Qatag‘on qurbonlari yod etildi

Samarqand viloyati Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida Shahidlar xotirasi kuni munosabati bilan “Inson – aziz, xotira – muqaddas” mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ziyolilar, qatag‘on qurbonlarining yaqinlari ishtirok etdi.

– Hozirgi kunga qadar viloyatimizda 4153 nafar qatag‘on qurbonlari aniqlangan bo‘lib, ular haqidagi ma’lumotlar jamlanga holda kitob tayyorlanmoqda, – deydi Samarqand viloyat Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi rahbari M.Muqimov. – Bugungi kunda ham bu borada davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoyishi asosida amaliy ishlar davom etmoqda. Yangi ma’lumotlar, faktlar to‘planmoqda.

Tadbirda 20 nafar qatag‘on qurbonlarining avlodlariga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.