Reaktiv dvigateldan balandroq uvillaydigan tog‘
Tasavvur qiling-a, cho‘qqida turibsizu, shamol sizni oyog‘ingizdan yiqitadi, uning shovqini esa har qanday hayqiriqlarni bosadi. Harorat -40 darajaga tushadi, qor kristallari odam terisini shisha kabi kesishga qodir.
Bu halokat filmidagi sahna emas, balki shamol tezligi soatiga 230 mil (372 km) qayd etilgan AQShning Vashington tog‘idagi oddiy bir kun.
Tornadodan tezroq va reaktiv dvigateldan balandroq
Atigi 1917 metr balandlikdagi Vashington tog‘i “sayyoradagi eng ekstremal ob-havo”si bilan jahon rekordini ushlab turadi. Bu yerda shamollar atmosfera jabhalarining to‘qnashuvi natijasida hosil bo‘ladi: sovuq Arktika havosi issiq Atlantika oqimlari bilan uchrashib, bo‘ronlar voronkasini yaratadi.
Qishda shamol metall tayanchlarni yirtib tashlaydi, antennalarni buzadi, muz esa bir necha metr chuqurlikdagi binolarni qoplab, ularni muz haykallariga aylantiradi.
Nega bu rekord xavfli? Shamol tezligi soatiga 120 kilometr (75 milya)dan yuqori bo‘lsa, odamning oyoqda tura olishi amrimahol. Vashington tog‘ida shamol ikki barobar kuchliroq. Hatto tajribali meteorologlar tashqariga chiqayotganida kabellar bilan binolarga kishanlab bog‘lanadi. Chunki bu yerda shamol chorqirra yog‘och bo‘lagini ko‘tarib, po‘lat plitani o‘q kabi teshib o‘tgani qayd etilgan holatlar ham bo‘lgan.
Qizig‘i, tog‘ jonsiz emas. Cho‘qqida bir necha o‘n yillar davomida bunkerga o‘xshash rasadxona faoliyat yuritib keladi. Olimlar tabiiy muhit hisob-kitoblarini qilgan holda u yerda bir necha haftalab izolyasiyada yashashadi. Ularning asboblari qishda harorat va shamol -75 daraja sovuqlik hissini yaratishini ko‘rsatadi. Bu tashqariga himoya kostyumisiz chiqqan kishining ochiq yuzi yoki qo‘llari bir daqiqada muzlab qolishini anglatadi.
Lekin bu muzli tog‘ning biz bilan qanday aloqasi bor?
Vashingtondan olingan ma’lumotlar aviatsiya va yuk tashish uchun ob-havo prognozlarini yaxshilashga yordam beradi. Bu yerda qutb stansiyalari va kosmik missiyalar uchun materiallar ham sinovdan o‘tkaziladi. Agar texnologiya bu yerda omon qola olsa, demak u Marsda ham omon qoladi.
Asosiy paradoks shundaki, tog‘ yozda o‘zgaradi. Sayyohlar qishda bu joy do‘zaxga o‘xshab ketishiga ishonmay, gullab-yashnagan o‘tloqlar orasidagi yo‘llar bo‘ylab sayr qilishadi.
Sentyabr oyi kelishi bilan osmon qorong‘ulashadi va bu yerda tinchlik vaqtinchalik inoyat ekanligi haqida ogohlantirib, shamol o‘zining azaliy qo‘shig‘ini boshlaydi.
Zamonaviy texnologiyalar - izolyasiyalangan stansiyalar, sun’iy yo‘ldosh aloqalari xavfni kamaytiradi, biroq ular tabiiy ofatlarni yengishga qodir emas. Hozirda ham tog‘ omon qolish chegaralarini o‘rganuvchilar uchun jumboq bo‘lib qolmoqda. Uning rekordi tabiat har doim bizning hoyu-havaslarimizdan kuchliroq ekanligini, hatto texnologiya asrida ham inson shunchaki mehmon bo‘ladigan joylar mavjudligini eslatib turadi.
Tirik qolish uchun esa aslo kurashmaslik, balki bo‘ysunish kerak – qalinroq kiyinib olib, tabiiy ofatlar tinchlanishi kutish lozim.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.