Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand virus tarqalishining cho‘qqisidan o‘tdimi?

Samarqand shahridagi koronavirus xastaligiga gumon qilingan hamda tasdiqlangan bemorlarni davolash uchun mo‘ljallangan markaz faoliyati haqida bir necha bor maqola va suhbatlar berdik. Ammo aholi orasida ushbu markazdagi ahvol va bemorlarga munosabat bo‘yicha savollar to‘xtagani yo‘q. Shularni inobatga olgan holda viloyat taqsimlash markazi bosh shifokori Abdulla ABIYeV bilan suhbatlashdik.

– Markazda koronavirusga gumon qilingan bemorlar ham davolanayotgani haqida ma’lumotlar berilmoqda. Aytingchi, ayni paytda bu yerda davolanayotgan bemorlarning qanchasida ushbu xastalik tasdiqlangan?

– Bugungi kunda davolash va taqsimlash markazida COVID-19 kasalligiga chalingan va shu kasallikka gumon qilingan 600 nafardan ortiq bemor davolanmoqda. Ularni davolashda mutaxassislarga qulay bo‘lishi uchun bemorlarning umumiy ahvoli va qo‘shimcha kasalliklari inobatga olinib, 9 ta sektorga ajratib joylashtirilgan. Masalan, birinchi va ikkinchi sektorga hech qanday surunkali kasalliklari bo‘lmagan, o‘rtacha og‘irlikdagi bemorlar, uchinchi sektorga qandli diabet nuqsoni bo‘lgan, to‘rtinchi sektorga yurak qon-tomir kasalligi bo‘lgan, beshinchi sektorga asab tizimida nuqsoni bo‘lgan bemorlar joylashtirilgan. 7-8-9-sektorlar reanimatsion bloklar bo‘lib, unda bemorlar ahvoli qay darajada og‘irligiga qarab joylashtirilgan.

Davolanib bo‘lgach bemorlar umumiy ahvoliga qarab uyga yoki reabilitatsiya qilish uchun boshqa shifoxonalarga yuboriladi.

Ayni paytda markazga Samarqand shahar, Past Darg‘om, Samarqand, Jomboy, Payariq va Oqdaryo tumanlaridan boshqa hududlarga nisbatdan ko‘proq bemor kelmoqda.

– Xastalikka chalingan bemorlar yaxshi ovqatlanish kerak, degan tushuncha aholi orasida keng tarqaldi. Ammo bu fikrni kuchli ovqatlanish kerak, deb qabul qilib, me’yorni unutayotganlar ko‘p uchramoqda.

– Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga ko‘proq suyuqlik ichish, vitaminga boy va kaloriyali ovqatlardan me’yorida iste’mol qilish tavsiya etiladi.

– Markazga kelayotgan bemorlarning qanchasi og‘ir ahvolda, buning sababi nimada?

– Fuqarolar kasallikni yuqtirgandan so‘ng vaqtida shifokorga murojaat qilmasligi, o‘zlaricha uyda noto‘g‘ri davolanishlari va vrachlar tomonidan buyurilgan davo muolajalarni to‘liq bajarmaganliklari tufayli ko‘pchilik bemorlar og‘ir ahvolda murojaat qilmoqda. Bunday bemorlarni davolash ancha qiyin bo‘lyapti.

– Markazda nechta bemorga bir shifokor va hamshira xizmat ko‘rsatmoqda?

- Ayni kunga qadar markazda har 10 nafar bemorga bir nafar vrach va 12 nafar bemorga bir hamshira to‘g‘ri keladi. Bu albatta, yetarli.

– Aholida markazda davolanayotganlar uchun berilayotgan dori-darmon ta’minotida ba’zida uzilishlar bo‘lyapti ekan, degan fikrlar ham bor. Bu haqda nima deysiz?

– Markazda davolanayotgan bemorlarga kerak bo‘lgan barcha dorilar byudjet mablag‘lari hisobidan bepul beriladi. Dori-darmon ta’minotidan uzilishlar bo‘lgani yo‘q.

– Markazda bemorlar soni keyingi kunlarda oshyaptimi yoki aksincha?

– Keyingi 4-5 kunda bemorlar soni kamaymoqda, shuningdek, davolash samaradorligi oshishi natijasida og‘ir bemorlar soni ham oldingiga nisbatan ancha kam. Bemorlar kelishi va umumiy statistikaga asoslanib aytish mumkinki, Samarqand virus tarqalishining cho‘qqi nuqtasidan o‘tdi. Ammo dunyo tajribasidan ko‘rinib turibdiki, xastalik vaqti-vaqti bilan avj olishi holatlari ham kuzatilmoqda. Shuning uchun virus kelib chiqishi bilan bog‘liq sanitariya qoidalariga e’tiborsiz bo‘lishga haqqimiz yo‘q.

Gulruh Mo‘minova suhbatlashdi.