MIB: Qarzdorni yashash manzili yaqiniga "Diqqat qidiruv" fotosi joylashtirgach, uni olib tashlash uchun kelganda ushlangan

Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qaroriga asosan qarzdor E.I.dan undiruvchi D.D. foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs anchadan buyon alimentdan qarzini to‘lamagani ortidan qarzi 170 mln. so‘mdan oshib ketgan. Buning ustiga u noma’lum hududda yashirinib kelgan. Shu bois, boshqarmaning qidiruv bo‘limi tomonidan unga nisbatan qidiruv harakatlari olib borilgan.

Tezkor qidiruv tadbirlari davomida, qarzdor E.I. Samarqand shahridagi muqaddam yashagan mahallasi yaqiniga "Diqqat qidiruv" fotosi ilib qo‘yilgach, uni olib tashlashga uringan vaqtda ushlangan.

Qidiruvdagi shaxs o‘z farzandlari ta’minotidan qochganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 47-(4)-moddasi bilan javobgarlikka tortilgan, deyiladi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi xabarida.