Infratuzilma, tabiiy gaz va elektr energiyasi ta’minlanmagan: kechikkan investitsiya loyihalari sababi tahlil qilinmoqda

Joriy yil viloyatimizda davlat va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 787 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish hisobiga 19428 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 2022 yilning dastlabki choragida qiymati 204 milliard so‘mlik 89 ta loyiha ishga tushirildi va 617 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Amalga oshirilgan loyihalarni sohalar kesimida qaraydigan bo‘lsak, sanoatda 80 milliard so‘mlik 22 ta, xizmatlar sohasida 99 milliard so‘mlik 49 ta, qishloq xo‘jaligida 26 milliard so‘mlik 18 ta loyiha ishga tushirildi.
Misol uchun, Urgutdagi “Sam Star Layf” MChJda qiymati 14,7 milliard so‘mlik paypoq ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, Samarqand tumanidagi “Sherzod Fruits Boks” MChJda qiymati 5,3 milliard so‘mlik gofra karton qutilar ishlab chiqarish loyihasi doirasida 14 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Yilning birinchi yarim yilligida 136 ta loyihani ishga tushirish hisobiga 2413 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan.
Investitsiyalar va tashqi savdo sohasida ishlab chiqilgan qisqa va uzoq muddatli strategiyaga muvofiq, kelgusida viloyatda yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutuvchi bir nechta yirik loyihalarni ishga tushirish ustida ishlanmoqda.
Jumladan, Qo‘shrabot tumanida Koreya davlatining “HIBI International Co. Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri 100 million dollar investitsiya hisobiga agrosanoat klasterini tashkil etish va loyiha doirasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar, Nurobod, Narpay va Paxtachi tumanlarida “Kattakurgan Sigma Cement”, “Billur Quartz”, “Platinum Metal Industry” hamda “Asl Oyna” MChJlarda 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga qaratilgan sanoat sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, investitsiya sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda muammo va kamchiliklar ham mavjud. Investitsiya loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlaridan biri loyiha uchun zarur bo‘lgan yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlashdir.
Aksariyat hollarda infratuzilma ob’yektlari bilan o‘z vaqtida ta’minlanmaganligi natijasida investitsiya loyihalari belgilangan muddatda ishga tushmasdan, yaratilishi ko‘zda tutilgan ish o‘rinlari tashkil etilmasdan qolmoqda.
Masalan, Payariq, Past Darg‘om va Urgut tumanlaridagi kichik sanoat zonalarida tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlari bugungi kunga qadar bajarilmaganligi sababli ushbu kichik sanoat zonalarida 455 taga yaqin ish o‘rni tashkil etilmagan.
Xuddi shunday, “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”da muhandislik-kommunikatsiya hamda yo‘l-transport infratuzilmasi yaratib berilmaganligi natijasida ushbu hududlarda investitsiya loyihalari boshlanmasdan qolmoqda.
Oybek Mirzabekov,
viloyat hokimining o‘rinbosari.