Mushoira: «Manzilimda porlab turgan nur»

Asadulla Shukurov – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tarjimon va jurnalist. Asli Sariosiyo tumanida tug‘ilgan ijodkor Samarqand adabiy muhitida kamol topdi. Ko‘hna kentdagi qator nufuzli gazetalarda ishladi. Hozirda “Noshirlik yog‘dusi” nashriyoti muharriri.
Shoirning “Tong nafasi”, “Taqdir tegirmoni”, “Ashki oshiq”, “Chil bahoru chil xazon”, “Atri vahdat”, “Namozgohi xurshed”, “Osiyoi qismat”, “Gulbo‘sai ishq”, “Bahori maktab”, “Chorbog‘” kabi kitoblari nashr etilgan. Tarjimon sifatida bir qator darsliklar, Erkin Vohidovning hajviy she’rlarini tojik tiliga tarjima qilgan.
Quyida shoirning she’rlaridan namuna o‘qiysiz.
Quyosh namozgohi
Samarqand – bedor-u, uyqusiragan,
Ko‘ko‘par minorin yoqasidan jim
Samoga boqarkan, yangilanardi
Chok bo‘lgan dilida yaralar qadim!
Osmon g‘amga to‘lib yig‘lar, ko‘z yoshi
Minorlar tanidan oqib tushardi.
Go‘yo eslab yig‘lar sarbadorlarin
Osmon, minoraning to‘kilib dardi.
Bemahal uyquga cho‘mgan Samarqand
Yana umid tongin kutar intizor.
Yomg‘irdan – tahorat, qaldiroq – azon,
Quyosh namozgohi erur har minor.
Zaqqum asrlarning zulmati aro
Tarix ko‘rdi minor bo‘lganin boshlar.
Yoddan chiqarmi hech jabru bedodlik,
El ko‘zidan oqqan achchiq ko‘z yoshlar?
Garchi g‘ussalari sig‘mas falakka,
Nega na’ra tortmas minor kecha-kun?
Shuncha salobatu haybati bilan
Davrning chizig‘in kesmaydi nechun?
Vahm
Bu hayotda necha bor o‘ldim,
to‘lgan kabi tubsiz paymonam.
Bu hayotda necha martalab
tor lahadga aylandi xonam.
Dushmanlarning qasdiga ammo
yashayverdim bilmasdan charchoq.
Shuncha alam, shuncha g‘am bilan
shodu xurram bo‘loldim qandoq?!
Goh o‘zimda, goh edim bexud
tiriklikning yo‘llari aro.
Bir necha bor o‘lardim biroq
bandalikni keltirmay bajo!
Qo‘rquvim yo‘q o‘likdan hargiz,
murdavashlar qo‘rqitar meni.
O‘likdillar bilan yashamoq,
aljirashlar qo‘rqitar meni.
Ey ko‘ngil!
Ishq savdosi boshimda manim,
Ketsang, sinar yuragim chil-chil.
Ishonchingni qozonolmadim,
Ey ko‘ngil, ey ko‘ngil, ey ko‘ngil!
Dilimni rom etgan dilbarsan,
Farishtasan chindan, ishongil.
Pariyuzlik bir sumanbarsan,
Ey ko‘ngil, ey ko‘ngil, ey ko‘ngil!
Baxsh etarsan bazmimga surur,
Oramizdan sira o‘tmas qil.
Manzilimda porlab turgan nur,
Ey ko‘ngil, ey ko‘ngil, ey ko‘ngil!
Menga sira qilmagin jafo,
Menga faqat vafodorlik qil.
Yog‘dirarsan jonimga safo,
Ey ko‘ngil, ey ko‘ngil, ey ko‘ngil!
Asadulla Shukurov.