Orlotlik ayollarga tikish mashinasi tarqatildi

11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Ishtixon tumanining Orlot mahallasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov hamda kasaba uyushmalari xodimlari bilan mahalla aholisi o‘rtasidagi samimiy muloqotda bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topildi.

Xususan, Orlot mahallasida yashovchi Umida Quvondiqova bichish-tikishga bo‘lgan qiziqishi borligi va agar tikuv mashinasi bo‘lsa, oilasiga qo‘shimcha daromad keltirishi mumkinligini bildirdi va shu yerning o‘zida unga tikuv mashinasi sovg‘a qilindi.

Muloqot davomida kasaba uyushma tashkiloti xodimlari xalq orasiga kirib borishi, ularning  hayotiy tashvishlariga sherik bo‘lishi tashkilotning kundalik vazifasiga aylanganini bildirdi. Joylarda xalq bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lish natijasida ko‘plab muammolarning yechimini izlashga va topishga imkon yaratilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida Umida kabi bir necha ayollar ham tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda qiynalayotganliklarini bildirishdi. Kasaba uyushmalari va hokimlik bu muammoga shu yerning o‘zida yechim topdi va 5 nafar chevar xotin-qizga  zamonaviy tikuv mashinasi berildi.

Shuningdek, mahallaning tashvishlari, qishloqdagi tashkiliy jarayonlarda faollik ko‘rsatib kelayotgan fuqarolarga sovg‘alar topshirildi.

Nurilla Shamsiyev.