Kuz va qishda xonadonlar va korxona-tashkilotlarda “svet”ning maromida bo‘lishi uchun elektr energiyasi ta’minoti korxonalari qanday tadbirlar qo‘llayapti?

Ayni kunda Samarqandda 40 yildan ortiq xizmat qilayotgan 3 851 ta transformator, shuncha vaqtdan buyon foydalanib kelinayotgan 9 573 kilometrlik 0.4-6-10 kV li elektr uzatish tarmoqlari, 25 yildan ortiq foydalanib kelinayotgan 3 410 ta transformator, 6 968 kilometrlik elektr uzatish tarmoqlari bor. Viloyatda mavjud 565 mingdan ziyod simyog‘ochning 245 mingtasi eski, yog‘och ustunlar. Shundan 60 825 tasi avariya holatida.

2020 yilda viloyatimizdagi 2 ta nimstansiya, 575 kilometr masofadagi elektr uzatish tarmog‘i rekonstruksiya qilindi. Joylarda 306 ta yangi transformator punkti o‘rnatilib, 5079 ta xizmat vazifasini o‘tab bo‘lgan yog‘och ustunlar temir-beton ustunlarga almashtirildi.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari asosida joriy yilning o‘tgan vaqtida 224,8 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 98 ta transformator punkti joriy ta’mirlanib, 4713 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi. E’tiborli jihati, bu temir-beton ustunlarning 1663 tasi xususiy korxonalardan xarid qilingan bo‘lsa, 3050 tasi 2021 yilda jamiyat qoshida qurilgan sexda ishlab chiqarilgan. Joriy yil yana 17 929 ta eski ustunlarni yangisiga almashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 8820 tasi jamiyatga qarashli sexda ishlab chiqariladi.

Shuningdek, yil yakuni qadar 935 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘ini rekonstruksiya qilish, 2801 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i va 854 ta transformator punktini mukammal ta’mirlash, joylarda 211 ta yangi transformator punktini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. 2022-2023 yillarda esa yana 12 ta kuch transformatori hamda yuklama bilan ishlayotgan 29 ta nimstansiyadagi 40 ta transformator katta quvvatlisiga almashtiriladi. Natijada 225 mVt. qo‘shimcha quvvat yaratilib, aholiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining sifati yanada yaxshilanadi.

Bugun oldimizda turgan yana bir dolzarb vazifa — iste’mol qilingan elektr energiyasining hisobini to‘g‘ri yuritish hamda yo‘qotishlarning oldini olish. Ayni maqsadda tizimga raqamlashtirilgan texnologiyalar joriy qilinmoqda.

Jumladan, viloyatimizdagi elektr energiyasi iste’molchilariga jami 825 464 ta zamonaviy ASKUE hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar ularning 775 776 tasi o‘rnatildi. Qolgan 49 688 ta hisoblagich 1 avgustga qadar o‘rnatilishi belgilangan. Bu bir kunda o‘rtacha 1343 dona hisoblagich yangisiga almashtiriladi, degani.

Mazkur islohotning natijasini raqamlarda tahlil qiladigan bo‘lsak, 2018 yilning may oyida 210 315 iste’molchidan bir oyda 35 milliard so‘m to‘lov undirilgan bo‘lsa, joriy yilning may oyida qamrov ikki barobardan ziyodga oshib, 550 352 iste’molchidan 118,6 milliard so‘m undirilgan.

Afsuski, qarzdorlik masalasi haligacha to‘liq yechimini topgani yo‘q. Viloyatimizda elektr energiyasi iste’molidan debitor qarzdorlik yil boshiga nisbatan 62,0 milliard so‘mga ortib, 790,0 milliard so‘mni tashkil qilyapti. Bunda qarzdorlik ko‘rsatkichi asosan yanvar-mart oylarida oshgan bo‘lsa, aprel va may oylarida kamaytirishga erishildi. Xususan, 345 iste’molchining 109,0 milliard so‘mlik debitor qarzdorligini undirish maqsadida sudga da’vo arizalari kiritildi hamda 231 holatda 9,8 milliard so‘mlik hal qiluv qarorlari chiqarildi. Bundan tashqari, tizimga noqonuniy ulanishlarni aniqlash maqsadida 76 marta reyd tadbirlari o‘tkazilib, jarayonda 2176 iste’molchiga nisbatan 16,3 milliard so‘mlik huquqbuzarlik dalolatnomalari tuzildi.

Tizimda o‘z yechimini kutayotgan, yillar davomida to‘planib qolgan muammolar ko‘p. Misol uchun, ayni kunda viloyatimizda 40 yildan ortiq xizmat qilayotgan 3 851 ta transformator, shuncha vaqtdan buyon foydalanib kelinayotgan 9 573 kilometrlik elektr uzatish tarmoqlari, 25 yildan ortiq foydalanib kelinayotgan 3 410 ta transformator va 6 968 kilometrlik 0.4-6-10 kV li elektr uzatish tarmoqlari bor. Viloyatda mavjud 565 mingdan ziyod simyog‘ochning 245 mingtasi eski, yog‘och ustunlar. Shundan 60 825 tasi avariya holatida.

Ushbu kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish oldimizdagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJda bir nechta yo‘nalishlarda manzilli dasturlar ishlab chiqilgan. Ularga asosan 2022-2026 yilgacha 5 202,8 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i va 1798 ta transformator punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, 120 mingdan ortiq temir-beton ustunlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, joriy yilning yakuniga qadar qo‘shimcha manbalarni yaratish hisobiga qurilishi yakunlanmagan ob’yektlarda ishni yakunlash, 119 minga yaqin iste’molchini billing tizimiga ulash ko‘zda tutilgan.

Gulzuhra Saydullayeva,

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ umumiy masalalar bo‘yicha direktori.