Samarqandda test sinovlari to‘rtta ochiq maydonda va uchta stadionda bo‘ladi

Joriy yil viloyatimizdagi to‘qqizta oliy o‘quv yurtiga o‘qishni davom ettirish maqsadida 139 874 nafar abituriyentdan hujjat qabul qilindi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 26 foizga ko‘p. Ya’ni, bitta talaba o‘rniga 10.86 kishi to‘g‘ri kelmoqda.

Prezidentimiz boshchiligida 6 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida oliy o‘quv yurtlariga qabulni tashkil etish va 2020-2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama etilgandi. Unda Prezidentimiz test sinovlarini abituriyentlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash imkonini beradigan joyda o‘tkazish kerakligini ta’kidlab, pandemiya omilini hisobga olgan holda mas’ul vazirlik va idoralarga test sinovlarini o‘tkazish uchun joylarni puxta tayyorlash vazifasi yuklatilgandi.

Samarqandda kirish imtihonlari to‘rtta ochiq maydonda bo‘lib o‘tadi. Ya’ni, sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari maktabining 4 ta ochiq maydonlarida, “Lokomotiv” futbol stadioni, Sartepadagi 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabi stadioni hamda Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi “Nurafshon” futbol stadionlarida o‘tkaziladi.

Epidemiologik talablarga muvofiq sinovlar ikki smenada o‘tkaziladi. Kuniga 12240 kishi, bir smenada 6120 nafar abituriyent o‘z bilimini sinab ko‘rishadi. Bu esa viloyatda 11 kun ichida imtihonlarni o‘tkazish imkonini beradi. Test sinovlari oldingi yillardagi kabi shaffoflik va xolislik ta’minlangan holda tashkil qilinadi. Abituriyentlarni kiritishda va shaxsini aniqlashda shaxsni identifikatsiyalash vositalari (videofiksatsiya, barmoq izi skaneri)dan foydalaniladi. Jarayonlar videokuzatuv ostida onlayn efirga uzatilgan holda o‘tkaziladi. Abituriyentlar va ularning ota-onalari test sinovlarini telekanallar va test2020.uz sayti orqali onlayn kuzatib borishlari ham mumkin.

Ta’kidlash joizki, sanalar e’lon qilinganidan keyin abituriyentlarga onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tish uchun foydalangan telefon raqamiga SMS shaklida test o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risida ma’lumot yuboriladi.

Hurmatli abituriyentlar! Unutmang, ruxsatnomada ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlari boshlanishidan kamida 1, 1,5 soat oldin pasportingiz hamda ruxsatnomangiz bilan birga test sinovlari o‘tkaziladigan hududga kelishingiz talab etiladi.

Davlat test markazi

Samarqand viloyat bo‘limi.