Milliy koordinatalar tizimining “0” nuqtasi yaratildi

Kadastr agentligining Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan Samarqand shahri Rasadxona mahallasi Cho‘pon ota tepaligi hududida O‘zbekiston Respublikasi Milliy koordinatalar tizimining boshlang‘ich “0” nuqtasi barpo etildi va geodeziya o‘lchovlari amalga oshirildi.
“0” nuqta 187A tipdagi asosiy punkt va 2 ta 161-op. tipidagi fundamental reperlar (ishchi markaz)dan iborat.
Milliy koordinatalar tizimining “0” nuqtasi – bu butun mamlakat hududidagi xaritalar, geodeziya va kadastr ishlari uchun asosiy boshlang‘ich tayanch nuqta hisoblanadi. Ya’ni:
asosiy koordinatalar markazi sifatida belgilanadi;
Barcha boshqa nuqtalar, joylashuvlar va o‘lchovlar shu nuqtaga nisbatan hisoblanadi;
Xaritalar tuzish, yer maydonlarini aniq o‘lchash, infratuzilma obyektlarini joylashtirishda yagona aniqlik va uyg‘unlikni ta’minlaydi;
Davlat miqyosida yagona koordinatalar tizimini barqaror ishlatishga imkon beradi.
Oddiy qilib aytganda, “0 nuqta” – bu barcha o‘lchovlarning boshlang‘ich manzili, geodeziya va kadastr sohasida asosiy “markaziy kalit nuqta” vazifasini bajaradi.
Ushbu punkt O‘zbekiston Respublikasi hududida koordinatalar tizimlari uchun bosh nuqta vazifasini bajarishi hamda xalqaro koordinatalar tizimi bilan muvofiqlashgan bo‘lishi rejalashtirilgan.