Nazir Muhammad Ayad: Moturidiya maktabi bashariyat sivilizatsiyasi, islom tamadduni shakllanishida muhim o‘rin tutadi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Misrning Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Movarounnahrdan yetishib chiqqan allomalarning islom svilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati xabar bermoqda.
Misrning Al-Azhar majmuasi raisi, shayx doktor Ahmad Toyyibning 2018 yilda yurtimizga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Qohiradagi Al-Azhar universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Unda hadis ilmining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan vatandoshimiz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ilmiy merosini o‘rganish, ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan konferensiya, seminar, simpozium, ko‘rgazma va treninglar tashkil etish, ikki muassasa xodimlarining o‘zaro tajriba almashishi va malaka oshirishi uchun keng sharoitlar yaratishda hamkorlik nazarda tutilgan.
Mazkur memorandum ijrosi doirasida tashkil etilgan navbatdagi seminarda Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari instituti hamda xalqaro markaz ilmiy xodimlari, ekspertlar, yurtimizning 50 nafardan ortiq olim va tadqiqotchilari qatnashdi.
– Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar muqaddas dinimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar, – dedi Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari instituti Bosh kotibi Nazir Muhammad Ayad. – Jumladan, Imom Abu Mansur Moturidiy ahli sunna val jamoaning buyuk allomalaridan biri bo‘lib, Alloh taolo islom dinining sof aqidasini shu ulug‘ allomaning ilmi va yaratgan maktabi sharofati bilan muhofaza qilgan. Moturidiya ta’limoti maktabi insoniyat sivilizatsiyasining rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy nafaqat aqida va ilmi kalomda, balki tafsir, fiqh, din asoslari, mantiq va qiyosiy dinshunoslik sohalarida ham ilmiy izlanishlar olib borgan yetuk olim sifatida e’tirof etiladi. “Ta’vilot al-Qur’on” asari tafsir ilmiga oid bo‘lsa-da, uni o‘qigan kishi shar’iy, aqliy va naqliy hamda arab tiliga oid ilmlar jamlanganiga ham guvoh bo‘ladi.
Misrlik olimning aytishicha, moturidiya maktabi shunday sobit va mustahkam ta’limotni yaratdiki, u bashariyat sivilizatsiyasining turli davrlarida, ayniqsa, islom tamaddunining shakllanishi va rivojlanishida g‘oyat muhim o‘rin tutdi. Xususan, bugun islom aqidalarini Imom Moturidiy qalamiga mansub “Ta’vilot al-Qur’on” va “Tavhid” kabi asarlarsiz mukammal tasavvur etib bo‘lmaydi. Allomaning qiyos, misol, mantiq va munozara bobidagi yuksak tafakkuri, turli zid oqimlarga raddiyalari, hatto dahriylar bilan mubohasada muholiflarni ularning o‘z so‘zlari bilan botilga chiqarish san’ati hali–hanuz ko‘plab olimlar uchun nafaqat ilm, balki ulkan hayrat manbai ham bo‘lib kelmoqda.
Seminarda taniqli islomshunos ekspert, Turkiya islom ilmlari akademiyasi rahbari shayx Ahmad Damanhuriy Imom Moturidiy kabi ulamolarning ilmiy merosi va ta’limotini o‘rganmaslik Payg‘ambardan (s.a.v) uzoqlashish bilan barobar ekanani qayd etdi. Zero, bu ulug‘ ulamolar kalomshunoslik, tafsir, hadis va fiqh kabi ilmlarni Rasuli Akramdan (s.a.v) bizga qadar yetkazib kelgan rishta hisoblanadi.
Ahmad Damanhuriy Movarounnahr ulamolarining hayoti va ilmiy merosini o‘rganishda yurtimizda yanada sermahsul tadqiqotlar olib borilishiga ishonch bildirdi.