib, hujjatlashtirilgan.
Holat yuzasidan D.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi «a» bandi va 219-moddasi 2-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati ma’lum qildi.