Favqulodda vaziyatlarni oldini olishda viloyatda fuqarolarga 316 marta yordam ko‘rsatilgan

2021 yilning shu davrigacha yo‘l transport hodisalari, suvda qidiruv ishlari va favqulodda vaziyatlarni oldini olishda fuqarolarga 316 marta yordam ko‘rsatildi. 

Bu haqda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi ma’muriy binosida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan press-turda aytib o‘tildi.

Ushbu ko‘rik-tadbirda suvda qutqaruv guruhlari hamda yong‘inni o‘chirish bo‘yicha jangovar harakatlar paytida operativ va taktik vazifalar uchun mo‘ljallangan uskunalar ko‘rgazmasi hamda qutqaruvchi ish jarayoni namoyish etildi.

- Kasbimiz fidoyilik va mutaxassisdan doimiy professional tayyorgarlikni talab qiladi, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari U.Ahrorov. – Favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni himoya qilish, yong‘in xavfsizligi, shuningdek, suv havzalarida odamlar xavfsizligini ta’minlashda bugun zamonaviy uskunalar muhim ahamiyatga ega. Ammo ba’zida kanallar, tez oqar suvlarda, umuman, suvda qutqarish ishlarida kutilmagan holatlarga ko‘p duch kelamiz.   

Press-turda ishtirokchilar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etish, jabrlangan aholini evakuatsiya qilish, qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni olib borishda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish bo‘yicha tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan ham tanishdi.